Yevropaliklarning mustamlakalar uchun kurashi




Ispaniya mustamlakalari.

Buyuk geografik kashfiyotlar ayni paytda Yevropa davlatlarining mustamlakachilik siyosati uchun ham yo‘l ochdi. Ispaniya bayrog‘i ostida yangi ochilgan yerlar Ispaniya qirolining mulki deb e’lon qilindi. Shu tariqa Yevropa davlatlarining mustamlakachilik siyosati boshlandi. Mustamlakachilar bosib olgan hududlarda paxta va shakarqamish ekinzorlari barpo etildi.

1512-yilda Ispaniya qiroli mahalliy hindularni qulga aylantirishni taqiqlovchi qonun chiqaradi. Biroq qirol bu orqali mahalliy aholini shafqatsiz ekspluatatsiya qilishning oldini ololmaydi. Shafqatsiz ekspluatatsiya va yevropaliklar orqali tarqalgan turli yuqumli kasalliklar tufayli hindularning soni keskin kamayib ketadi. Mustamlakachilar XVI asr o‘rtalaridan boshlab Afrikada yashovchi mahalliy aholini qullarga aylantirib, Amerikaga olib kela boshlaydi. Tekin ishchi kuchiga ega bo‘lgan mustamlakachilar 1510-yildan boshlab konkista siyosatini yuritadi. Bu jarayon XVIII asrning o‘rtalarigacha davom etdi.

Ispanlar Amerikada.

XVI asrning birinchi yarmida Kolumbiya, Ekvador, Peru va Boliviya, keyinchalik esa Chili hamda Argentina hududlari zabt etildi. 1679-yilda Ispaniya Amerika sivilizatsiyasining markazi bo‘lgan Mayya davlati (bugungi Meksika) hududlarini to‘la bo‘ysundirdi.

Bosib olingan joylardagi katta-katta miqdordagi boyliklar Ispaniyaga tashib ketildi. Mustamlakalarni boshqarish uchun ikkita vitse-qirollik tashkil etildi.

Mustamlakachilik sekinlik bilan bo‘lsa-da, hindu etnik guruhlari hamda qabila ittifoqlarining barham topishiga olib keldi. Mahalliy xalq tili esa ispan tili bilan almasha boshladi.

Ispaniya faqat Amerikadagi mustamlakalari bilan cheklanib qolgani yo‘q.
Ispaniya 1529-yilda Filippin orollari ustidan ham nazorat o‘rnatdi. Bu orollar taxt vorisi – shahzoda Filipp sharafiga Filippin deb atala boshlandi.


Portugaliya mustamlakalari.

1500-yili Portugaliya dengiz sayyohi Kabral Braziliyani kashf etdi va uni qirolning mulki deb e’lon qildi. Hali urug‘chilik tuzumi sharoitida yashayotgan mahalliy hindu xalqlari mamlakatning ichkari hududlariga quvib yuborildi. Braziliyani xo‘jalik uchun o‘zlashtirish asosan Afrikadan keltirilgan qullar mehnati hisobiga amalga oshirildi.


Mustamlakalar uchun kurash.

Tez orada Yevropa davlatlari o‘rtasida mustamlakalar uchun kurash boshlanadi. Bunga Angliyada manufaktura ishlab chiqarishining jadal rivojlanishi sabab bo‘ladi. Daromadi tobora ko‘payib borayotgan Angliya burjuaziyasiga endi yanada yirik korxonalar bunyod etish uchun katta miqdorda boylik zarur bo‘lgan. Bu boylik mustamlakalardan olib kelinishi mumkin edi.

Qulay hududda joylashgan Angliya Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli dengiz savdo yo‘llaridagi eng muhim davlat, poytaxt London esa yirik port shahri bo‘lib qoldi. Manufaktura ishlab chiqarishining rivojlanishi natijasida Angliya chetga katta miqdorda tovar chiqara boshladi va dengiz savdosida Ispaniyaning asosiy raqibiga aylandi.

Bu hol Angliya va Ispaniya munosabatlarining keskinlashuviga olib keldi. Buning ustiga, Ispaniya boshqa davlat savdogarlarining ispan mustamlakalari bilan savdo qilishini taqiqlab qo‘ydi. Bu taqiq oxir-oqibatda Angliya–Ispaniya urushini keltirib chiqardi. 1588-yilda ikki davlat harbiy-dengiz floti o‘rtasida hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tdi. Unda Ispaniyaning “Yengilmas armada” deb nomlangan harbiy floti tor-mor etildi. “Yengilmas armada”ning halokati Ispaniyaning dengizdagi qudratiga putur yetkazdi. Shu davrdan boshlab Angliya eng qudratli dengiz davlatiga aylana boshladi.


Angliyaning dastlabki mustamlakalari.

Qudratli dengiz davlatiga aylangan Angliya endi mustamlakalarni bosib olishga kirishdi va Shimoliy Amerikani egallay boshladi. XVII asr boshlarida bu yerda birinchi mustamlaka – Virginiyaga asos solindi. Angliya hukumati tashqi savdoni chet davlatlar bilan savdo qiluvchi boy savdogarlar tuzgan turli kompaniyalar ixtiyoriga topshirib qo‘ydi. Bunday kompaniyalardan biri 1600-yilda tuzilgan “Ost-Indiya” edi. Kompaniyaga Hind va Tinch okeanlari sohilida joylashgan mamlakatlar bilan savdo qilish huquqi berildi. Boshqa kompaniyalar qatori “Ost-Indiya” shirkati ham davlat xazinasiga juda katta miqdorda daromad keltirardi. Angliya savdogarlari tez orada portugallarni Osiyodan siqib chiqara boshladi. Keyinchalik “Ost-Indiya” kompaniyasi
Hindistonda boburiy hukmdorlarga boj to‘lamay savdo qilish huquqini qo‘lga kiritdi.

“Ost-Indiya” kompaniyasi qarorgohi.

Bu kompaniya Hindistondan Yevropaga mato, ziravor va boshqa tovarlarni olib kelar edi. Mustamlakachilar Hindistonda yanada mustahkamroq o‘rnashib olish uchun o‘z savdo manzilgohlarini qal’aga aylantira boradi.


Armada – ko‘plab kemalardan iborat katta flot.
Konkista – zabt etish, bosib olish.
Mustamlaka – rivojlangan davlatlar tomonidan bosib olinib, ekspluatatsiya qilinuvchi mamlakat.
OstIndiya” – Kolumbning sayohatidan so‘ng Karib dengizi orollari Vest-Indiya (G‘arbiy Hindiston) deb atalgan. Vest-Indiyadan farq qilish uchun Hindiston yarimorolidagi mamlakatlar esa Ost-Indiya (Sharqiy Hindiston) deb atalgan.
Ekspluatatsiya – boshqalar mehnati mahsulini o‘ziniki qilib olish.