Qayta qurish va uning bosqichlari
KPSS MK aprel (1985-y) plenumi sovet jamiyati hayotining barcha sohalarini chuqur isloh qilish yo‘lini e’lon qildi. Qayta qurishning asosiy tarkibiy qismlari deb ijtimoiy hayotni demokratlashtirish va tub iqtisodiy islohot o‘tkazish belgilandi.
Qayta qurishning birinchi bosqichi (1985–1986-yillar) ma’muriy tashkiliy tadbirlarni an’anaviy usullarda olib borilishi bilan izohlanadi. Mazkur bosqichda ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb etish asosida jamiyatda tub iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish va uning asnosida inson omilini faollashtirish mo‘ljallangan edi.
Qayta qurishning ikkinchi bosqichi (1987–1989-yillar) jamiyatning barcha jabhalarini kompleks tarzda isloh qilishni kun tartibiga qo‘ydi. Xususan, 1987-yil yanvar va 1988-yil iyunda bu vazifalar yanada konkretlashtirildi va uning asosiy maqsadi sovet jamiyatini to‘liq demokratlashtirishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
Qayta qurish oshkoralik, demokratiya va fikrlar xilma-xilligining ma’lum ma’noda kuchayishiga imkoniyat yaratdi. Ammo mamlakatda tub demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish, boshlangan islohotlarni oxiriga yetkazish mumkin bo‘lmadi.
O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy inqirozning keskinlashuvi
Ana shunday sharoitda O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbariyati Markaz oldida o‘zining no‘noq va noshudligini ko‘rsatdi. Respublika rahbariyati Markazdan qochish va uni inkor etish siyosati o‘rniga ko‘proq unga yaqinlashish va mustahkam birlashish yo‘lini tanladi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston siyosiy rahbariyati ijtimoiy-ma’naviy sohada milliylikning har bir ko‘rinishi “internatsionalizm” mohiyatiga yot ekanligini isbotlashga urindi. Bu narsa o‘zbek tili, islom dini, milliy urf-odat va an’analar, marosimlar, Navro‘z bayramiga munosabatda yaqqol ko‘rindi.
Qayta qurish siyosatining barbod bo‘lishi
Mamlakatda bo‘lgan qayta qurish jamiyatning ijtimoiy va siyosiy tuzilishida bir qator o‘zgarishlarni keltirib chiqardi. KPSSning sovet jamiyatidagi rahbarlik va yetakchilik mavqeyiga putur yetdi, saylov tizimini o‘zgartirish to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Qayta qurish pirovardida siyosiy jihatdan safsatabozlikka aylanib, tub demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish va boshlangan islohotlarni oxirigacha yetkazish imkoniyatini bermay mag‘lubiyatga uchradi. Bu holatning sabablari quyidagicha edi:
Birinchidan, qayta qurishning aniq va izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan dasturi yo‘q edi. Demokratiya va oshkoralik kabi shiorlar haqida ko‘p gapirilsa ham, amalda partiya siyosiy rahbariyati eski qarashlar girdobida bo‘lib, rahbarlikning demokratiyaga zid bo‘lgan ma’muriy-buyruqbozlik usullaridan foydalanishi davom etardi.
Ikkinchidan, mamlakatdagi partokratik rahbariyat nomenklaturani saqlab qolishdan manfaatdor edi. Chunki mamlakatni eskicha usulda boshqarish oson edi.
Uchinchidan, qayta qurishda milliy respublikalarning suvereniteti haqida gapirilsa ham, Ittifoqni yangilangan holatda saqlab qolish ko‘zda tutilgan edi. Kreml ittifoqdosh respublikalarning SSSRdan ajralib, mustaqil davlat tuzishlariga qarshi jon-jahdi bilan qattiq turdi.

To‘rtinchidan, M. S. Gorbachyov g‘oyasi asosida qayta qurishni amalga oshirish mumkin emas edi. Chunki sotsializm doirasidagi mulkiy munosabatlar, ijtimoiy sohadagi siyosat, milliy va diniy siyosat, yakkapartiyaviy rahbarlik va mustabid boshqaruv usuli hech qachon demokratiya va oshkoralik bilan kelisha olmagan.
Farg‘ona fojiasi va uning mohiyati
Markaz jilovni qo‘ldan bermaslik uchun butun imkoniyatlarni ishga solayotgan bir sharoitda 1989-yil may–iyun oylarida Quvasoyda yoshlar o‘rtasida bo‘lgan bezorilik vodiyda millatlararo to‘qnashuvni (mesxeti turklari bilan mahalliy yoshlar o‘rtasida) keltirib chiqardi. U Farg‘ona vodiysi va Toshkent viloyatiga tarqalib, xavfli tus oldi. 1989-yil 7–8-iyunda Qo‘qon shahrida mahalliy aholi qatnashgan tinch namoyish harbiy qism askarlari tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida 50 dan ziyod namoyishchilar halok bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 1989-yil 3–12-iyunda Farg‘ona viloyatida bo‘lgan millatlararo to‘qnashuvlar va namoyishchilarning harbiylar tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida 103 nafar kishi halok bo‘lgan, 1011 kishi jarohatlangan va 757 xonadonga o‘t qo‘yilib, vayron etilgan.
Farg‘ona fojialaridan keyin O‘zbekistonning Islom Karimov boshchiligidagi yangi siyosiy rahbariyati bu masalada prinsipial mavqeni egalladi. O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni o‘rganib, unga to‘g‘ri baho berar ekan, Islom Karimov matbuot konferensiyalarining birida “O‘zbekiston yana bir Farg‘onaga chidab tura olmaydi”, deb ta’kidladi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi
1989-yil 21-oktyabrda respublika Oliy Sovetining XI sessiyasi “O‘zbekiston SSR davlat tili haqida” Qonunni qabul qilib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berdi. Qonunning qabul qilinishi o‘zbek xalqi va respublikada yashovchi boshqa xalqlarning madaniy, ma’naviy va siyosiy hayotida ro‘y bergan muhim voqea edi. Qonun o‘zbek tili va madaniyatining rivojlanishiga imkoniyat yaratdi. Shu bilan birga unda respublika hududida yashovchi boshqa xalqlarning tillarini rivojlantirish imkoniyatlari ham belgilab berildi.
1990-yil iyunda Farg‘ona vodiysining O‘sh va O‘zgan shaharlarida (qo‘shni Qirg‘iziston hududida) qirg‘izlar bilan o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro kelib chiqdi. Bu mojaro (O‘sh qirg‘ini) natijasida minglab gunohsiz o‘zbeklar halok bo‘ldi.
Markaz murakkab etnik vaziyatdan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga intildi, azaliy qon-qardosh hisoblangan turkiy xalqlarni bir-biriga qarshi qo‘ydi. Ana shunday murakkab bir sharoitda o‘zbek xalqi asrlar davomida sinovdan o‘tgan o‘zining sabr-toqati va bardoshini, bag‘rikengligini namoyish qildi, turli siyosiy kuchlar va g‘alamislarning ig‘volariga uchmadi. O‘zbekiston hukumati ham bu masalada izchil siyosat olib bordi, butun mintaqada tinchlikni saqlashda muhim rol o‘ynadi.
Internatsionalizm — Xalqlar va ijtimoiy guruhlarning millatlar ozodligi, mustaqilligi, huquqiy tengligiga asoslangan birdamlik va o‘zaro hamkorlik tamoyili.
Partokratik — partiya hukmronligiga asoslangan.