O‘rta Osiyo respublikalarida o‘tkazilgan milliy-hududiy chegaralanish va uning oqibatlari


Turkiston — mintaqa xalqlarining yagona makoni va umumiy vatani

Turkiston mintaqasi azaldan turkiy xalqlarning yagona maskani va umumiy vatani bo‘lgan. 1918–1924-yillarda mavjud bo‘lgan Turkiston ASSR, BXSR, XXSRning tub xalqlari asrlar davomida turmush tarzi va an’analari jihatidan bir-birlariga juda yaqin bo‘lishgan. Turkistondagi turli davlatlarning har birida turkiy xalqlar: o‘zbeklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, qozoqlar, qirg‘izlar, shuningdek, tojik xalqi azaldan yashaganligi tarixiy tarkib topgan hodisa edi. Turkiston mintaqasining xalqlari shu tuproqni, Turonzaminni qadimdan o‘zlarining asl Vatani deb bilganlar.
Mustabid sovet rejimi va bolsheviklar uchun esa Turkiston o‘lkasini bo‘lib tashlab, uni idora qilish qulay edi. Xususan, bu jarayon Turkistondagi istiqlolchilik harakati 1924-yilda, asosan, mag‘lubiyatga uchraganidan keyin o‘zining so‘nggi bosqichiga qadam qo‘ydi.

O‘rta Osiyo respublikalari milliy-hududiy chegaralanishga qadar


1924-yil fevral–iyun oylarida SSSRdagi markaziy organlar, Turkiston, Buxoro, Xorazm kommunistik partiyalari va RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi milliy chegaralanish masalalari yuzasidan zo‘r berib ish olib borishdi. Turkiston va Buxoro Kompartiyalari Markaziy Komitetlari huzurida maxsus, keyinchalik, hududiy va boshqa alohida komissiyalar tuzildi.

Milliy kommunistlar va Markaz vakillari o‘rtasida turli qarashlarning to‘qnashuvi

Turkkomissiya va Y. Rudzutak tezislariga qarama-qarshi o‘laroq Turor Risqulov boshchiligidagi bir guruh milliy kommunistlar 1920-yildayoq turkiy xalqlar yagona bo‘lib, ularning tarixiy ildizlari, dinlari, an’analari va madaniyati mushtarakdir, yagona Turkistonni alohida qismlarga ajratib bo‘lmaydi, degan g‘oyani ilgari surgan edilar. Biroq Markaz kommunistlari bu fikrni inkor etib, uni “panturkizm”, “panislomizm”, “burjua millatchiligi va o‘ng og‘machiligi” deb noto‘g‘ri baholagan edilar.


Bir tomondan, 1920-yildan boshlab istiqlolchilik harakatining qaytadan shiddat bilan rivojlanishi, ikkinchi tomondan, qizil armiya tomonidan Xiva xonligi va Buxoro amirligi ag‘darib tashlanib, ular o‘rnida “mustaqil respublikalar” tashkil qilinganligi bu masalada bolsheviklarni yana 4 yil sabr qilishlariga olib keldi. Xullas, sovet hokimiyati rahbariyati 1924-yil boshlaridan boshlab ushbu masalani hal qilishga jiddiy kirishdi. Sovet hokimiyatining chegaralanish siyosatiga dastavval Turkiston ASSR, BXSR va XXSR rahbarlari qarshi bo‘lishgan. 1924-yil fevralda Buxoro Kompartiyasi chegaralanish masalasi yuzasidan Fayzulla Xo‘jayev tomonidan yozilgan tezislarni qabul qildi. Unda RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosining bu sohadagi qarashlari xato ekanligi tanqid qilingan edi.


1920-yil 10-martda bo‘lgan Turkiston ASSR MIK va Turkiston Kompartiyasining birlashgan kengashida Sultonbek Xo‘janov, Sanjar Asfandiyorov, N. Paskutskiy kabi atoqli partiya xodimlari Sovet Sotsialistik Respublikalarining O‘rta Osiyo federatsiyasini tuzish taklifi bilan chiqdilar. Shu bilan birga S. Xo‘janov Turkiston yagona va butun, uning yaxlitligini buzish maqsadga muvofiq emas, deb ta’kidladi. Bundan tashqari, 1923-yil dekabrda Farg‘ona vodiysi vakillari RSFSR tarkibida Farg‘ona muxtor viloyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif bilan chiqqan edilar. Xullas, munozaralar tobora qizib bordi.


