Mustaqillik – Turkiston xalqlarining asriy orzusi
Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, bizning ota-bobolarimiz asrlar davomida o‘z oilalari, muqaddas tuproqlari, diniy e’tiqodlari, urf-odatlari va an’analariga sodiq qolishni ulug‘ ish deb hisoblashgan. Bu daxlsiz urf-odatlarning buzilmasligi uchun o‘zbek xalqining ming-minglab sodiq o‘g‘lonlari o‘z hayotlarini qurbon qilganlar, yurt mustaqilligi uchun bo‘lgan janglarda shahid ketganlar. Turkiston mintaqasi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan vaqtdan beri to‘xtamagan milliy ozodlik harakati xalqning milliy o‘zligini anglashida, o‘z Vatani va millatining ozodligi va mustaqilligi uchun uning vatanparvarlik intilishlarini mustahkamlashda ulkan ta’sir ko‘rsatdi. Ma’lumki, Turkiston jadidlari islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishni, taraqqiyot va rivojlanishga faqat tinchlik yo‘li bilan, parlament orqali erishishni mo‘ljallagan edilar.
Biroq 1917-yildagi voqealar jarayoni, jadidchilik harakatining yirik nazariyotchisi Abdurauf Fitrat o‘sha paytda yozganidek, “Rusiyada bosh ko‘targan yangi bir balo – bolshevik balosi” kuchlar nisbatini butunlay o‘zgartirib yubordi. O‘zbek xalqining boshqa bir fidoyi farzandi Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan o‘rtaga tashlangan “Haq olinur, berilmas!” shiori butun millatning jangovar chaqirig‘iga aylandi. Mustaqillik va ozodlik uchun, Turkistonda muxtoriyat o‘rnatish uchun parlament yo‘li orqali kurashgan Turkiston taraqqiyparvarlari va jadidlarining faoliyati oradan 100 yildan ortiq vaqt o‘tgan bugungi kunda ham diqqatga sazovor hodisa sanaladi.
Fevral inqilobi va uning Turkiston o‘lkasiga ta’siri
Insoniyat tarixida shunday voqealar bo‘ladiki, ular butun-butun davlatlar va mamlakatlarda yashovchi yuzlab xalqlarning keyingi taqdirini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Ana shunday voqealardan biri 1917-yil 27-fevralda (yangi hisob bilan 12-martda) bo‘lgan Rossiyadagi Fevral inqilobidir. Rossiya imperiyasi poytaxti Petrogradda bu paytda mitinglar va qo‘zg‘olonlar boshlanib, u Fevral inqilobi g‘alabasi bilan yakunlandi. Fevral inqilobi Rossiya imperiyasi hududida samoderjaviyega barham berdi, imperator (podsho)ning cheksiz hukmronligi tugadi. Rossiya imperatori Nikolay II o‘z ixtiyori bilan 2-mart kuni taxtdan voz kechdi. Petrogradda Davlat dumasining Muvaqqat komiteti tuzildi. Ishchi va soldat deputatlari Soveti saylandi. 1-mart kuni Moskvada, mart oyida butun mamlakatda yangi hokimiyat o‘rnatildi. Rossiyadagi Muvaqqat hukumatga Georgiy Lvov (1917-yil mart–iyul) va Aleksandr Kerenskiy (1917-yil iyul–oktyabr) boshchilik qilishdi.
Fevral inqilobi Turkiston o‘lkasi musulmon aholisini siyosiy jihatdan uyg‘otishda, demokratik o‘zgarishlarga boshchilik qilmoqchi bo‘lgan yangi kuchlarning siyosat maydoniga chiqishida muhim ahamiyat kasb etdi. Jadidlar vujudga kelayotgan milliy demokratik kuchlarning o‘zagi bo‘lishdi. Ular mintaqa tub xalqlarining taraqqiyot va mustaqillik to‘g‘risidagi o‘z g‘oyalarini Fevral inqilobi g‘oyalari bilan bog‘lab, o‘zlari e’lon qilgan tamoyillarni amalga oshirishga faol kirishdilar.
Rossiya Muvaqqat hukumatining Turkiston komiteti faoliyati
Toshkentda 1917-yil 2-mart kuni ishchi deputatlari Soveti (Toshkent Soveti) tuzilgan edi. Muvaqqat hukumat o‘rnatilgach, Turkiston o‘lkasi general-gubernatori va Turkiston harbiy okrugi qo‘mondoni general A. N. Kuropatkin va uning yordamchilari lavozimlaridan chetlashtirilib, 31-martda uy qamog‘iga tashlangan edi. Muvaqqat hukumat tomonidan 1917-yil 7-aprelda Turkiston o‘lkasini boshqarish uchun 9 kishidan iborat Turkiston komiteti tuzildi va Toshkentda faoliyat ko‘rsatdi.
Turkiston komitetiga kadetlar partiyasi vakili Nikolay Shchepkin va eserlar partiyasidan Vladimir Nakivkin raislik qilishdi. Uning tarkibiga yevropaliklardan tashqari turkiy xalqlar vakillaridan Muhammadjon Tinishboyev, Alixon Bukeyxonov, Sadri Maqsudiy, Abdul Aziz Davletshin ham kirgan edi. Biroq ularning deyarli barchasi Turkistondagi mahalliy sharoitni yaxshi bilmas, buning ustiga kuchsiz siyosatchi edilar. Aslini olganda, Muvaqqat hukumat Turkiston o‘lkasi general-gubernatorligini Turkiston komitetiga almashtirish bilan mustamlakachilikdan iborat o‘lka boshqaruvini mohiyat e’tibori bilan avvalgicha qoldirdi, faqat uning nomini o‘zgartirdi, xolos. Bu holat, albatta, sezilmasdan qolmadi va turli holatlarni keltirib chiqardi. Tez orada Turkiston komiteti bilan mahalliy, siyosiy va jamoat tashkilotlari hamda sovetlar (Toshsovet) o‘rtasida turli qarama-qarshiliklar vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.
