Turkiston o‘lkasida sovet hokimiyati boshqaruv tizimining tuzilishi va iqtisodiyot sohasidagi o‘zgarishlar


Bolsheviklarning o‘lkada yuritgan siyosati hamda Turkiston ASSR va Turkiston Kompartiyasining tashkil topishi

Bolsheviklar va so‘l eserlar musulmon aholining o‘lkani boshqarishga bo‘lgan qonuniy huquqini inkor qilib, hokimiyat to‘g‘risidagi masalani kelishib hal qilish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi va shu bilan Turkiston siyosiy hayotida milliy va demokratik kuchlarning kelgusida muxolifatga o‘tishini oldindan muqarrar qilib qo‘ydi. Markazdagi bolsheviklar rahbarlik qilgan sovet hokimiyati chekka o‘lkalar, shu jumladan, Turkistonda ham “sovet avtonomiyasi” o‘rnatishga qattiq kirishdi. Bu ishni bajarish uchun sovet Rossiyasi poytaxti Moskvadan ko‘plab partiya va sovet xodimlari Turkiston o‘lkasiga yuborildi. Sovet hukumatining rahbari V. I. Leninning buyrug‘i bilan bolshevik Pyotr Kobozev O‘rta Osiyoning favqulodda komissari qilib jo‘natildi.


1918-yil 20-aprel–1-mayda Toshkentda Turkiston ishchi, soldat, xristian, musulmon va dehqon deputatlarining V o‘lka syezdi bo‘lib o‘tdi. Syezd deputatlari sovet Rossiyasi hukumati rahbarlari V. I. Lenin va I. V. Stalin ko‘rsatmasi asosida 30-aprelda “Rossiya Sovet federatsiyasining Turkiston Sovet Respublikasi haqidagi Nizom”ni qabul qildi. Ushbu nizom RSFSR tarkibida Turkistonda avtonom respublika – Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (Turkiston ASSR) tuzilganligini e’lon qildi. Syezdda Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Komiteti tuzildi va Turkiston ASSR Xalq Komissarlari Sovetining yangi tarkibi tasdiqlandi.


1918-yil 17–25-iyunda Toshkentda Turkiston bolshevistik tashkilotlarining tashkiliy o‘lka syezdi bo‘lib o‘tib, unda Rossiya Kommunistik partiyasi (RKP)ning tarkibiy qismi bo‘lgan Turkiston Kommunistik partiyasi (TKP) tashkiliy jihatdan rasmiylashtirildi. Syezdda Ivan Tobolin raisligida 7 kishidan iborat Markaziy Komitet saylandi. TKP MK tarkibiga mahalliy kommunistlardan Nizomiddin Xo‘jayev ham kiritildi. Respublika siyosiy hayotida Turkiston Kommunistik partiyasi yetakchilik mavqeyini egalladi.

Markaz vakolatli organlarining Turkistondagi faoliyati hamda ularga qarshi milliy kommunistlar va Musulmonlar byurosining kurashi

Markaz o‘z siyosatini amalga oshirish uchun maxsus komissiyalar va byurolar (Turkkomissiya, Turkbyuro, O‘rta Osiyo byurosi va b.) tashkil qilib, ularni Toshkentga jo‘natdi hamda ushbu vakolatli organlari orqali Turkiston ASSRni boshqarishga harakat qildi. Markazning bunday shovinistik va mustamlakachilik siyosatiga qarshi milliy kommunistlar va Musulmonlar byurosi faol kurash olib bordi.

Turor Risqulov


1919-yil mart oyida Turkiston Kommunistik partiyasining II konferensiyasida RKP (b) o‘lka Musulmonlar byurosi (Musbyuro) tashkil qilindi. Musulmonlar byurosi tarkibiga T. Risqulov (rais), N. Xo‘jayev, A. Muhitdinov, Y. Ibragimov, Yu. Aliyev va boshqalar kiritildi. Musulmonlar byurosi o‘z saflarida milliy kommunistlar va ayrim jadidlarni birlashtirib, sovet rejimining mustamlakachilik siyosatini tanqid qildi.


