M a’naviy-ma’rifiy, madaniy hayot


Ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hayot Ashtarxoniylar davrida avj olgan ichki ziddiyatlar, tinimsiz urushlar, siyosiy parokandalik ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hayotga salbiy ta’sir etdi. Biroq bunday murakkab siyosiy vaziyat maorif, ilm-fan, madaniyat rivojini to‘xtatib qo‘ya olmagan.

Maktab va madrasa ta’limi

XVII–XVIII asrlarda shahar va qishloqlarda ko‘plab maktab (maktabxona) faoliyat ko‘rsatgan. O‘g‘il va qiz bolalar alohida-alohida maktablarda o‘qitilgan. O‘g‘il bolalar maktabi masjidlar, madrasalar, xo‘jalik yurituvchi ustaxonalar qoshida yoki xususiy maktabdorlar xonadonida tashkil etilgan bo‘lib, masjid imomi yoki madrasani tugatgan ziyoli kishilar o‘qituvchilik qilgan. Ularni domla deyishgan. Qiz bolalar maktabi badavlat kishilar yoki o‘qituvchi ayollar uyida tashkil etilgan, qizlarni otinoyi, otinbibi, bibixalifa, bibiotin deb atalgan ayol o‘qituvchilar o‘qitishgan. Bolalar maktabga 6–7 yoshdan berilgan va ular 5–8 yil davomida boshlang‘ich ta’lim olishgan.
O‘quvchilarga avval harflar o‘rgatilgan, keyin bo‘g‘inlar, ularni qo‘shish orqali so‘z tuzish, ʻʻHaftiyakʼʼ (Qur’oni Karimning yettidan biri) kitobini o‘qish o‘rgatilgan. Hisob darsida sonlar, ularni qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish, bo‘lish amallari o‘rgatilgan. O‘quvchilar Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Mashrab, Hofiz Sheroziy, So‘fi Olloyor asarlarini, ʻʻChor kitobʼʼni o‘qib saboq olishgan.


Qizlar maktablarida uy-ro‘zg‘or tutish, pazandachilik, odob-axloq, pokizalik sirlarini o‘rganishga ko‘proq o‘rin berilgan. Bolalar o‘qishni to‘liq o‘zlashtirib olganlaridan keyingina yozishga o‘tgan. Maktablarda imtihonlar bo‘lmagan, o‘quvchilarga maktabni bitirgani to ‘g‘risida hujjat ham berilmagan. Bolaning ravon o‘qishi, to‘g‘ri yoza olishi, hisob-kitobni bilishi maktabni bitirganligiga isbot bo‘lgan. Madrasa o‘rta va oliy o‘quv yurti hisoblangan. Madrasaga maktabxonalarni tugatganlar qabul qilingan. Madrasa ta’limi talabalar iqtidoriga qarab 7–12 yil davom etgan. Buxoro xonligi shaharlarida 150 dan ortiq madrasa bo‘lgan. Madrasada arab, fors tilida yozilgan kitoblar o‘qitilgan, ular talabalarga mudarris tomonidan turkiy tilda sharhlab berilgan. O‘qish ʻʻAvvali ilmʼʼ deb nomlangan fors tilidagi o‘quv qo‘llanmasini o’zlashtirishdan boshlangan. Keyin arab tili grammatikasi o‘qitilgan. Fiqh (huquq)ni o‘rganish majburiy hisoblangan.


