BXSR hududida qizil armiyaga qarshi kurash va xalq qo‘zg‘olonlarining boshlanishi
Qizil armiyaning Buxoro va Xorazm mamlakatlari hududlariga tajovuzkorona bostirib kirishi davomida qilgan talonchiliklari, zo‘rliklari, qon to‘kishlari ommaviy noroziliklarni keltirib chiqargan asosiy sabablardan bo‘ldi.
Buxoro va Xorazm aholisi o‘z mamlakatlariga bostirib kirgan bosqinchi qizil armiya askarlariga qarshi milliy ozodlik kurashiga qo‘zg‘aldi. Bu hududlarda vatanparvarlar harakati kengayib, keng quloch otdi. Harakat saflarida yerli aholining deyarli barcha qatlamlari, birinchi navbatda dehqonlar va hunarmandlar faol qatnashdilar. Bu holat qurolli harakat rahbarlari, ularga kelib qo‘shilganlarning turli tabaqalarga mansub bo‘lgani, qizil armiyaga qarshi shafqatsiz va hayot-mamot kurashiga shaylanganlar doirasining ko‘lami nechog‘lik keng va shiddatli bo‘lganidan dalolat beradi.
Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darilgach, 1920-yil kuziga kelib qizil armiyaga qarshi kurash olib borgan qo‘rboshilar guruhlari, shahar va tumanlarda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar mamlakatning barcha hududi — g‘arbiy, markaziy, sharqiy qismlarida boshlanib, ommaviy tus oldi. 1920-yil sentyabr oyida Sharqiy Buxoroga kelgan sobiq amir Olimxon katta kuch to‘plab, qizil armiyaga qarshi kurashga rahbarlik qildi.
G‘arbiy Buxoro hududida Mulla Abdulqahhor, Sharqiy Buxoro hududida Ibrohimbek va Davlatmandbek kabi qo‘rboshilar harakatga rahbarlik qilishdi. 1921-yil mart oyida bir qator janglarda mag‘lubiyatga uchragan Olimxon Afg‘oniston davlati hududiga o‘tib ketishga majbur bo‘ldi. Biroq bu paytda Sharqiy Buxoroda qizil armiyaga qarshi ommaviy xalq qo‘zg‘olonlari ko‘tarildi.
Buxoro qo‘rboshilarining milliy ozodlik kurashi
Qisqa muddat davomida Mulla Abdulqahhor boshchiligida poytaxt Buxoro tumanlarida lashkar to‘plandi va qizil armiyaga qarshi jangovar harakatlar olib borildi. Shuningdek, Mulla Abdulqahhor rahbarligida Buxoro, Karmana va Nurota viloyatlarida o‘nlab qo‘rboshi guruhlari faoliyat ko‘rsatdi. Uning qo‘l ostida Buxoroning g‘arbiy qismida 20 nafar qo‘rboshi birlashgan. Ular orasida Hamro Polvon, Hayit Amin, O‘rmon Polvon, Oston Qorovulbegi kabi shofirkonlik qo‘rboshilar ham bo‘lgan. Ular asosan, G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan tumanlari hamda Nurota va Karmanada o‘z faoliyatlarini kuchaytirganlar.
Mulla Abdulqahhor yigitlari bilan qizil askarlar o‘rtasida 1924-yil yozi va kuzida G‘ijduvon tumanining G‘ishti va Kattag‘amxo‘r qishloqlarida, Nurota tog‘larida, Shofirkon tumaniga tutash Qizilqumning Jilvon qumliklarida, Bog‘iafzal va Vardonze qishloqlarida qattiq to‘qnashuvlar bo‘ldi. Mulla Abdulqahhor qo‘rboshi Qizilqumdagi janglarning birida 1924-yilning oxirida halok bo‘ldi. Ibrohimbek qo‘l ostidagi Sharqiy Buxoro hududida o‘zining boshqaruv usulini amalga oshirdi. Joylarda yangi Buxoro hukumati tugatilib, uning o‘rniga amirlik davridagi boshqaruv usuli joriy qilingan. Bundan Turkistonda ish olib borayotgan markaziy hukumat vakillari tashvishga tushadilar.