Uning faoliyatida Munavvarqori va Abdulla Avloniy ham ishtirok etishdi. Turkistondagi yetakchilari inqiroz va tanglikdan qutulish uchun o‘lkaning mustaqil hayot yo‘liga chiqishi dasturini ilgari surdilar. 1920-yil yanvarda Turkiston ASSR MIK raisi, o‘lka Musulmonlar byurosi raisi T. Risqulov Turkiston Sovet Respublikasi nomini o‘zgartirib, uni Turk Respublikasi deb atash, yagona kommunistik partiya — Turkiston turkiy xalqlarining kommunistik partiyasini (qisqacha Turk partiyasi) tuzish taklifi bilan chiqdi.

Munavvarqori


T. Risqulov bu bilan cheklanmasdan Turkiston ASSR Konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqish, musulmonlarning alohida armiyasini tuzish va qizil armiyaning musulmon bo‘lmagan barcha qismlarini Turkiston hududidan olib chiqib ketish, hatto Turkiston komissiyasi (Turkkomissiya) va Turkiston fronti (Turkfront)ni tugatish masalalarini ham kun tartibiga keskin ravishda qo‘ygan edi. T. Risqulovning Turkistonni mustaqillik tomon olib boruvchi ushbu fikrlariga Turkiston fronti qo‘mondoni M. V. Frunze va sovet hukumati rahbari V. I. Lenin keskin qarshi chiqishgach, bular amalga oshmadi. 1920-yilning yozida T. Risqulov o‘z vazifasidan ozod qilinib, Moskvaga ishga chaqirib olindi. Biroq tub xalqlarning manfaatlarini himoya qilish, Turkiston mustaqilligi uchun oshkora va pinhona harakatlar muttasil davom etaverdi.

Fitrat


Turkistondagi ocharchilik va uning oqibatlari

Turkistonda 1917-yilning qishida boshlangan ocharchilik bolsheviklarning qattol siyosati natijasida tobora kuchayib borgan. 1918-yil 20-noyabrda Turkiston ASSRda T. Risqulov raisligida ocharchilikka qarshi kurash Markaziy komissiyasi tuzilgan. Biroq komissiya ixtiyoriga sovet hukumati tomonidan tegishli miqdorda mablag‘ ajratilmagan. Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, Farg‘ona vodiysida 1917–1923-yillarda ocharchilik natijasida 1 mln kishi, Samarqand viloyatida 200 000 kishi o‘lib ketgan. Biroq dahshatli ocharchilik va og‘ir iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayotgan Turkiston o‘lkasidan Markazga oziq-ovqat mahsulotlarini olib chiqib ketish tobora kuchaydi. 1920-yilda tashib ketilayotgan non mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat turlarining miqdori bir necha marta ko‘paygan. 1921–1922-yillarda Turkistondan Rossiyaga 4,4 mln pud g‘alla jo‘natilgan.


O‘sha paytda don yetishtirishga ixtisoslashmagan Turkiston qishloq xo‘jaligi uchun bu katta miqdordagi hosil hisoblangan. Xalq ochlikdan qirilayotgan bir mahalda Turkistondagi ayrim oziq-ovqat zaxiralari bolsheviklar tomonidan frontda harbiy maqsadlar uchun foydalanilgan.

“Harbiy kommunizm”dan yangi iqtisodiy siyosatga o‘tilishi

Bolsheviklar sovet hokimiyatining dastlabki davri (1918–1920)da yuritgan siyosati “harbiy kommunizm” deb nomlangan. Uning mohiyati quyidagicha bo‘lgan: Butun sanoat ishlab chiqarishi davlat qo‘lida jamlanib, qattiq markazlashtirish asosida boshqarilgan; dehqonlar o‘zi yetishtirgan mahsulotning ortiqchasini davlatga topshirgan (oziq-ovqat razvyorstkasi, ya’ni taqsimoti); davlat esa oziq-ovqat va sanoat mahsulotlarini taqsimlashni o‘z qo‘liga olgan; bozor yo‘qotilib pul muomalasi natura (mahsulotlar) bilan almashtirildi; mehnatga yaroqli barcha aholi majburiy mehnatga jalb qilindi (mehnat militarizatsiyasi) va b.


