Shohruhbiy — xonlik asoschisi
Farg‘ona vodiysi Buxoro xonligi tasarrufida edi. XVIII asr boshlarida Buxoro asoschisi xonligi ichki kurashlar oqibatida zaiflashadi. Bunday vaziyatdan foydalangan jung‘orlar Farg‘ona vodiysiga tez-tez bostirib kirib, talon-toroj qila boshladi. Vaziyat ichki kuchlarni birlashishga, mustaqil davlat tuzishga undamoqda edi. Dastlab Chust yaqinidagi Chodak qishlog‘i xo‘jalar jamoasi o‘z mulklarini mustaqil deb e’lon qilishdi. Vodiydagi o‘zbeklarning ming urug‘i oqsoqollari yig‘ilishib, o‘z yo‘lboshchisi Shohruxbiy boshchiligida Buxoro xonligidan mustaqil davlat tuzishga qaror qilishgan. Tepaqo‘rg‘on hukmdor Shohruxbiyning qarorgohiga aylantirildi. Shohruxbiyning o‘g‘li Abdurahimbiy (1721–1733) davrida Xo‘jand, O‘ratepa viloyatlari qo‘shib olindi. U Shahrisabz ostonalariga qo‘shin tortib bordi va uning hokimi bilan Qo‘qonga tobelik haqida bitim tuzishga erishadi. Keyin Samarqandni va Jizzaxni egallaydi. Abdurahimbiy Xo‘jandga qaytib kelgach, qattiq betob bo‘lib, vafot etadi. Qo‘qon xonligi taxtiga uning inisi Abdukarimbiy o‘tiradi (1733–1750).
U o‘z poytaxtini Tepaqo‘rg‘ondan Qo‘qon shahriga ko‘chiradi. Shahar atrofini devor bilan o‘ratadi. Erdonabiy hukmronligi davrida (1751–1762) xonlikning qudrati ortdi. U O‘sh va O‘zganni bo‘ysundirdi. Erdona davrida Qo‘qon xonligi g‘arbda Buxoro, sharqda Xitoy bilan tengma-teng kurash olib bora olgan davlatga aylandi. Biroq uning hukmronligi yillarida toj-u taxt uchun kurash ham kuchaydi.
Nihoyat, 1763-yilda taxtga Abdukarimbiyning nabirasi Norbo‘tabiy o‘tqazildi (1763–1798). U dastlab Chust va Namangan hokimlarining isyonini bostirdi. Xo‘jandni qayta bo‘ysundirdi. Norbo‘tabiy davrida ekinlardan mo‘l hosil olinib, bozorlarda narx-navo arzonlashgan. Mamlakatning qudrati har tomonlama o‘sgan. Norbo‘tabiy vafot etgach, taxtga uning o‘g‘li Olimbek o‘tqazildi. Uning davrida (1798–1810) Qo‘qonning siyosiy mavqeyi yanada kuchaydi. U Ohangaron vohasini, Toshkent, Chimkent va Sayramni, Rossiyaga boruvchi karvon savdo yo‘llarini bo‘ysundiradi. Shu tariqa Olimxon davrida Rossiya bilan birinchi marta savdo aloqalari o‘rnatilgan. Olimxon harbiy islohot ham o‘tkazgan. Unga ko‘ra ʻʻaskariyaʼʼ deb ataluvchi muntazam qo‘shin tuzilgan.
Bu qo‘shin sipoh (otliq), sarboz (piyoda) va to‘pchi kabi qismlardan iborat bo‘lgan. Ayni paytda xonlikda ʻʻqilquyruqʼʼ deb ataluvchi nomuntazam qo‘shindan foydalanish ham davom etgan. Muntazam qo‘shin, birinchi navbatda, markaziy hokimiyatning tayanchiga aylantirildi. Ikkinchidan esa asosiy raqibi — Buxoro amirligiga qarshi tura olishini ta’minladi. Buxoro amirligiga qarshi tura olishiga ishonch hosil qilgach, 1805-yilda o‘z davlatini rasman Qo‘qon xonligi deb, o‘zini esa xon deb e’lon qildi.
Davlat tuzumi va boshqaruvi
Qo‘qon xonligi davlat tuzumiga ko‘ra mutlaq monarxiya edi. Davlat boshlig‘i xon bo‘lib, u rasman cheklanmagan huquqqa ega bo‘lgan. Xon davlatni hukmron qabila, ruhoniylar, boshqa qabilalarning nufuzli tabaqalari, davlat boshqaruvi amaldorlari va harbiylarga tayanib boshqargan. Mulla Olim Mahdum xo‘ja Toshkandiyning 1915-yilda Toshkentda nashr etilgan ʻʻTarixi Turkistonʼʼ asarida Qo‘qon xonligidagi mansablarga ta’rif berilgan. Unda ta’kidlanishicha, xondan keyingi o‘rinda mingboshi turgan. U bosh vazir va qo‘shinning bosh qo‘mondoni sanalgan. Qo‘shbegi esa xonning maslahatchisi bo‘lgan. U ayni paytda, katta shaharlardan biriga hokim etib ham tayinlangan. Chunonchi, Toshkent shahri ma’lum bir vaqtda qo‘shbegi tomonidan boshqarilgan. Parvonachi mansabi ham o‘z nufuzi jihatidan qo‘shbegi vakolatiga teng boʻlolgan. Xonlikda xon yotog‘i posbonboshi, tunqator (xon topshiriqlarini tunda bajaruvchi), otchiq, dodxoh, bakovulboshi, daftardor kabi mansablar ham joriy etilgan. Qo‘qon xonligida islom shariati qoidalarining amal qilishiga mas’ul bo‘lgan katta nufuzga ega lavozimlar ham boʻlgan. Bular shayxulislom, qozikalon, qozi, muftiy lavozimlari edi. Bu mansablarga ulamolar vakillari tayinlangan. Ma’muriy-hududiy jihatdan xonlik viloyatlarga (o‘n beshta), beklik va oqsoqolliklarga bo‘lingan.
Bakovulboshi — saroy dasturxonchilari boshlig‘i, hukmdorga taom tortishdan oldin uni awal o‘zi tatib ko‘ruvclii bosh oshpaz.
Daftardor—xonning shaxsiy daromadi hisob-kitobini olib boruvchi amaldor.