Buxoro amirligida islohotlar uchun kurash hamda qizil armiya tomonidan amir hokimiyatining ag‘darilishi. BXSRning tashkil topishi va faoliyati


Buxoro amirligidagi ahvol va Yosh buxoroliklar faoliyati

Rossiyada podsho hokimiyatining ag‘darilishi Buxoro amirligida ham ba’zi o‘zgarishlarni keltirib chiqardi. Buxoro hukmdori Amir Sayid Olimxon (1881–1944) e’tirof etishicha, Muvaqqat hukumat Buxoro davlatining mustaqilligini tan olgan. Amir hukumati Afg‘oniston va boshqa davlatlar bilan aloqalar o‘rnatgan.

Buxoro amiri Sayid Olimxon

Rossiya–Buxoro munosabatlarida ham o‘zgarishlar yuz bergan. Buxoroda ish olib borgan Rossiya imperiyasining siyosiy agentligi Rossiya hukumatining rezidenti deb ataladigan bo‘ldi. Shuningdek, Buxoro amirligi hududidagi rus manzilgohlarida ham ishchi va soldat deputatlari Sovetlari paydo bo‘lib, siyosiy beqarorlik va tartibsizliklar kelib chiqqan. Bu holat Buxoro amirligidagi siyosiy ahvolga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Yosh buxoroliklar partiyasi dastlab mavjud amirlik tuzumi doirasida demokratik islohotlar o‘tkazish, konstitutsiyaviy monarxiya o‘rnatish orqali amirning mutlaq hokimiyatini cheklab qo‘yish tarafdori bo‘lishgan. Petrogradda 1917-yili bo‘lgan Fevral inqilobi Yosh buxoroliklar ichida kuchlar nisbatining qayta guruhlanishini tezlashtirdi.


Asta-sekin isloh qilish tarafdorlari bo‘lgan eski jadidlarga Abdulvohid Burhonov-Munzim (1875–1934) va Sadriddin Ayniy (1878–1954) hamda islohot sohasida faol harakatlarni qo‘llovchi yosh jadidlarga Abdurauf Fitrat (1886–1938) va Fayzulla Xo‘jayev (1896–1938) yetakchilik qildi. Buxoro amiri Sayid Olimxon 1917-yil 7-aprelda Buxoroda turli islohotlar o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Biroq, farmonni quvvatlash maqsadida Yosh buxoroliklar tomonidan poytaxt Buxoro shahrida 8-aprelda bo‘lgan namoyish amir tomonidan bostirildi. 14-aprelda farmon bekor qilindi. Yosh buxoroliklar amirlikda ta’qib ostiga olindi.

Fayzulla Xo‘jayev

Kolesovning Buxoroga bosqini va uning oqibatlari

1917-yil noyabrda Turkiston o‘lkasida bolsheviklarning hokimiyat tepasiga kelishi natijasida sovet Rossiyasi bilan Buxoro amirligi o‘rtasidagi siyosiy vaziyat keskinlashdi. 1917-yil 2-dekabrda Yangi Buxoro (hozirgi Kogon)da bo‘lib o‘tgan amirlik hududidagi rus manzilgohlari ishchi va soldat deputatlari Sovetlarining II syezdida Buxoroda amirlik tuzumini ag‘darib tashlab, hokimiyatni Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi Yosh buxoroliklarga berishga qaror qilindi. Turkiston o‘lkasi XKS raisi Fyodor Kolesov boshchiligidagi 3500 kishidan iborat harbiy kuchlar 1918-yil 1-martda Yangi Buxoroga yetib keldi.
Fayzulla Xo‘jayev raisligida yosh buxoroliklarning 7 kishidan iborat inqilobiy qo‘mitasi (revkom) tuzildi. 2-mart kuni Eski Buxoro shahriga hujum boshlandi. Buxoro shahri yaqinidagi Fathobodda bo‘lgan dastlabki to‘qnashuvda amir Olimxon qo‘shinlari yengilsa ham keyinchalik buxoroliklar Kolesov otryadini qurshab olishdi.


