Xiva xonligidagi siyosiy vaziyat va Yosh xivaliklar faoliyati
1917-yil boshlarida Rossiya markazida yuz bergan voqealar Xiva xonligiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. 1917-yil 5-aprelda Xiva xoni Asfandiyorxon (1910–1918) Yosh xivaliklar partiyasining islohot to‘g‘risidagi manifestiga imzo chekdi. Yosh xivaliklar partiyasi 1914-yil tashkil topgan edi. Manifestda yangi usul maktablari ochilishi, mamlakatda temiryo‘l, pochta, telegraf barpo etilishi zarurligi, davlat xazinasi nazorat ostiga olinishi, barcha amaldorlarning saylanishi va maosh bilan ta’minlanishi, butun aholining shariat oldida tengligi ta’kidlangan edi.
Islohotlar amalga oshirilishini nazorat qilish uchun 30 kishidan iborat Idorayi mashruta tashkil qilindi. 8-aprel kuni mamlakatni boshqarish uchun Xivada xon huzurida qozikalon Bobooxun Salimov boshchiligida Majlis va Husaynbek devonbegi Matmurodov raisligida Nozirlar Sho‘rosi tashkil topdi.

Bu bilan Xiva xonligida qisqa muddatga bo‘lsa ham konstitutsion monarxiya o‘rnatildi. 1917-yil mayda Yosh xivaliklar partiyasi rahbari Polvonniyoz Yusupov boshchiligidagi delegatsiya Muvaqqat hukumat vakillari bilan muzokara o‘tkazish uchun Toshkentga keldi. Biroq Asfandiyorxon Muvaqqat hukumatning Xivadagi vakili general Mirbadalov boshchiligidagi harbiy kuchlarga tayanib, iyun oyida Majlisni tarqatib yubordi. Xon o‘ziga ma’qul kishilardan Ortiq Oxun va Is’hoqxo‘ja Xo‘jayev boshchiligida yangi tarkibdagi Majlis va Nozirlar Sho‘rosini shakllantirdi.

Yosh xivaliklardan shafqatsiz o‘ch olishga kirishildi. Husaynbek Matmurodov boshchiligidagi Majlisning 17 nafar sobiq a’zosi qamoqqa olindi va keyinchalik qatl etildi. 1917-yil noyabrda Asfandiyorxon rus kazaklari yordamida Majlisni butunlay tugatdi. Xonning istibdod tuzumi bilan kurashda mag‘lubiyatga uchragan Yosh xivaliklar mamlakat hududidan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.
Xonlikda vaziyatning keskinlashib borishi
Xiva xonligi mustaqilligiga sovet Rossiyasi tomonidan tashqi xavfni his etgan xon mudofaa choralarini ko‘rishga intildi. Asfandiyorxon tomonidan 1918-yil Junaidxon Xiva xonligi qurolli kuchlari qo‘mondoni qilib tayinlandi. Junaidxonning asl ismi Qurbon Mamed Sardor bo‘lib, u turkmanlarning yovmut urug‘iga mansub bo‘lgan.
Xiva xonligi hududining bir qismida Amudaryo bo‘limi (markazi Petro-Aleksandrovsk, hozirgi To‘rtko‘l) tashkil qilingan bo‘lib, u Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kirgan. Fevral inqilobidan keyin To‘rtko‘lda ham sovet hokimiyati o‘rnatildi. To‘rtko‘lda turgan sovet qo‘mondonligining harbiy kuchlari doimiy ravishda Xiva xonligi hududiga tajovuz solib turdi. Xonga qarshi muxolifatda turgan Yosh xivaliklarning aksariyat qismi ham bu yerdan boshpana topdi. 1918-yil 30-oktyabrda Xivada bo‘lgan saroy fitnasi oqibatida Asfandiyorxon o‘ldirildi. Taxtga marhum xonning katta akasi, zamondoshlarining fikricha, bo‘shang va irodasiz Said Abdullaxon (1918–920) o‘tirdi, hukumat boshlig‘i Davlatmurod mahram bo‘ldi. Biroq yangi xon davlat ishlari bilan shug‘ullanmas edi. Hokimiyat Junaidxon qo‘lida markazlashdi. Junaidxon sovet hokimiyatining ashaddiy dushmani bo‘lgan.
