Qoraqalpoq yozma adabiyoti
XVIII asrdan boshlab qoraqalpoq yozma adabiyoti shakllandi va rivojlana bordi. XVIII–XIX asrning birinchi yarmida qoraqalpoq adabiyotining ko‘zga ko‘ringan qator namoyandalari qalam tebratganlarkim, ularning nomlari bugungi kunda ham ardoqlanadi. Ulardan biri Jiyen Jirov (1730–1784) edi. U mashhur baxshi, hajvchi shoir sifatida kamol topdi. ʻʻHoy yigitlar, yigitlarʼʼ va ʻʻYuragimda ko‘p dog‘imʼʼ kabi qator she’rlarida jamiyatdagi nohaqliklarni, hukmron tabaqalarning kirdikorlarini, xalqqa o‘tkazgan jabr-zulmlarini fosh etadi.

Qoraqalpoqlar — erksevar xalq. Shuning uchun ham ular doimo o‘z erki uchun ozodlik kurashi olib borgan. Ma’lumki, qozoq xoni Abulxayrga qarshi olib borilgan urushda qoraqalpoqlar yengilib qolgandi.

Bu mag‘lubiyat natijasida ular azob-uqubatlarga duchor etilgan. Xususan, Sirdaryo bo‘ylaridagi qoraqalpoqlar haryoqqa tarqab ketgan. Ularning bir qismi Toshkent atrofiga (Chirchiq bo‘ylariga), boshqa bir qismi esa Qizilqum orqali Xorazmga (Orol dengizining janubiy sohillariga) ko‘chib ketgan. Mana shu ko‘chishlarning guvohi bo‘lgan Jiyen Jirov ʻʻDarbadar elʼʼ nomli doston yozib, unda qoraqalpoqlarning mashaqqatli davri tarixini haqqoniy bayon etgan. Baxshi sifatida ʻʻAlpomisʼʼ, ʻʻQirqqizʼʼ kabi dostonlarni zo‘r mahorat bilan kuylagan. Qoraqalpoq adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan yana biri Kunxo‘ja Ibrohim (1799–1880) edi. Shoirning, ayniqsa, ʻʻO‘roqchilarʼʼ, ʻʻCho‘ponlarʼʼ, ʻʻElbilanʼʼ kabi she’rlari xalq orasida mashhur bo‘lib, ularda qoraqalpoq xalqining Xiva xonligi tobeligiga tushib qolgan davrdagi og‘ir ahvoli, erksiz turmushi, hukmron tabaqalar kirdikorlari katta mahorat bilan fosh etilgan.
Ajiniyoz
Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li (taxallusi Zevar) ham (1824–1878) qoraqalpoq xalqining atoqli shoirlaridan biridir. Mo‘ynoqdagi eski maktabda o‘qigan. Keyin Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida ilm olgan. Ajiniyozdan yuzdan ortiq she’r va dostonlar meros qolgan. She’rlarida Vatan, insonparvarlik g‘oyalari kuylangan. Shoirning ʻʻBo‘zatovʼʼ dostonida esa qoraqalpoq xalqining boshqa yurtlarga ko‘chib ketishga majbur etilgani katta mahorat bilan tasvirlangan. 1999-yilda Ajiniyoz tavalludining 175 yilligi nishonlandi. Nukusda Ajiniyoz maydoni barpo etildi va unga haykal o‘rnatildi.
Berdaq
Qoraqalpoq xalqi adabiyoti uning asoschisi Berdaq (1827–1900) (taxallusi; asl ismi Berdimurod Qarg‘aboy o‘g‘li) nomi bilan mashhurdir. «Berdaq avval ovul maktabida, so‘ngra madrasada tahsil ko‘rgan. U Navoiy, Fuzuliy, Maxtumquli, Kunxo‘ja asarlarini chuqur mutolaa qilgan, ulardan o‘rgangan. Berdaq tarixni, xalq og‘zaki ijodini mukammal o‘zlashtirib oladi. Uning ijodi 18–19 yoshlarda do‘mbira chertib, she’r aytishdan boshlangan. 25 yoshida u iste’dodli shoir sifatida xalq orasida tanildi. Uning ʻʻBoʻlgan emasʼʼ, ʻʻUmrimʼʼ va ʻʻSoliqʼʼ kabi she’rlarida mehnatkash xalqning og‘ir hayoti o‘z aksini topib, Xiva xonlari, amaldorlari zulmiga qarshi xalq noroziligi ifodalangan. Xususan, ʻʻSoliqʼʼ she’rida bunday deb nola qiladi:
ʻʻUndiradi och xalqdan,
Yetimlar yig‘lar xo‘rlikdan,
Boy omon qoldi soliqdan,
Tuhmat to‘lov bo‘ldi soliqʼʼ.»

«ʻʻO‘g‘limgaʼʼ, ʻʻAhmoq bo‘lmaʼʼ kabi she’rlari orqali esa yoshlarni Vatanni sevishga, ma’rifat cho‘qqilarini egallashga chaqiradi. Berdaq xalq hayotini, uning ezgu orzu-istaklarini yaxshi bilgan shoir edi. Shuning uchun ham uning she’rlarida xalqparvarlik ruhi kuchli edi. Xususan, shoir o‘zining ʻʻXalq uchunʼʼ degan she’rida yoshlarni mehnatkash xalq uchun jonini ayamaslikka chaqiradi:
ʻʻBo‘ri hech vaqt o‘z dardini bildirmas,
Yaxshi odam dushmanini kuldirmas,
Qo‘ldan kelsa unga davron surdirmas,
Er yigitning joni qurbon xalq uchunʼʼ.
Berdaq tarixiy mavzularda ham qalam tebratgan.»
Uning ʻʻOmongeldiʼʼ , ʻʻOydo‘stbiyʼʼ, ʻʻErnazarbiyʼʼ kabi asarlarida xonlar zulmiga qarshi kurashgan xalq qahramonlari faxr bilan kuylanadi. ʻʻAvlodlarʼʼ asari tarixiy voqealar solnomasi bo‘lib, unda xalqlarning kelib chiqishi, qoraqalpoq xalqining boshqa turkiy xalqlar bilan aloqasi, ularning hayotidagi umumiylik kabi jihatlar bayon etilgan. Xiva xonligi zulmiga qarshi ko‘tarilgan isyon ,ʻʻErnazarbiyʼʼ dostonida ham aks ettirilgan. 1998-yilda mamlakatimizda Berdaq tavalludining 170 yilligi keng nishonlandi. Toshkent shahridagi xiyobonlarning biriga Berdaq nomi berildi va byusti o‘rnatildi. Shoir tug‘ilgan joy — Bo‘zatovda ham Berdaq byusti o‘rnatildi, Nukus shahrida Berdaqqa haykal qo‘yildi.