Ashtarxoniylar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayot


Davlat boshqaruvi

Ashtarxoniylar davrida davlat tizimi va boshqaruvi o‘z tuzilishi, mohiyati jihatidan shayboniylar davridagidan deyarli farq qilmas edi. Davlatning ichki va tashqi siyosatiga doir masalalar rasman oliy hokimiyat boshlig‘i — Xon ixtiyori bilan hal qilinardi. Markaziy va mahalliy hokimiyat boshqaruvida ham shayboniylar davrida amalda bo‘lgan lavozimlar saqlanib qolgan (6-§ ga qarang). Shunday bo‘lsa-da, ayrim o‘zgarishlar ham amalga oshirilgan. Chunonchi, shayboniylar davrida devonbegi xondan keyingi shaxs bo‘lgan bo‘lsa, endi otaliq lavozimidagi shaxs bunday martabaga ega bo‘lgan. Shuningdek, ashtarxoniylar davrida saroy qutvoli davlat lavozimi joriy etilib, u davlat mablag‘i hisobiga amalga oshiriladigan qurilish, suv inshootlari barpo etish va obodonchilik ishlarini boshqargan.

Yer egaligiga munosabatlar

Ashtarxoniylar davrida yerga egalik qilishning, avvalgi asrlarda amalda boʻlganidek, mulki sultoniy, xususiy mulk, vaqf yerlari shakllari mavjud edi.
Mulki sultoniy davlat yerlari hisoblanib, undan keladigan daromad xon xazinasiga kelib tushardi. Davlat yerlaridan o‘sha joylarda yashagan dehqonlar foydalangan, ular yerni ishlatib, olingan hosildan xiroj solig‘i to‘lashgan. Xon davlat tasarrufidagi yerlarni, aholi yashaydigan qishloqlarni shahzodalarga, yirik din ulamolari va sayyidlarga suyurg‘ol shaklida, harbiy qism boshliqlari va saroy amaldorlariga tanho shaklida in’om qilardi.
Suyurg‘ol qilingan katta yer egalari xon xazinasiga soliq to‘lamas edi. Tanho shaklida in’om qilingan yerlar tanhodorning xususiy mulki bo‘lmagan. Bu o‘rinda tanhodor o‘sha yerlarda ishlayotgan dehqonlardan soliq yig‘ib olish huquqiga ega bo‘lgan. Xon ayrim shaxslarga hukmdorga ko‘rsatgan alohida xizmatlari uchun ham yer-mulklar in’om etardi. Bunday mulklar soliqlardan ozod qilinardi va shu boisdan ular ʻʻMulki hurri xolisʼʼ deb atalardi. Diniy mahkamalarga mulki sultoniy hisobidan berilgan yerlar, masjidlar, xonaqohlar, qabristonlar vaqf mulki hisoblanardi. Vaqf mulkidan ham soliq olinmas edi. Barcha mulk shakllariga xos xususiyat shunda ediki, ularda yersiz kambag‘al dehqonlar ijara hisobiga mehnat qilishgan.


Dehqonchilik va chorvachilik

Qabila boshliqlari va amirlar o‘rtasidagi ichki kurashlar mamlakat iqtisodiy hayotini, aholining moddiy turmushini ayanchli ahvolga tushirdi. Sug‘oriladigan yerlarda bug‘doy, arpa, jo‘xori, loviya, mosh, sholi, paxta, sabzavot va poliz ekinlari ekilgan. Dasht va tog‘oldi lalmi yerlarda ham boshoqli ekinlar, kunjut, tarvuz, qovun ekilib, dehqonchilik qilingan. Dehqonchilik mamlakat iqtisodining butunlay inqirozga tushib qolishidan saqlab turgan asosiy omil bo‘lib, aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilgan. Imomqulixon davrida, 1614–1615-yillarda Qashqadaryodan Qarshi cho‘liga, 1633–1634-yillarda Qo‘shqo‘rg‘onda kanal qazilib, vohalarga suv chiqarilgan. Biroq ashtarxoniylar davrida suv inshootlari qurilishiga yetarli e’tibor berilmadi. Chorvachilik ham qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmog‘i bo‘lgan. Mehnatkash aholi chorva mollarini boqib, go‘sht, sut mahsulotlari yetishtirgan. Ammo katta yaylovlar xon, saroy amaldorlari, din peshvolari, qabila boshliqlariga tegishli bo‘lib, ming-minglab qo‘ylar, sigirlar, yilqilar, tuyalar boqilardi. Jun, teri va boshqa chorvachilik mahsulotlari yetishtirilar, ichki va tashqi bozorda sotilardi. Ho‘kizlardan yer haydovchilar, omoch va mola tortuvchilar keng foydalanishardi.