Junaidxon qo‘shinlari 1918-yil noyabrda Amudaryodan o‘tib, To‘rtko‘lga hujum qildi. Qizil askarlarga qarshi keskin janglar bo‘lib, u 1,5 yilcha davom etdi. 1919-yil 9-aprelda Xiva yaqinidagi Taxta qishlog‘ida Junaidxon bilan sovet hokimiyati vakillari o‘rtasida shartnoma imzolandi. Taxta shartnomasi sifatida tarixga kirgan bu bitimda Xiva xonligi mustaqilligi sovet hokimiyati tomonidan tan olindi. Biroq sovet Rossiyasi va Turkistonning bolshevik rahbarlari Xiva xonligidagi barcha muxolif kuchlarni jipslashtirishga zo‘r berib intildi.
Qizil armiya tomonidan Xiva xonligining tugatilishi
1919-yil 4-noyabrda Yosh xivaliklar, To‘rtko‘ldagi inqilobchi kommunistlar guruhi hamda Qo‘shmamedxon Sapiyev va G‘ulomalixon Bahodir boshchiligidagi turkman qabilalari Xiva xoni Said Abdullaxon va turkman yovmutlarining yetakchisi Junaidxonga qarshi kurash boshlash uchun o‘zaro ittifoq tuzib, Xiva shahrini egallash uchun qizil askarlarni yordamga chaqirdi.
Aslini olganda Xivada xon, Buxoroda amir hokimiyatlarining ag‘darilishi obyektiv qaraganda to‘g‘ri hodisa bo‘ldi. Faqat bu hokimiyat ichki kuchlar tomonidan tinch yo‘l bilan emas, balki tashqi kuchlar — sovet Rossiyasi va bolsheviklarning harbiy qismlari tomonidan zo‘ravonlik bilan tugatildi.
Mintaqadagi 2 mustaqil o‘zbek davlati hududiga qizil armiya kiritildi hamda ularni sovetlashtirish jarayoni boshlandi. Shu bilan birga xonliklarda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar chuqur inqirozga uchrab, jamiyatning ilgarilab borishida monarxiya tuzumi jiddiy g‘ovga aylangan edi. Yosh xivaliklar ham, Yosh buxoroliklar ham bolsheviklar va sovet hokimiyati bilan hamkorlik qilishsa-da, Xorazm va Buxoroda demokratik islohotlarni amalga oshirish uchun jiddiy kurashdilar.
Xorazm Xalq Sovet Respublikasining tashkil qilinishi hamda undagi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy o‘zgarishlar
Xiva shahrida 1920-yil 26–30-aprelda bo‘lib o‘tgan Butunxorazm xalq vakillarining I qurultoyida Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR) tuzilganligi e’lon qilindi. XXSR Nozirlar Sho‘rosining raisi qilib Yosh xivaliklar partiyasining rahbari Polvonniyoz Yusupov saylandi. Qurultoyda XXSRning muvaqqat Konstitutsiyasi va dastlabki bayrog‘i qabul qilindi. XXSRning yosh hukumati BXSR, Turkiston ASSR, RSFSR davlatlaridan tashqari Finlyandiya, Shvetsiya, Germaniya, Turkiya, Afg‘oniston, Eron kabi xorijiy davlatlar bilan ham mustaqil ravishda savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalarni olib borishga harakat qilgan. Masalan, 1921-yil 24-noyabrda Afg‘onistonga qozikalon Bobooxun Salimov boshchiligida maxsus elchilik hay’ati jo‘natilgan.

