Turkiston Muxtoriyati – tub yerli xalqlar davlatchiligi tarixida yangi bosqich


Turkiston Muxtoriyati hukumatining tashkil topishi va faoliyati

1917-yil 26–28-noyabrda Qo‘qon shahrida Butun Turkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Turkistonni boshqarish shakli to‘g‘risidagi masala qurultoyning diqqat markazida turdi. Bu masala muhokamasida so‘zga chiqqanlarning ko‘pchiligi Turkistonning muxtor respublika deb e’lon qilinishi o‘lka aholisining ijtimoiy maqsadlaridan kelib chiqqani va unga mos tushishini uqtirdi. Muxtoriyat va mustaqillik e’lon qilish fikrini hamma qo‘llab-quvvatladi.


Qurultoyda 27-noyabr kuni kechqurun qabul qilingan qarorda shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilob da’vat etgan xalqlarning o‘z huquqlarini o‘zlari belgilashi xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis Majlisiga havola etadi”. Qurultoy Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qildi. 28-noyabrda tarkib topayotgan mazkur hukumatning nomi aniqlanib, Turkiston Muxtoriyati deb ataladigan bo‘ldi. Qurultoy o‘sha kungi yig‘ilishda Butunrossiya Ta’sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (Millat) Majlisi qo‘lida bo‘lishi kerak, deb qaror qabul qildi.


Qurultoyda Turkiston Muvaqqat Kengashi a’zolaridan 8 nafar kishidan iborat tarkibda Turkiston Muxtoriyati hukumati tuzildi. Hukumatning Bosh vaziri hamda ichki ishlar vaziri etib Muhammadjon Tinishboyev saylandi. Islom Sulton Shoahmedov — Bosh vazir o‘rinbosari, Mustafo Cho‘qay — tashqi ishlar vaziri, Ubaydulla Xo‘jayev — harbiy vazir, Hidoyatbek Yurg‘uli Agayev — yer va suv boyliklari vaziri, Obidjon Mahmudov — oziq-ovqat vaziri, Abdurahmon O‘rozayev — ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Solomon Gersfeld — moliya vaziri lavozimlarini egallashdi. Hukumat tarkibida keyinchalik ayrim o‘zgarishlar yuz berdi. Mustafo Cho‘qay Bosh vazir lavozimini bajarishga kirishdi. Bilimsiz va o‘z kasbiga layoqatsiz sovet hokimiyatining bolshevik komissarlaridan farqli ravishda muxtoriyat hukumati vazirlarining aksariyati oliy ma’lumotli huquqshunos ekanligi ularning bilim darajasining naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi.

Mustafo Cho‘qay

Qurultoy tugagach, 1-dekabrda Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati a’zolari (8 kishi) imzolagan maxsus murojaatnoma e’lon qilindi. Ushbu murojaatnomada Turkistondagi barcha aholi: irqi, millati, dini jinsi, yoshi va siyosiy e’tiqodlaridan qat’i nazar, yakdillik va hamjihatlikka da’vat etilgan edi.


Turkiston xalqlari tomonidan muxtoriyat hukumatining qo‘llab-quvvatlanishi

Turkiston Muxtoriyati hukumati mamlakat konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb qildi. “El bayrog‘i”, “Birlik tug‘i”, «Свободный Туркестан», «Известия Временного Правительства Автономного Туркестана» kabi hukumat gazetalari o‘zbek, qozoq va rus tillarida nashr qilina boshlandi. Avval chiqayotgan “Ulug‘ Turkiston” gazetasi ham o‘z sahifalarida muxtoriyat hukumati faoliyatiga alohida o‘rin bera boshladi.

Obidjon Mahmudov


Nashr ishlarini yaxshilash uchun O. Mahmudovning bosmaxonasi hukumat ixtiyoriga o‘tdi. Muxtoriyat hukumati milliy qo‘shinni tashkil qilishga kirishdi. Harbiy vazir Ubaydulla Xo‘jayev ishtirokida 1918-yil boshlarida o‘tkazilgan ko‘rik (parad) vaqtida askarlar soni 2000 kishi bo‘lgan. Bundan tashqari Qo‘qonda taxminan shuncha mirshablar bor edi. Hukumat iqtisodiy sohada 30 million so‘m miqdorida ichki zayom chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, hukumat a’zolari ocharchilik changalida qolgan Turkiston aholisiga Kavkazdan Orenburg orqali g‘alla keltirish muammosini hal qilish uchun ham amaliy qadamlar tashladi.


Turkiston Muxtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi. Fitrat, Cho‘lpon, Hamza singari o‘zbek xalqining otashin shoirlari muxtoriyat hukumatini alqab, o‘tli she’rlar bitishdi. Fitrat muxtoriyat e’lon qilingan 27-noyabr tunini “Milliy laylatulqadrimiz” deb atadi: Alloma Fitratning bu so‘zlarida olam-olam ma’no mujassamlashgan. Turkiston o‘lkasining turli shahar va qishloqlarida muxtoriyatni olqishlab, ko‘p ming kishilik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. O‘sha davrda chiqqan gazetalarning yozishicha, namoyish qatnashchilarining bayroqlarida “Yashasin muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!” deb yozilgan so‘zlar hilpirab turardi.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan viloyat Sovetlari syezdida yig‘ilganlar Turkiston Muxtoriyatiga qo‘shilishga qaror qildilar va Millat Majlisi tarkibiga 5 vakil sayladilar.