“Harbiy kommunizm” siyosati o‘z mohiyatiga ko‘ra xalqqa qarshi qaratilgan bo‘lib, sotsializm qurish usuli sifatida mutlaqo yaroqsiz edi. Sovet hokimiyati Turkistondagi barcha fabrika-zavodlarni o‘z egalari qo‘lidan tortib olib, undan avvalo mudofaaga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalandi.
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan jamiyatlar tarqatib yuborildi. Yirik va o‘rta sanoat korxonalari bilan birgalikda banklar, temiryo‘l transporti, bosmaxonalar davlat hisobiga o‘tkazildi. Xususiy mulk egalari tekinxo‘rlar deb e’lon qilinib, fuqarolik huquqlaridan mahrum etildi. Bozor munosabatlari rad etildi.


Og‘ir iqtisodiy vaziyat, jumladan, Turkistondagi ahvol iqtisodiyot tarmoqlarida, uni boshqarishda tub o‘zgarishlar yasash zarurligini ko‘rsatdi. 1921-yil ko‘klamiga kelib mamlakatning iqtisodiy munosabatlarida keskin o‘zgarishlar o‘tkazish zarurligi ravshan bo‘lib qoldi. RKP (b) X syezdi (1921-yil mart) oziq-ovqat razvyorstkasini oziq-ovqat solig‘i bilan almashtirish to‘g‘risidagi qarori bilan bu ish boshlanib ketdi. Yangi iqtisodiy siyosat (NEP) degan yangi yo‘lning mohiyati shundan iborat edi. Turkiston ASSRda yangi iqtisodiy siyosatga o‘tish Turkiston Kompartiyasi VI syezdida (1921-yil avgust) siyosiy jihatdan asoslab berildi va shundan so‘ngra Turkiston ASSR Sovetlari X syezdi qarori bilan rasmiylashtirildi. NEPning asosi iqtisodiyot, xalq xo‘jaligiga rahbarlik qilishning harbiy-kommunistik usullaridan voz kechish, ishlab chiqaruvchiga, avvalo dehqonlarga bir qadar erkinlik berishdan iborat edi.


O‘rta Osiyoda yer-suv islohoti birinchi bosqichining amalga oshirilishi

Sovet hokimiyati tomonidan xususiy mulkni tugatish maqsadida O‘rta Osiyoda yer-suv islohoti amalga oshirildi. U ikki bosqichdan iborat bo‘lib, 1921–1922-yillarda Turkiston ASSR va Qozog‘iston ASSRda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar birinchi bosqichni tashkil qiladi. Islohotni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish 1921-yil bahorida boshlanib, u dastlab Yettisuv, Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand viloyatlarida amalga oshirildi. Yer-suv islohoti boy-quloq xo‘jaliklarini tugatish va ko‘chmanchi aholini o‘troq holatga o‘tkazish; katta yer egaligini yo‘qotib, yerlarni yersiz va kam yerli dehqonlar, batraklar, chorikorlar o‘rtasida mehnat normalari bo‘yicha taqsimlash; Rossiya imperiyasi mustamlakachilik siyosatining ayrim sarqitlarini tugatishga qaratilgan edi.


Vaqf yerlari ham islohot jarayonida tortib olina boshlandi. Terrorga uchragan islohot qurbonlari qattiq qarshilik ko‘rsatishdi. Turkiston ASSRda mulkdor dehqonlarning sovet hokimiyatiga qarshi ko‘plab ommaviy g‘alayonlari va isyonlari bo‘lib o‘tib, ayrim hollarda u qo‘zg‘olon darajasiga o‘sib chiqqan.
Islohot qishloqdagi siyosiy vaziyatni jiddiy ravishda keskinlashtirdi. Islohotning birinchi bosqichida yer tuzish jamg‘armasiga 1722626 desyatina yer qo‘shildi. Biroq sovet hokimiyati tomonidan ana shu resurslardan mahalliy aholiga faqat 600000 desyatina yer ekin ekish va yaylovlar uchun ajratildi.
Sovet hokimiyati yirik boylar va zamindorlardan tortib olingan yerlar hisobiga dastlabki qishloq xo‘jalik shirkatlari, kommunalar, sovxozlar (davlat xo‘jaliklari) tashkil qilishga kirishdi. Biroq ularda mehnat unumdorligi past bo‘lib, moddiy rag‘batlantirish va ta’minot yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan edi.


Pud — 16,38 kg ga teng og‘irlik o‘lchov birligi.


Desyatina — (ruscha desyat — o‘n) metrik sistema qabul etilgunga qadar Rossiyada qo‘llangan, 1,09 gektarga teng yer maydoni o‘lchovi.