XXSR rahbarlarida ham alohida qarashlar bo‘lgan. 1924-yil 8-mayda bir guruh Xorazm rahbarlari RKP(b) MKga “Xorazmda milliy masalani hal qilish to‘g‘risida maktub” yuborib, unga Xorazmni chegaralanishga qo‘shmaslikni iltimos qildilar. Ular o‘zlarining shu nuqtayi nazarlarini respublikaning olisda joylashganligi, iqtisodiy jihatdan ajralib turganligi bilan asosladilar. Bu nuqtayi nazarni qo‘llab-quvvatlagan Xorazm Kompartiyasi Markaziy Komiteti mas’ul kotibi Qalandar Odinayev 1924-yil iyulda o‘z vazifasidan olib tashlandi. XXSR hududi dastlab chegaralanishga tortilmadi, biroq 1924-yil 26-iyulda Xorazm Kompartiyasining yangi rahbarlari respublikaning chegaralanishiga kiritilishiga o‘z roziligini bildirdi.

Markaz tomonidan milliy respublikalar va viloyatlar tuzishga ko‘rsatma berilishi hamda uning siyosiy jihatdan asoslanishi

1924-yil 12-iyunda I. V. Stalinning taklifi bilan RKP(b) MK Siyosiy byurosining “O‘rta Osiyo respublikalarini milliy-hududiy chegaralash to‘g‘risida” maxsus qarori qabul qilingan. Bu qaror bilan mazkur jarayon o‘zining so‘nggi bosqichiga kirdi. 15-iyulda RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi yangi tashkil etiladigan milliy respublikalar va viloyatlarning muvaqqat byurosini tashkil etdi. O‘zbeklar byurosi tarkibiga Fayzulla Xo‘jayev, Rustam Islomov, Akmal Ikromov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Muxtorjon Saidjonov, Kalugin a’zo sifatida, Inoyatov nomzod sifatida kiritildi. Shuningdek, RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi tashkil etgan Hududiy komissiyada, uning milliy kichik komissiyalarida janjalli masalalarni hal qilish uchun tuzilgan maxsus komissiyalar ham faoliyat ko‘rsatgan. Hududiy komissiya tarkibiga F. Xo‘jayev, A. Rahimboyev, S. Xo‘janov, Q. Otaboyev, R. Islomov, N. Aytoqov, Y. Abdurahmonov, I. Aydarbekov, I. Vareykis, D. Manjara, I. Mejlauk, X. Saxat-Muratov va boshqa siyosiy arboblar kirgan edi.


Milliy respublikalar tuzish zarurligi g‘oyasining tashabbuskorlari o‘z fikrlarini Turkistondagi tub xalqlar hayotida tengsizlik mavjudligi va milliy mojarolar kuchayib borayotgani bilan asosladilar. Ular bu mojarolardan qutulish yo‘li sifatida turkmanlar, qirg‘izlar va boshqalarning milliy davlatini (aslida, milliy respublikasini) tuzish deb e’lon qildilar, amalda esa bu chora-tadbirlar mintaqada yashovchi xalqlarni bir-biridan ajratib qo‘yishdan boshqa narsa emas edi.

Xullas, siyosiy jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Turkiston ASSR siyosiy rahbariyati orasidagi yevropaliklar bilan tub xalqlar vakillari o‘rtasidagi ixtiloflar, ayrim qozoq va tojik kommunistlari hamda boshqalarning guruhbozlik ko‘rinishlari mexanik tarzda Turkiston xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarga ko‘chirildi. RKP(b) MK Bosh kotibi I. V. Stalin, RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi raisi Y. Rudzutak va boshqalar O‘rta Osiyoda milliy mojarolar mavjudligini ta’kidlashdan charchashmadi. Xullas, milliy masala Markaz tomonidan sun’iy ravishda bo‘rttirib yuborildi va bu holat yangi tashkil qilinadigan milliy respublikalar va viloyatlar hududini tubdan qayta belgilash uchun hal qiluvchi asosiy dalil sifatida ilgari surildi.

1924-yil kuzida O‘rta Osiyoda o‘tkazilgan milliy-hududiy chegaralanish va uning yakunlari