Shuning uchun ham Turkiston fronti siyosiy boshqarmasi tomonidan Ibrohimbek bilan boshqa qo‘rboshi guruhlari o‘rtasida nizo chiqarish uchun tavsiyalar beriladi. Ibrohimbek qo‘rboshi ko‘p yillar davomida Sharqiy Buxoroda qizil armiyaga qarshi fidokorona kurashdi. Buxorodagi istiqlolchilik harakati rahbarlari o‘rtasida Turkiyadan kelgan generallar Anvar va Salim Posho alohida ajralib turadi. Anvar Posho 1921-yil oktyabrda Kavkazdan Buxoro shahriga kelgach, 9-noyabrda Qarshi yaqinidagi Qiliko‘l atrofida Mulla Nafis qo‘rboshi bilan uchrashib, maxsus bayonot bilan chiqadi hamda turkistonliklar va buxoroliklarning sovet rejimi va qizil armiyaga qarshi muqaddas kurashiga qo‘shilganligini e’lon qiladi.
Anvar Poshoning sa’y-harakatlari bilan Sharqiy Buxoroda birlashgan qismlar bunyod etildi va u turk zobitlari bilan mustahkamlandi, g‘arbcha qo‘mondonlik uslubi joriy qilinadi. Anvar Posho 1922-yil avgustda Sharqiy Buxoroning Baljuvon atrofidagi Obidara qishlog‘ida qizil askarlarga qarshi bo‘lgan jangda mardlarcha halok bo‘ldi. Turkistonning erksevar shoiri Cho‘lpon Anvar Posho xotirasiga bag‘ishlab “Baljuvon” marsiyasini yozdi.
BXSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi Usmon Xo‘ja, harbiy ishlar noziri Abdulhamid Oripov hamda Muhiddin Maxsum Xo‘jayev, Ali Rizo Afandi, Surayyo Afandi, Qulmuhamedov va boshqa milliy rahbar xodimlar o‘z lavozimlarini tark etib, muxolifatdagi qurolli harakat saflariga o‘tib ketgani ko‘p narsadan dalolat beradi.
Xorazmda Junaidxon boshchiligidagi harakat va uning o‘ziga xos xususiyatlari
Junaidxon rahbarligidagi qurolli guruhlar uzoq yillar davomida qizil armiyaga qarshi kurashdi. Uning qo‘shinlari safida turkman va o‘zbeklardan tashqari qozoq va qoraqalpoqlar ham ko‘pchilik edi. Ko‘hna Urganch, Ilyali, Toshhovuz, Mang‘it, Qo‘shko‘pir, Chimboy, Qo‘ng‘irot va To‘rtko‘lda harakat qilgan o‘nlab sardorlarning guruhlari qizil askarlarga jiddiy zarba bergan.
Junaidxon tarix sahifalarida murakkab va ziddiyatli shaxs sifatida bitilgan. Uning faoliyati ham shaxsiyatidek keskin va fojiali, zafarli va qayg‘uli kechdi. Avval Rossiya imperiyasi va Xiva xonligiga qarshi kurashgan Junaidxon 1918-yil o‘rtalaridan e’tiboran qizil askarlarga qarshi mustaqillik uchun jangga kirgan edi. 1922-yil ko‘klamida Junaidxon Xorazmda o‘z faoliyatini yanada kuchaytirdi. Bu paytda uning qo‘shinlari soni 15000 nafar yigitdan iborat bo‘lib, ular bolsheviklarga qarshi tura oladigan jiddiy kuchga aylangan edi. Masalan, 1922-yil aprel oyida Junaidxon qo‘shinlari Porsu shahri va uning atroflarini qizil askarlardan ozod qilishdi. Ko‘hna Urganch yonidagi qishloqlarda ham ular shiddatli janglar olib bordilar.
