Amirlik shaharlari hayoti va savdo-sotiq ishlari


Shaharlar hamisha mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida g‘oyat katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Chunki shaharlar davlat hokimiyati tayanchi, savdo va hunarmandchilik markazi, madaniyat hamda ilm-fan o‘chog‘i vazifasini o‘tagan.


Samarqand

ʻʻDunyoning husniʼʼ deb ulug‘langan Samarqand amirlikning eng yirik shaharlaridan biri edi. Samarqand shahrida kulolchilik, cho‘yan quyish (degrezlik), teri oshlash, qog‘oz, kiyim-kechak, qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchilar, baxmalboflar, kimxobgarlar, chitgarlar, bo‘yoqchilar, po‘stindo‘zlar, mo‘ynado‘zlar mahallalari va rastalari bo‘lgan. Samarqandda yetti madrasa faoliyat ko‘rsatgan. Bular Ulug‘bek, Sherdor, Tillakori, Safed (Xoja Ahror), Shayboniyxon, Xoja Abdulg‘afur, Qozi Soqiy madrasalari edi. Ashtarxoniylar davrida kuchayib ketgan siyosiy kurashlar, chet elliklar hujumi natijasida shahar talangan, vayronaga aylangan. Buxoro amiri Shohmurod davrida Samarqand deyarli qayta tiklangan. XIX asr boshlarida Samarqand shahri baland devor bilan o‘rab olingan. Uning Buxoro, Paykabod, Shohizinda, Qalandarxona, So‘zangaron, Xoja Ahror nomlari bilan ataluvchi 6 ta darvozasi bo‘lgan. Shaharda ko‘plab bog‘lar, ariq-zovurlar va hovuzlar, 2 ta karvonsaroy va 3 ta hammom bo‘lgan. Ko‘chalar shaharning 6 ta darvozasini Registon maydoni bilan bog‘lagan. Shahar aholisi soni 25–30 ming kishini tashkil etgan. Shaharda hunarmandchilikning shoyi to‘qish, qog‘oz ishlab chiqarish, kulolchilik, temirchilik, novvoylik, qandolatchilik va kashtachilik sohalari juda rivojlangan. 2007-yilda Samarqand shahrining 2750 yilligi nishonlandi.


Buxoro

Amirlik poytaxti Buxoro shahrida XIX asrning 40-yillarida 38 ta karvonsaroy bo‘lib, ularda musofir va mahalliy savdogarlar istiqomat qilishgan. Karvonsaroyda ombor, do‘kon, ustaxona, mehmonxonalar bo‘lgan. Karvonsaroylarning amirga, ayrim shaxslarga va vaqfga tegishlilari bo‘lgan. Buxoro karvonsaroylariga har yili 12–15 ming tuyada mol kelgan. Savdo ishini karvonboshi — amirlikdagi barcha savdo ishlarining boshqaruvchisi boshqargan. Buxoroda ichki va shaharlararo savdo to‘qqizta tim va chorsuda amalga oshirilgan. Buxoro shahrida 103 ta madrasa, 360 masjid va 83 ta hovuz mavjud bo‘lgan. 1997-yilda shon-u shavkati yetti olamni tutgan Buxoro shahrining 2500 yilligi nishonlandi.

Hunarmandchilik

Hunarmandchilik amirlik shaharlarining iqtisodiy hayotida muhim ahamiyatga ega edi. Hunarmandchilikning asosiy turlaridan biri to‘qimachilik bo‘lgan. Buxoro olachasi, bo‘zi, bo‘zga gul bosish yo‘li bilan tayyorlanadigan chiti, shoyisi, Samarqandning to‘q qizil rangli baxmali mashhur edi. Yigirilgan ipdan ro‘mol, choyshab, salla to‘qish ham keng tarqalgan.

Buxoro. Toqi telpakfurushon (telpak do‘koni)


Hunarmandchilik ishlab chiqarishining asosiy tarmoqlaridan yana biri — temirchilik va miskarlik bo‘lib, o‘roq, pichoq, shuningdek, qurol-yarog‘ yasashgan. Temirchilar qilich, xanjar, oybolta, nayza, qalqon, kamon va uning o‘qini yasashardi. To‘plar yasash ham yo‘lga qo‘yilgan. Zargarlik, kulolchilik, yog‘ochsozlik ham muhim soha hisoblangan. Yog‘ochdan eshik, beshik, deraza, arava, sandiq, qayiq va boshqalar yasalardi. Yog‘och o‘ymakorligi alohida ahamiyatga ega edi. Novdalardan savatlar to‘qilardi. Uy sharoitida namat, gilam to‘qish, oshlangan charmidan egar-jabduqlar, ayillar, pichoq qinlari, hamyonlar tikish ham keng rivojlangan.