Biroq shartnoma va bitimlarda ko‘rsatilgan asosiy moddalarni, xususan, XXSRning mustaqilligi va daxlsizligi huquqini sovet Rossiyasi tan olmay, doimiy ravishda yosh respublikaning ichki ishlariga qo‘pol ravishda aralashib turdi, xuddi BXSRda bo‘lgani singari Xorazmda ham katta miqdordagi qizil askarlarni saqlab, bu harbiy kuchlar orqali mamlakatni o‘zi boshqarishga intildi. 1921-yil 6-mart kuni Xorazmda qizil askarlar uyushtirgan harbiy davlat to‘ntarishidan keyin P. Yusupov hukumati ham ag‘darib tashlandi.
Hukumatning sobiq raisi yashirinishga ulgurdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay u qamoqqa olindi. Bolsheviklar ko‘plab nozirlarni otib tashlashdi. Tirik qolgan ayrim nozirlar Junaidxon safiga borib qo‘shildi. Umuman olganda, XXSR mavjud bo‘lgan qariyb 5 yil davomida bolsheviklar tomonidan XXSR MIK raislari va hukumat boshliqlarining har biri 10 martadan o‘zgartirildi. Xorazmda o‘tkazilgan bunday davlat to‘ntarishlari oqibatida o‘zbek xalqining ko‘plab asl farzandlari qatag‘on qilindi.
XXSRda iqtisodiy siyosat va xo‘jalik sohasidagi islohotlar ziddiyatli tarzda kechdi. Soliqning og‘ir yuki savdogarlar, sudxo‘rlar va yirik yer egalarining zimmasiga to‘g‘ri keldi. Qishloq xo‘jaligida 1922-yil dekabrda yagona soliq tizimi joriy qilindi. 1923-yil iyunda hunarmandchilik va sanoat sohasidagi soliqlar ham bir tizimga solinib, davlat sanoat solig‘i joriy qilindi. XXSR hukumati madaniy-ma’rifiy va sog‘liqni saqlash ishlariga ham katta e’tibor qaratdi. 1920-yil bahorida respublikada yangi tipdagi maktablar tashkil qilina boshlandi. 1921-yil sentyabrda Xivada ochilgan xalq dorilfununi respublika madaniy hayotida katta voqea bo‘ldi.
1923-yil 17–20-oktyabrda bo‘lgan Butunxorazm xalq vakillarining IV qurultoyi XXSRni Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi (XSSR)ga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qabul qilingan yangi Konstitutsiya mamlakatning sotsialistik qurilish yo‘liga o‘tishini qonun yo‘li bilan mustahkamladi. Mavjud yerlar umumxalq mulki deb e’lon qilinib, barcha vaqf mulklari maorif nozirligi ixtiyoriga berildi. Qozixonalar faoliyati taqiqlanib, sovet sudlari tashkil qilindi. Shu tarzda 1923-yil oktyabr oyidan boshlab Xorazmdagi demokratik o‘zgarishlarga chek qo‘yildi. Xorazmni sovetlashtirish jarayoni o‘zining yuqori bosqichiga ko‘tarildi.
Hukumatning keskin yangi siyosatidan norozi bo‘lgan barcha kishilar bunday vaziyatda istiqlolchilar safini to‘ldirdilar. Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat Xorazm vohasiga ham keng tarqalgan edi. Xullas, 1924-yil oxirida Markaz tomonidan mustaqil davlatlar bo‘lgan XXSR va BXSR tugatilib, mintaqada o‘zbek xalqi davlatchiligi shakllangan ikki tarixiy markaz yo‘qotildi.
Bolsheviklar bu bilan o‘zbek xalqining asrlar davomida shakllangan muhim siyosiy, iqtisodiy, tarixiy va madaniy markazlari bo‘lgan Buxoro va Xorazmga jiddiy zarba berishdi.