1924-yil 16-sentyabrda bo‘lgan Turkiston ASSR MIKning favqulodda sessiyasida O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanishni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Xuddi shunday mazmundagi qarorlar 20-sentyabrda Butunbuxoro xalq vakillarining V qurultoyida va 29-oktyabrda Butunxorazm xalq vakillarining V qurultoyida ham qabul qilindi. 20-sentyabr kuni BXSR hukumati raisi Fayzulla Xo‘jayev Butunbuxoro xalq vakillarining V qurultoyida “O‘rta Osiyoning milliy davlat chegaralanishi to‘g‘risida” ma’ruza qildi. Mazkur qarorlarda o‘zbek va turkman xalqlariga O‘zbekiston SSR va Turkmaniston SSR tuzish huquqi, Turkiston ASSRning qirg‘iz (aslida qozoq) viloyatlarini 1920-yilda tashkil qilingan Qirg‘iziston ASSR (aslida Qozog‘iston ASSR) bilan birlashtirish maqsadida qirg‘iz (aslida qozoq) xalqiga Turkiston ASSRdan chiqish huquqi, qoraqirg‘iz (aslida qirg‘iz) xalqiga Turkiston ASSRdan chiqish huquqi va Qoraqirg‘iz (aslida qirg‘iz) avtonom viloyatini tashkil etish huquqi, tojik xalqiga ham Turkiston ASSRdan chiqib, Tojikiston avtonom viloyatini tashkil etish huquqi berilishi kerakligi ta’kidlandi. RSFSR (Butunrossiya) Markaziy Ijroiya Komitetining 1924-yil 14-oktyabrda bo‘lgan II sessiyasida Turkiston ASSR MIKning milliy-hududiy chegaralanishi to‘g‘risidagi qarori ayrim tuzatishlar bilan qabul qilindi. Sessiya qarori bilan O‘rta Osiyodagi Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm respublikalari o‘rnida O‘zbekiston SSR (O‘zSSR) va Turkmaniston SSR, shuningdek, Tojikiston ASSR (O‘zSSR tarkibida), Qoraqalpoq va Qoraqirg‘iz (aslida Qirg‘iz) avtonom viloyatlari tuzilishi kerak edi.

F. Xo’jayev so’zlamoqda


Nihoyat, 1924-yil 27-oktyabrda Moskvada bo‘lgan Butunittifoq (SSSR) Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining III sessiyasida Turkiston ASSR MIK favqulodda sessiyasi, Butunbuxoro va Butunxorazm xalq vakillarining V qurultoylari qarorlari asosida O‘rta Osiyoda milliy respublikalar tuzish to‘g‘risida maxsus qaror qabul qilindi. Sessiyada BSSR Nozirlar Sho‘rosining raisi Fayzulla Xo‘jayev O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanishning o‘tkazilishi to‘g‘risida nutq so‘zladi. 1924-yil sentyabr–oktyabr oylarida O‘rta Osiyoda o‘tkazilgan milliy-hududiy chegaralanishi O‘rta Osiyo respublikalari, RSFSR va SSSRning oliy organlari tomonidan qonuniy kuchga kirdi.


Bu davrda Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalarida amaliy ish boshlab yuborildi. Komissiyalar va kichik komissiyalar bo‘lg‘usi tuzilmalarning hudud va chegaralari to‘g‘risidagi masalani ishlab chiqdilar.
Boshqaruv apparatlari tuzib, rejalar, iqtisodiyot, byudjet, yer-suv muammolari, maorif va sog‘liqni saqlash sohalarini tashkil qilish masalalari va boshqalar hal qilindi. Siyosiy tushuntirish ishlari olib borildi. Materiallar matbuotda e’lon qilinib miting va yig‘ilishlar o‘tkazildi. Partiya va sovet organlarining topshirig‘i bilan O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilishini ma’qullab qarorlar qabul qilindi.


Shu narsani alohida aytib o‘tish lozimki, milliy-hududiy chegaralanish jarayonida ko‘plab siyosiy xatolarga yo‘l qo‘yildi. Xususan, o‘zbek xalqining manfaatlariga jiddiy zarar yetkazildi. Azaldan o‘zbeklar yashab kelayotgan hududlarning katta qismi Markaz buyrug‘i bilan qo‘shni ittifoqdosh va avtonom respublikalar hamda viloyatlarga berildi. O‘zbekiston SSR Muvaqqat inqilobiy komiteti (Markaziy revkom) faoliyati. 1924-yil 31-oktyabrda taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev raisligida O‘zbekiston SSR Muvaqqat inqilobiy komiteti (Markaziy revkom) tashkil topdi.

Uning tarkibiga Porso Xo‘jayev, Rustam Islomov, Abdulla Rahimboyev, Davlat Rizayev, Sulton Qori, Vladimir Ivanov, Inomjon Xidiraliyev, Muxtorjon Saidjonov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov va boshqalar kiritildi. 1924-yil 18-noyabrda Turkiston ASSR, Buxoro SSR va Xorazm SSR MIKlari maxsus qo‘shma qaror qabul qildilar va shu qarorga binoan o‘z vakolatlarini O‘zbekiston SSR Sovetlarining ta’sis qurultoyiga qadar ish ko‘ruvchi O‘zbekiston SSR Muvaqqat inqilobiy komitetiga topshirdilar. Bu komitet O‘zbekiston SSR tuzilishini boshqarib bordi.