Ichki savdo

Davlat hayotida iste’mol ehtiyojlari ishlab chiqarish ustun bo‘lmadi. Bu esa, o‘z navbatida, yuqori mehnat unumdorligini ta’minlovchi yirik mashinalashgan ishlab chiqarishdan foydalanish ehtiyojini vujudga keltirmadi. Natijada oddiy hunarmandchilik ishlab chiqarishi manufaktura ishlab chiqarish darajasiga koo’tarilmadi. Shuning uchun ham ichki bozorda odatdagi hunarmandchilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi yetakchi o‘rin egallagan. Buxoroda bozordagi narx-navo, tosh-tarozining to‘g‘riligi qattiq nazorat qilinar edi. Kimki xaridor haqiga xiyonat qilsa, qattiq jazoga duchor etilardi, xususan, bundaylar yarimyalang‘och holda aravada, bozor ahliga sazoyi qilinardi va ovozi boricha: ʻʻMen shayton yo‘liga kirib, xaridorni aldadimʼʼ, deb jar solishga majbur etilardi. Markaziy Osiyo, xususan, Buxoro bozorlari faqatgina xo‘jalik vazifasini о‘tab qolmagan. Ular ayni paytda o‘ziga xos jamoat va madaniyat markazi vazifasini ham o‘tagan. Xususan, bozorlarda hukmdorning farmonlari o‘qib eshittirilar, aybdorlar jazolanar, bayram kunlari esa turli tomoshalar ko‘rsatilar edi.

Tashqi savdo

Mamlakatning tashqi savdo aloqalari Afg‘oniston, Eron, Xitoy bilan savdo aloqalarini olib borgan. Bu davlatlarga xonlikda ishlab chiqarilgan ip gazlamalar, baxmal, to‘xtab qolgani yo‘q. Buxoro Hindiston,qog‘oz, egar-jabduqlar, qurollarning ayrim turlari, meva va boshqa mahsulotlar ortilgan savdo karvonlari qatnab turardi.

XVII-XVIII asrlarda Markaziy Osiyo xonliklari


Ba’zi savdo karvonlarining tuyalari bir necha yuz boshga yetardi. Mamlakatning Samarqand va Buxoro kabi shaharlariga ko‘plab chet ellik savdogarlar kelib turishardi. Buxoroda hatto hind savdogarlari va sudxo‘rlari yashaydigan alohida mahallalar ham bor edi. Ular hind gazlamalari, bo‘yoqlari, shifobaxsh va ziravor o‘tlar, dori-darmonlar, qand-shakar bilan savdo qilishardi. Buxoro aholisini chorva mollari va chorvachilik mahsulotlari, tuyalar hamda hunarmandchilik buyumlari bilan ta’minlovchi qozoq cho‘llarining aholisi bilan keng savdo olib borilardi. Ular xom teri, shuningdek, qo‘y terisini turli ranglarga bo‘yab tikkan kamzullari bilan ham mashhur edilar. Bular Buxoro bozorlarining eng xaridorgir mahsulotlari edi. Qozoqlar bilan savdo aloqalarida qoraqalpoqlar vositachilik qilishardi.


Turkmanlar Buxoro bozorlariga zotdor otlar olib kelib sotishardi. Buxoro amirligining Rossiya bilan savdo aloqalari o‘sib bordi. Orenburgda 1804-yili Buxoro amirligi savdogarlarining qarorgohi qurilib, unda 20 xonadon istiqomat qilgan. Ular Rossiya bilan Buxoro amirligi o‘rtasidagi savdoda muhim o‘rin tutgan. 1825-yilga kelib savdogarlar qarorgohi kengayib, xonadonlar soni 30 taga yetdi. Buxorodan yo‘lga chiqqan karvon 2 oyda Orskka yetib borardi. Ba’zida savdo karvoni 5 mingtagacha tuyadan iborat bo‘lardi. Shu tariqa Buxoro davlati iqtisodiyoti Rossiya bilan savdo qilishga moʻljallangan o‘ziga xos yo‘nalishga ega bo‘la borgan. Buni quyidagi fakt ham isbotlaydi. Masalan, 1844-yilda Buxoro xonligining Markaziy Osiyo–Rossiya tashqi savdosidagi ulushi 25 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1864-yilga kelib bu ko‘rsatkich 42 foizga ko‘tarilgan.