Karmanadan Qorako‘lgacha bo‘lgan 170 km masofadagi temiryo‘l izlari amir sarbozlari tomonidan buzib tashlandi. Buxoroliklar shahar himoyasiga qo‘zg‘aldi. F. Kolesov 5-mart kuni kechqurun Toshkent tomonga chekinishga buyruq beradi. 17-martda Kolesov otryadi bilan Samarqandga yetib keldi.
Bir necha kun davom etgan muzokaralardan keyin 1918-yil 25-martda sovet Turkistoni bilan Buxoro amirligi o‘rtasida Qiziltepa bitimi imzolandi. Amir nomidan bitimni bosh zakotchi Mirza Salimbek imzoladi.


Kolesovning tajovuzkorona hujumi sharmandalarcha barbod bo‘lsa ham, o‘z mustaqilligini himoya qilgan Buxoro amirligi bosqinchi qizil askarlarning o‘z hududidagi harbiy harakatlari uchun javobgar deb hisoblandi hamda katta miqdorda tovon to‘lashi belgilandi. Shuningdek, Kolesov otryadi Buxoro, Karmana va Xatirchida talon-toroj qilingan katta boylik bilan Toshkentga qaytdi. Bu hodisalar amir hay’atiga boshchilik qilgan taniqli davlat arbobi va mashhur tarixchi Mirza Salimbekning “Tarixi Salimiy” asarida o‘z aksini topgan.

Qizil armiyaning Buxoroga hujumi hamda amir hokimiyatining ag‘darilishi

1920-yil 12-avgustda Turkiston fronti qo‘mondoni M. V. Frunze amirlikni tugatish maqsadida Samarqand-Buxoro guruhi (fronti)ni tuzish haqida buyruq bergan. Shu tariqa Buxoro amirligi chegaralariga 7000 piyoda,
2500 otliq askar hamda zamonaviy harbiy texnika shay holatga keltirib qo‘yilgan. Amir Olimxon ixtiyorida 15 000 sarboz, 55 ta eski to‘p va 12 ta pulemyot bor edi, xolos. Harbiy kuchlar nisbatiga ko‘ra Turkiston fronti qo‘shinlari zamonaviy qurollarga ega edi. Sovet hukumati xalqaro huquq normalarini qo‘pol ravishda buzib, 1920-yil 29-avgustda Buxoro amirligini tugatishga kirishdi. Shu sanadan boshlab Eski Buxoro ham havodan, ham yerdan qattiq bombardimon qilingan.


Buxoroning Qarshi darvozasigacha kelgan temiryo‘lda turgan bronepoyezd (zirhli poyezd) va Samarqand, Shayx Jalol, Namozgoh darvozalari yaqinida joylashtirilgan to‘plardan 1–2-sentyabr kunlari shaharga 12 000 snaryad tashlangan. Shahar ustida uchib yurgan 11 ta “qora quzg‘un” (aeroplan) 3 kun davomida bomba yog‘dirgan. Shahar hatto kimyoviy snaryadlardan o‘qqa tutilgan. Qulab tushgan darvozalardan qizil askarlar shaharga bostirib kirganlar. Ko‘cha janglari boshlanib ketgan. Amir Olimxon shahar obidalari va aholini omon saqlash maqsadida poytaxtni tashlab, Sharqiy Buxoroga chekingan.


1920-yil 2-sentyabrda qizil armiya tomonidan Buxoro shahri egallangan. Buxoroda amir hokimiyati ag‘darildi va Yosh buxoroliklar hokimiyat tepasiga kelishdi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasining tuzilishi. Shaharni bosib olgan qizil askarlar Arkdagi amir xazinasini, Buxoro qozikaloni, qo‘shbegi va boshqa amaldorlarning boyliklarini musodara qilganlar. Bolsheviklar, qizil armiya qo‘mondonlari, oddiy askarlar katta boylik orttirganlar. Hatto katta boylikni o‘margan “qizil qo‘mondon” M. Frunze 1920-yil sentyabrda Moskvaga qaytgach, qo‘lga olingan va bir necha oy uy qamog‘ida saqlangan. Sentyabr oyi boshlarida amirlik xazinasi va boshqa boyliklar ortilgan 2 ta eshelon Samarqand va Toshkent orqali Moskvaga yo‘l olgan. 1920-yil 6–8-oktyabrda amirning yozgi saroyi Sitorai-Mohi Xosada chaqirilgan Butunbuxoro xalq vakillarining I qurultoyida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilganligi tantanali ravishda e’lon qilindi.