Ilm va fan

Diniy mutaassiblik, xalq ommasidan diniy aqidalarga so‘zsiz itoat etish talablarining kuchayishi ilm-fan ravnaqiga salbiy ta’sir etdi. Shunga qaramasdan, ilm ahllarining ijodi batamom to‘xtab qolmadi. Mahmud ibn Valining 1636-yilda yozilgan ʻʻBahr ulasrorʼʼ (Sirlar dengizi) asarida samarqandlik va buxorolik 20 nafar olim haqida ma’lumotlar berilgan. XVII asrning taniqli olimi, Mir Arab madrasasi mudarrisi Muhammad Sharif Buxoriy (1609–1697) falsafa, tasavvuf, tarix, fiqh, tilshunoslik, astronomiya sohasida 20 dan ortiq asar yozgan. Uning ʻʻXoqonga foydali maslahatlarʼʼ kitobida shariat qonun-qoidalari, ijtimoiy hayot va axloqiy muammolarga oid ma’lumotlar, hukmdorlar to‘g‘risida qiziqarli lavhalar o‘z ifodasini topgan.
Subhonqulixon davrida tibbiyot ilmi rivojlandi. Uning tashabbusi bilan Buxoroda ʻʻDor ush-shifoʼʼ qurilib, bemorlarni davolash ishi yo‘lga qo‘yilgan, tibbiyotga ixtisoslashgan madrasa qurilib, shifokorlar tayyorlangan. Subhonqulixonning tibbiyotga oid kitoblar jamlangan nodir kutubxonasi bo‘lgan. U ʻʻSubhoniy tibbiyoti bo‘yicha davolashʼʼ va astronomiyaga oid ʻʻBaxtli soatni aniqlashda oy manzillarining mohiyatiʼʼ nomli kitoblar yozgan.


Tarixnavislik

XVII–XVIII asr birinchi yarmida Buxoro tarixiga doir qator asarlar yaratiladi. Тarixchi va geograf olim Mahmud ibn Valining ʻʻOliyjanob insonlar jasorati xususida sirlar dengiziʼʼ (ʻʻBahr ul-asrorʼʼ) asarida Movarounnahr va Xuroson tarixi, mamlakatlar, shaharlar, okean va dengizlar, hayvonot olami haqida qimmatli ma’lumotlar bayon qilinadi. Shuningdek, bu davrda Muhammad Yusuf Munshiyning ʻʻTarixi Muqimxoniyʼʼ, Muhammad Amin Buxoriyning ʻʻUbaydullanomaʼʼ, Muhammad ibn Muhammad Zamon Buxoriyning ʻʻTarixlar dengiziʼʼ, Abdurahmon Tolening ʻʻAbulfayzxon tarixiʼʼ kabi muhim asarlar yaratildi.


Adabiyot

XVII–XVIII asr birinchi yarmida adabiyot ancha rivoj topdi. Bu davr adabiy muhitida Bedil (asl ismi Mirzo Abdulqodir, 1644–1721)ning o‘rni katta. U kesh (Shahrisabz)lik. Dehlida vafot etgan. Uning yirik asari ʻʻTo‘rt unsurʼʼ nasrda yozilgan bo‘lib, unda havo, suv, yer, olov haqida, shuningdek, o‘simliklar, hayvonlar va odamning kelib chiqishi haqida o‘z qarashlari bayon etiladi.
Bedilning ʻʻIrfonʼʼ (ʻʻBilimʼʼ) dostonida falsafa, tarix va ilohiyot masalalari bayon etilgan. Bedilning fikricha, dunyo abadiy bo‘lib, to‘xtovsiz harakat qiladi va o‘zgarib turadi. U she’rlarida jamiyatdagi jabr-zulm, adolatsizlik kabi illatlarni qoralaydi. Bedil Turkistonda ʻʻAbulma’oniyʼʼ (Ma’nolar otasi) degan nom olgan. Bu davr adabiyotining yirik namoyandalaridan yana biri shoir Sayido Nasafiy edi. U Nasaf (Qarshi) shahrida tug‘ilgan. Zamondoshlari uni ʻʻBuxoro shoirlari taxtida sultonʼʼ deb ulug‘lashgan. Uni ʻʻHayvonotnomaʼʼ nomli majoziy munozara asari mashhur qilgandi. Nasafiy mazkur asarida hayvonlar timsoli orqali yer egalari va amaldorlarning mehnatkash xalqqa yetkazgan jabr-zulmlarini, ularning adolatsizligini, poraxo‘rligi va ma’naviy jihatdan pastkashliklarini fosh etadi.