“Ulug‘ Turkiston” gazetasining yozishicha, 1917-yil dekabrda Toshkentda 60 000 kishi ishtirok etgan miting o‘tkazildi. Munavvarqori rahbarligida uyushtirilgan bu miting qatnashchilari Muxtor Turkiston hukumatini bir ovozdan ma’qulladilar va Turkistonda endi ushbu muvaqqat hukumatidan boshqa hech qanday hukumatni tan olmaslikka qaror qilganliklarini e’lon qildilar.

Qizil gvardiyachilar va dashnoqlar tomonidan muxtoriyat hukumatining tor-mor qilinishini

Qo‘qondagi ommaviy qirg‘inlar. O‘lkadagi ilk demokratik va xalqchil hukumat bo‘lgan Turkiston Muxtoriyatining faoliyati, afsuski, uzoqqa cho‘zilmadi. Bolsheviklar va Toshkent Soveti (rahbari: Ivan Tobolin) unga katta xavf deb qaradilar hamda zudlik bilan tugatishga harakat qildilar. Turkiston o‘lkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining favqulodda 1918-yil 19–26-yanvarda bo‘lib o‘tgan IV syezdida Turkiston Muxtoriyati hukumatini kuch bilan tugatishga qaror qilishdi. Turkiston o‘lka XKS 1918-yil 30-yanvar kuni harbiy harakatlarni boshladi.


Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil gvardiyachilardan tashqari armanlarning “Dashnoq-sutyun” partiyasi a’zolaridan tuzilgan qurolli drujinalardan ham keng foydalandi. 30-yanvar kechqurun Toshkentdan yuborilgan dastlabki harbiy otryadlar Skobelevdan Qo‘qonga to‘p va pulemyotlar bilan yetib keldi. 31-yanvar tushdan keyin jang harakatlari boshlandi. 15-fevralda esa shaharda yong‘inlar bo‘ldi. Dastlabki jangda muxtoriyatning milliy qo‘shinidan tashqari qo‘qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, cho‘kich, tayoq ko‘targan xaloyiqning soni 10 000 kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar sovet hukumati harbiy kuchlarining Qo‘qon shahriga qilgan hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar.


Qo‘qon shahar mirshablar boshlig‘i Kichik Ergash qo‘rboshi 18-fevraldan boshlab amalda muxtoriyat hukumatining rahbariga aylandi. Turkiston o‘lkasi harbiy komissari Ye. Perfilev boshchiligidagi piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat 11 eshelon bolsheviklarning harbiy kuchlariga madad berish uchun Qo‘qonga keldi. Shahar ustiga uch kun davomida to‘plardan yondiruvchi snaryadlar otildi. Kimyoviy qurollar ishlatildi. Qizil gvardiyachilar va dashnoqlar shaharda bosqinlar uyushtirib, uni talon-taroj qilishga kirishdilar. Turkiston Muxtoriyati hukumati bolsheviklarning qonli hujumlari oqibatida ag‘darib tashlandi. Ammo Qo‘qon va uning atroflaridagi tinch aholini talash, o‘ldirish avjiga chiqdi. Faqat Qo‘qonning o‘zida 3 kun davomida 10 000 kishi o‘ldirildi. Musulmonlar ommaviy ravishda qirg‘in qilindi. Qo‘qon shahri butkul vayronaga aylantirildi.


“Ulug‘ Turkiston” gazetasi chuqur qayg‘u bilan xabar berganidek, “20-fevral Xo‘qand (Qo‘qon) tarixining eng dahshatli kuni edi. Armanilar ayricha faoliyat ko‘rsatganlar…” Gazetadagi ushbu maqola “Xo‘qand hozir o‘liklar shahri” degan dahshatli ibora bilan tugaydi. Picture: Turkiston Muxtoriyati qizil askarlar tomonidan tor-mor qilingandan so‘ng Qo‘qon shahrining ko‘rinishi.

1918-yil fevral

Nihoyat, 1918-yil 22-fevralda Qo‘qon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan “tinchlik shartnomasi” imzolandi. Ushbu shartnomaning 2-moddasida: “Aholi o‘lka Xalq Komissarlari Soveti hokimiyati va barcha mahalliy sovet tashkilotlarini tan oladi”, deb yozilgan edi. Ha, o‘qqa tutilgan, o‘ldirilgan, talangan va tahqir etilgan qo‘qonliklarning tirik qolgan qismi sovet hokimiyatini tan olishga majbur bo‘ldi.


Turkiston Muxtoriyati hukumati atigi 72 kun mavjud bo‘lgan bo‘lsa ham, u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga da’vat etdi. Vatan tuyg‘usidek muqaddas tuyg‘u qalbining to‘ridan joy olgan Turkiston ziyolilarining muxtoriyat uchun olib borgan kurashlari izsiz ketmadi. 1918-yilning erta bahorida avval Farg‘ona vodiysida, so‘ngra butun Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi qurolli istiqlolchilik harakati boshlandi.


Dashnoqlar — (armancha) arman millatchilarining “Dashnoqsutyun” (ittifoq) partiyasi a’zolari.


Eshelon — (fr. – zina, zinapoya) maxsus yuk, texnika, artilleriya, tank va qo‘shinlar ortilgan poyezd yoki avtokolonna.