Abdulqodir Muhitdinov


Yosh buxoroliklar partiyasining yetakchisi Fayzulla Xo‘jayev yangi hukumat — BXSR Nozirlar Sho‘rosining raisi, Abdulqodir Muhitdinov Butunbuxoro Markaziy Inqilobiy Qo‘mitasi (Markaziy revkom) raisi bo‘ldi. BXSR davlat tuzumi jihatidan xalq demokratik hokimiyati edi. Uning zimmasiga qisqa muddat ichida o‘rta asrlardan meros qolgan amir Buxorosini demokratik davlatga aylantirishdek tarixiy vazifani bajarish tushdi.


BXSR dastlabki hukumati tarkibiga Fayzulla Xo‘jayev rais va tashqi ishlar, Qori Yo‘ldosh Po‘latov maorif, Muxtorjon Saidjonov ichki ishlar, Usmon Xo‘ja (Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev) moliya, Najib Husainov davlat nazorati, Yu. Ibrohimov favqulodda komissiya raisi, Mukammal Burhonov adliya, Shihobuddinov harbiy ishlar, Mirzo Muhiddin Mansurov savdo va sanoat nozirlari sifatida kiritildi. Butunbuxoro Markaziy Inqilobiy Qo‘mitasining a’zolari qilib Muinjon Aminov, Olimjon Akchurin, Abdulhamid Oripov, Sobir Yusupov, Hoji Hasan Ibrohimov, Fayzulla Xo‘jayev, Qulmuhamedov tayinlandi.
BXSRdagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy o‘zgarishlar. 1921-yil 18–23 sentyabrda bo‘lgan Butunbuxoro xalq vakillarining II qurultoyida demokratik ruhdagi BXSR Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Markaziy Revkom o‘rniga qonun chiqaruvchi va nazorat qiluvchi oliy organ – Butunbuxoro Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi tashkil qilindi. Taniqli davlat arbobi Usmon Xo‘ja unga rais bo‘ldi. U keyinchalik, xorijga chiqib ketgach, 1922–1924-yillarda bu lavozimni Porso Xo‘jayev egalladi. Biroq, shunday bo‘lishiga qaramasdan, Fayzulla Xo‘jayev, Abdulqodir Muhitdinov, Fitrat, Otaulla Xo‘jayev singari arboblar hukumatda demokratik yo‘l tutib, mo‘tadil maqomda turdilar.

Porso Xo‘jayev
Fayzulla Xo‘jayev boshchiligida tuzilgan Buxoro, Xalq Sovet Respublikasi hukumati – Xalq Nozirlar Sho‘rosi a’zolari

Buxorodagi demokratik o‘zgarishlarga mamlakat tashqarisidan tazyiq tobora kuchayib bordi. 1923-yil yozi va kuzida tashqi kuchlar tazyiqi bilan Fayzulla Xo‘jayevning yaqin safdoshlari bo‘lgan Fitrat, Otaulla Xo‘jayev, Sattor Xo‘jayev, Muinjon Aminov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov va boshqa nozirlar hukumat tarkibidan chiqarildi hamda Buxorodan surgun qilindi. Buxoro hukumati Moskva va Toshkentning “kommunistcha sabog‘”ni olgan “tajribali sovet xodimlari” bilan to‘ldirildi. Hukumatda Turkiston ASSRdan yuborilgan komissarlarning ta’siri tobora kuchayib bordi. Jamiyat tobora siyosiylashdi.

Usmon Xo‘ja


1924-yil 18–20-sentyabrda bo‘lgan Butunbuxoro xalq vakillarining V qurultoyida BXSRning nomi o‘zgartirilib, u Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasi (BSSR)ga aylantirildi. Xullas, Markaz va Turkiston ASSRdagi bolsheviklar va boshqa kuchlar Buxoroni “sotsialistik” o‘zgartirishlar girdobiga tortishdi.