Shoir asarida bo‘ri va sher timsolida yer egalarining yirtqichlikdan iborat asl basharalarini ochib tashlaydi. Asarda sher barcha hayvonlar ustidan g‘alaba qozonsa-da, mehnatkash xalq timsoli bo‘lgan chumolidan yengiladi.
«Bu shoirning mehnatkash xalq ham bir kun emas, bir kun jabr-zulmdan ozod boʻlishi yoʻlidagi orzusi edi. Bu davr adabiyotida Turdi Farog‘iy ham munosib o‘rin egallaydi. Turdi jamiyatdagi adolatsizliklarni, Subhonqulixonning xalqni og‘ir soliqlarga duchor etganini, uning oqibatida xalq tortayotgan azob-uqubatlarini ro‘yi-rost tanqid qila olgan jasoratli shoir edi:

Yedingiz barchangiz itdek fuqaroning etini,
G‘asb ila molin olib, qo‘ymadingiz bitini.»


Turdi xalqning tilidan, mamlakatni xonavayron qilgan siyosiy tarqoqlik, u keltirib chiqargan qirg‘inbarot urushlarni la’natlagan. Urug‘ va qabilalami birlashishga va o‘zaro hamkorlik qilishga da’vat etgan. Urug‘ oqsoqollarini va beklarni bir yoqadan bosh chiqarishga chaqirgan. «Bu o‘rinda Turdining ʻʻTor ko‘ngullik beklarʼʼ she’ri alohida ahamiyatga ega:

Tor ko‘ngullik beklar, manman demang, kenglik qiling,
To‘qson ikki bovli o‘zbek yurtidir, tenglik qiling…»


Me’morchilik

Buxoro xonligi tasarrufidagi hududlarda me’morchilik ham ancha rivoj topdi. Ko‘plab masjidlar, madrasalar, bozorlar, xonaqohlar, karvonsaroylar, hammomlar, sardobalar barpo etildi. Ularning bunyod etilishida temuriylar davrida qurilgan me’moriy obidalar andaza bo‘lib xizmat qilgan. XVII asrda Samarqand Registoni ansamblining hozirgi qiyofasi shakllantirildi. Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir 1619–1635-yillarda vayrona holatiga tushib qolgan Registon maydonida Ulug‘bek madrasasi qarshisida Sherdor madrasasini, uning yonida 1646–1660-yillarda Tillakori madrasa-masjidini o‘z mablagʻlari hisobidan bunyod ettirgan, unga tilladan ishlov berish, bezash ishlari bajarilgan. Samarqand Registon amambli o‘zining rang-barang koshinkor bezaklari, naqshinkor peshtoqlari, ulkan gumbazlari bilan Markaziy Osiyo me’morchiligining noyob tarixiy yodgorligi bo‘lib, bugungi kunda jahon jamoatchiligi, sayyohlar e’tiborini o‘ziga jalb qilmoqda.

Samarqand. Registon ansambli
Buxoro. Nodir devonbegi madrasasi



Buxoroda yirik me’moriy majmua — Labihovuz ansambli bunyod etildi. Buxoroning eng badavlat kishilaridan biri bo‘lgan Nodir devonbegi 1620-yilda bozor maydoni o‘rtasida bo‘yi 45 metr, eni 36 metr, chuqurligi 5 metr bo‘lgan katta hovuz qurdirib, atrofini shagʻal, marmar va toshlar bilan mustahkamlattiradi. Hovuz atrofida Nodir devonbegi madrasasi va xonaqohi, Ko‘kaldosh madrasasi, Ernazar elchi madrasasi bunyod etiladi. 1652-yilda Buxoro shahrida Abdulazizxon qurdirgan qo‘shimoratli madrasa mustahkamligi, nafis naqshli koshinlarga boyligi bilan ajralib turadigan, o‘z zamonasi me’morchiligining yetuk namunasi hisoblanadi.