Butunturkiston musulmonlari qurultoylari hamda “Sho‘roi Islomiya” va “Sho‘roi Ulamo” tashkilotlarining faoliyati. 1917-yil 14-martda Toshkent shahrida Turkiston taraqqiyparvarlarining ijtimoiy-siyosiy tashkiloti bo‘lgan “Sho‘roi Islomiya” (“Islom kengashi”) tuzildi. Tashkilotga dastlab Abdulvohidqori Abduraufqori o‘g‘li, keyinchalik Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev (Ubaydulla Xo‘jayev) rais qilib saylangan. “Sho‘roi Islomiya” faoliyatida Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mustafo Cho‘qay, Ahmad Zaki Validiy, Islom Sulton Shoahmedov, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov kabi shaxslar muhim rol o‘ynashgan. 1917-yil 16–23-aprelda Toshkent shahrida tashkilot tashabbusi bilan Butunturkiston musulmonlarining I qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Tarixda ilk marta Butunturkiston miqyosida musulmonlar qurultoyi chaqirilib, unda tub xalqlarning muxtoriyat tomon qat’iy intilishi, o‘z an’analari, urf-odatlari va turmush tarzini izchil himoya qilishi aytildi. Unda Turkiston musulmonlarining Milliy Markazi — Turkiston o‘lka musulmonlar kengashi (Kraymussovet) tashkil qilindi. Mustafo Cho‘qay unga rais, Munavvarqori Abdurashidxonov va Ahmad Zaki Validiy kotiblar bo‘lishdi. Qurultoyda qabul qilingan tashkilot dasturida o‘lka musulmonlari orasida islohotlar o‘tkazish g‘oyalarini tarqatish, mintaqadagi barcha musulmonlarni yagona maslak va fikr asosida birlashtirib, Turkistonga muxtoriyat maqomini berish uchun kurash vazifasi qo‘yilgan. 1917-yil aprel oyidayoq tashkilotning Samarqand, Qo‘qon, Namangan,
Andijon, Marg‘ilon, Skobelev (Farg‘ona), Marv, Turkiston, Oqmachit (Qizilo‘rda), O‘sh va boshqa shaharlarda shu’balari tuzilgan. Toshkentda “Sho‘roi islom” nomli gazeta ham chiqarilgan.

Biroq taraqqiyparvar ziyolilar (jadidlar) bilan eskilik tarafdorlari bo‘lgan ayrim ulamolar (qadimchilar) o‘rtasidagi kelishmovchiliklar “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti safida bo‘linish yuz berishiga olib keldi. 1917-yil iyunda tashkilotdan bir guruh ulamolar ajralib chiqib, Qo‘qon va Toshkentda yangi jamiyat — “Sho‘roi Ulamo”ga asos solishdi. Jamiyatning Toshkent, Qo‘qon, Samarqand, Namangan shaharlaridagi shu’balari faol ish olib borgan. Toshkent shu’basiga Sherali Lapin rahbarlik qilgan. Jamiyatning eng yirik Qo‘qon shu’basiga Mulla Muhiddinxon, Mulla Ulug‘xon To‘rayev rais bo‘lishgan. Jamiyat dasturi va nizomiga ko‘ra, ichki siyosiy tuzilmada shariat qonunlariga qat’iy rioya qilish, milliy-diniy qadriyatlarni yuksaltirishga da’vat etilgan va madrasalarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash aytilgan. “Sho‘roi Ulamo” tomonidan “al-Izoh” va “al-Isloh” jurnallari nashr qilingan.
Ulamochilar tashabbusi bilan 1917-yil sentyabrda Toshkentda Turkiston va Qozog‘iston musulmonlari qurultoyi o‘tkazilgan. Unda ulamochilar va sho‘roi islomchilar o‘zaro birlashib, “Ittifoqi muslimin” siyosiy partiyasini tuzdilar (1918-yil may oyida bolsheviklar tomonidan “Sho‘roi Islomiya” va “Sho‘roi Ulamo” tashkilotlari tugatildi). Biroq jadidlar va ulamolar o‘rtasidagi ziddiyat va g‘oyaviy kurash tobora keskin tus olgan. Bu holat mintaqadagi boshqa siyosiy kuch — bolsheviklar va so‘l eserlar partiyalari vakillariga qo‘l kelgan.
Muxtoriyat — biron-bir hududning davlat hokimiyatini mustaqil amalga oshirish huquqi.
Kadetlar — “konstitutsion demokratlar” birikmasining bosh harflaridan olingan. Rossiyada 1905-yilda tashkil topgan, konstitutsion-demokratik partiya deb ataluvchi partiyaning a’zolari.
Eserlar — S (es) – sotsial, R (er) – revolyutsion (inqilobiy), ya’ni, sotsial revolyutsionerlar nomidan olingan bo‘lib, ular sovetlar ichida dehqonlar manfaatini himoya qiluvchi guruh bo‘lgan.
Bolshevik — (ruscha bolshoy, bolshe – katta; ko‘p) Rossiya sotsial- demokratik ishchi partiyasining 1903-yil II syezdida partiya a’zolarining ko‘pchiligi asosida tashkil topgan guruhi bolsheviklar, kamchiligi esa mensheviklarga ajraldi.
Shu’ba — qism, tarmoq.