Markaz Xorazmda “bosmachilik” harakatini tezlik bilan bartaraf qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. Bu holat, ayniqsa, 1923-yildan boshlab yanada kuchaydi. 1923-yil 12-yanvarda bo‘lgan uchinchi chaqiriq XXSR MIK II sessiyasida Xorazmda 4 yildan buyon davom etib kelayotgan “bosmachilik” harakatiga qarshi mavjud hukumatning o‘zi kurash olib borishga ojiz ekanligi ochiq aytilib, RSFSR (aslida SSSR) hukumatidan shoshilinch harbiy yordam so‘raldi. Junaidxon 1924-yil 17-iyunda o‘zining 20 nafar hamrohi bilan Afg‘onistondagi Hirot shahriga yetib keldi. Manbalarda aytilishicha, u bu yerda turib o‘z qo‘shinlari safini to‘ldirishga tayyorlangan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, Junaidxon XXSR hududiga qaytib keldi va istiqlolchilik harakatiga boshchilik qilishda davom etdi.
Istiqlolchilik harakatining mag‘lubiyatga uchrash sabablari va kurash saboqlari
1924-yil kuzida O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilishi natijasida qurolli kurashning birinchi davri yakunlandi. Uning ikkinchi davri (1925–1935-yillar) esa yana 10 yil davom etib, o‘zining xarakteri va kuchlar nisbati jihatidan avvalgi davrga nisbatan ancha farq qiladi. Bu davrda asosan Sharqiy Buxoro, Xorazm vohasi va Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida janglar davom etdi. 1935-yilga kelib Turkistondagi istiqlolchilik harakati mag‘lubiyatga uchradi.
Tirik qolgan kurashchilarning aksariyati xorijiy davlatlarga muhojir bo‘lib jo‘nab ketishga majbur bo‘ldi. Istiqlolchilik harakatining eng zaif tomoni uning Turkiston mintaqasida yagona markaz ostida to‘liq birlasha olmasligi, harakatning boshidan to oxirigacha mafkuraviy asos bo‘lib xizmat qiluvchi yagona milliy dasturning yaratilmaganligi hamda ba’zi yetakchi shaxslar orasidagi kelishmovchilik va nizolar, ayrimlarining tor dunyoqarashi va boshqalar sabab harakat mag‘lubiyatga uchradi.
Ayrim qo‘rboshilar (Xolxo‘ja Eshon, G‘ulomalixon Bahodir va b.) harakatga faqat o‘zlari rahbarlik qilishni o‘ylab, yagona qo‘mondonlikka bo‘ysunmadi. Shuningdek, istiqlolchilik harakatiga aloqador bo‘lmagan ba’zi jinoiy to‘dalar talonchilik va bosqinchilik bilan shug‘ullanib, ko‘plab begunoh kishilarni o‘ldirishdi. Bundan qizil armiya qo‘mondonligi va bolsheviklar ustomonlik bilan foydalanishdi. Ular maxsus xufiya va josuslar, turli ayg‘oqchilar va sotqinlar yordamida harakat ichidagi birlikni parchalash, ba’zi guruhlar rahbarlari o‘rtasidagi tarqoqlik va o‘zaro ixtiloflarni yanada avj oldirishga urindilar.
Nihoyat, sovet hokimiyati bir qator islohotlar o‘tkazish, xususan, yangi iqtisodiy siyosatni joriy qilish va xalq ta’limi sohasidagi o‘zgarishlarni amalga oshirib, xalq uchun biroz yengillik tug‘dirgandan so‘ng va turli-tuman targ‘ibotlar natijasida qurolli harakat qatnashchilarini mehnatkashlar qo‘llab-quvvatlashidan qaytara oldi. Xullas, istiqlolchi bobolarimiz o‘z kurashlari bilan Turkiston sarhadidagi barcha xalqlarning milliy ozodlik harakati tarixiga yorqin va shonli sahifalar bitib, O‘zbekiston Respublikasining bugungi mustaqillik va istiqlolga erishuvida juda katta xizmat qilishdi. Ajdodlarimizning erk va ozodlik uchun to‘kkan qonlari behuda ketmadi.