Hunarmandchilik va savdo

Hunarmandchilik mahsulotlari, asosan, shaharlarda, yirik qishloqlarda yetishtirilar edi. Hunarmandchilikning to‘qimachilik tarmog‘ida ip yigirish, gazlamalar tayyorlash, kiyimlar tikish, gilam to‘qish, kashtachilik rivojlandi.
Hunarmandchilikning kulolchilik tarmog‘i ham rivoj topadi. O‘lkada sog‘ tuproq manbalarining ko‘pligi sopol va chinni idishlar, ko‘za, kosa va boshqa tayyor kulolchilik mahsulotlari tayyorlashga imkoniyat berardi. Metall va yog‘ochga ishlov berish orqali uy-ro‘zg‘or buyumlari tayyorlash, binolar qurilishida yog‘och va ganch o’ymakorligi kabi hunarmandchilik tarmog‘i ham ancha o‘sdi. Buxoro va Samarqandda yuqori sifatli yozuv qog‘ozi ishlab chiqarish, tog‘li hududlardan nodir metallar, kaliy qazib olish ham yo‘lga qo‘yilgan. XVII–XVIII asrlarning birinchi yarmida savdo-sotiq ishlari ham bir qadar o‘sib bordi. Savdo-sotiq ishlarida Buxoro, Samarqand, Qarshi, Toshkent, Balx va boshqa yirik shaharlarning mavqeyi baland edi. Ichki savdoda dehqonchilik, chorvachilik mahsulotlariga, hunarmandchilik buyumlariga ehtiyoj kattaligi sababli bozorlar gavjum bo‘lardi. Tashqi savdo ham to‘xtab qolmadi. Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Qashqar, Turkiya mamlakatlariga paxta, teri, jun, turli matolar va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari chiqarilar edi. Buxorolik savdogarlarning Sibir shaharlarida o‘z savdo rastalari boʻlgan. Xitoydan shoyi matolar, chinni idishlar, dori-darmon, choy, Hindistondan qimmatbaho toshlar, matolar, oltin iplar olib kelib sotilgan.

Xalq noroziliklari

Ashtarxoniylar davrida davlat xazinasini to’ldirishning yagona vositasi soliqlar edi. Shu boisdan soliqlar turi va miqdori ko‘paytirilgan. Asosiy soliq to‘lovchilar — dehqonlar, chorvadorlar, hunar- mandlar, savdogarlar bo‘lib, ulardan xiroj, zakot, boj va boshqa soliqlar undirilgan. Soliqlardan tashqari aholi kanallar qazish, ariqlami tozalash, qurilish va boshqa ishlarga majburan jalb etilardi. Urush yillarida soliq miqdori haddan tashqari oshirilardi. Subhonqulixon davrida aholidan 7 yillik soliqlarni birdaniga yig‘ib olish hollari bo‘lgan. Ubaydullaxon esa yig‘iladigan soliqlar miqdorini 4 baravarga ko‘paytirgan. Ubaydullaxon 1708-yilda pul islohoti o‘tkazib, tarkibining 35 foizini kumush tashkil etuvchi tangalar o‘rniga tarkibida 9 foiz kumush bo‘lgan tangalarni zarb ettiradi va uning qimmatini oldingi tangalarga teng deb belgilaydi. Natijada pulning qadri 4 baravar kamayadi, norozilik kuchayib, do‘kondor va hunarmandlar o‘z mahsulotlarini sotmay qo‘yishgan. Bunday ahvolga chiday olmagan xalq 1708-yilda Buxoroda, keyinchalik Samarqand, Balx, Karmana, Miyonqol, Shahrisabz va boshqa qator joylarda ham qo‘zg‘olon ko‘taradi. Biroq bu qo‘zg‘olonlar tartibsiz, tarqoq holda bo‘lgani uchun tezda bostiriladi. Shunday bo‘lsa-da, bu xalq qo‘zg‘olonlari Buxoro xonligini yanada zaiflashtirgan.