Uyg‘onish davri haqida.
Uyg‘onish davri deyilganda ilm-fan, madaniyat, ma’rifat va ma’naviyat yuksalgan davr tushuniladi. Bunday davr dastlab O‘rta Osiyoda IX–XII va XIV–XV asrlarda yuz bergan. Bu haqida boshqa maqolalarimiz orqali bilib olishingiz mumkin. XIV–XVII asrlarda G‘arbiy Yevropada ham bu hodisa yuz berdi va u Renessans deb ataldi.
Bu masala bilan shug‘ullanuvchi olimlar Uyg‘onish davrini o‘rta asrlar turg‘unligidan yangi davrga o‘tish bosqichi deb baholagan. G‘arbiy Yevropada Uyg‘onish davri o‘z-o‘zidan yuz berib qolmadi.
U O‘rta Osiyo Uyg‘onish davrining bevosita ta’sirida yuz bergan. G‘arbiy Yevropa Uyg‘onish davrining vatani Italiya bo‘ldi. Chunki Italiyada kapitalistik jamiyatga xos xususiyatlar boshqa davlatlarga nisbatan ertaroq vujudga kelgan edi. G‘arbiy Yevropa Uyg‘onish davrining asosiy belgilarini quyidagilar tashkil etgan:
— jaholat va mutaassiblikni rad etish;
— insonni ulug‘lash, uning iste’dodi, aqliy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish;
— kapitalistik jamiyatning rivojlanishi ilm-fanning yanada taraqqiy etishini zaruratga aylantirib qo‘ygani;
— adabiyot va san’atda narigi dunyoni emas, hayotdagi go‘zallikni kuylash;
— inson erki uchun kurash.
Uyg‘onish davri adabiyoti.
Uyg‘onish davri adabiyoti va san’atida o‘z davrining buyuk kishilari ijod qildi.
Saxiy tabiat ularning har biriga ko‘p qirrali noyob qobiliyat in’om etgan edi. Bunday noyob qobiliyat egalaridan biri Uilyam Shekspir (1564–1616) bo‘lgan.
Shekspir “Inson – tabiatning ajoyib mo‘jizasi”, deb hisoblardi. U.Shekspir teatrga muhabbat qo‘ydi. Ham aktyor, ham dramaturg sifatida ijod qildi. U.Shekspir insonlarni o‘rab turgan olamni sahna, odamlarni esa aktyorlar deb tasavvur qilardi.
Uilyam Shekspir
Shekspir teatrning odamlarni taqdir zarbasidan bukilmaslikka o‘rgatuvchi, sotqinlik va ikkiyuzlamachilikdan nafratlanish hissini tarbiyalovchi, tubanlikka qarshi kurashga o‘rgatuvchi maktab bo‘lib qolishiga astoydil ishonib yashadi.
U.Shekispr kelgusi avlodlarga “Otello”, “Gamlet”, “Qirol Lir” va “Romeo va Julyetta” kabi mashhur asarlarini meros qoldirdi.
Bu davr madaniyatining yana bir yirik arbobi, ispan yozuvchisi Migel de Servantesdir (1547–1616). Uning mashhur “Don Kixot” asari qahramoni, jahongashta Don Kixot adolatsizlik olamidagi so‘nggi oliyjanob ritsar. U odamlar hayoti biroz bo‘lsa ham yaxshi bo‘lishiga yordamlashish yo‘lida harakat qiladi. Bu ish uning hayotdagi “Erkinlik uchun xuddi shon-sharaf uchun qilinganidek, jonni xavfga qo‘yish kerak” shiorining amaldagi ifodasi edi.
Tasvirit san’at
Yevropa madaniyatining yana bir buyuk namoyandasi italiyalik Leonardo da Vinchidir (1452–1519). U bir vaqtning o‘zida ham rassom, ham shoir, ham me’mor, ham haykaltarosh, ham musiqachi, ham ixtirochi edi. Leonardo rasm chizishni “san’atlar malikasi” deb atagan. Buyuk rassom bir paytning o‘zida izlanuvchan olim ham edi.
Leonardo asarlarining qahramonlari Xudolar va avliyolar emas, balki oddiy odamlar edi. “Chaqaloq tutgan Madonna” rasmi buning yorqin dalilidir. Ona go‘dagini bag‘riga bosib, unga qarab nim tabassum qilmoqda. Yer esa onaning go‘dagiga cheksiz muhabbatini anglatib turibdi.
Leonardo da Vinchi
Leonardoning “Maxfiy” kecha deb nomlangan devoriy rasmi ham mashhurdir.
Bu davrning buyuk rassomlaridan yana biri italiyalik Rafael Santi (1483–1520) edi. U atigi 37 yil umr ko‘rdi xolos. Lekin shu qisqa davr ichida o‘z nomini abadiylikka muhrlagan asarlar yarata oldi. U yaratgan asarlar ichida “Sikstin madonnasi” mashhurdir.
Rafael Santi
Zamondoshlari asarga “Shu xildagilarning yagonasi” deb baho berishgan edi.
Unda oyoqyalang Bibi Maryam go‘yo bulutlarni bosmayotganday, ohista, ularning ustida uchib yurganday o‘z qismatiga peshvoz chiqmoqda. Hali go‘dak Isoning nigohlari kattalarnikidek jiddiy. U go‘yo kelajakdagi azob va o‘limni oldindan sezayotganday. Onaning qarashlarida ham qayg‘u va xavotir bor. U oldindan nima bo‘lishini biladi. Shunga qaramasdan o‘g‘lining hayoti evaziga haq yo‘llari ochiladigan odamlar tomon oldinga intiladi.
Gollandiyalik mashhur rassom Rembrandt (1606–1669) yaratgan asarlar ichida eng mashhuri “Adashgan o‘g‘ilning qaytishi” rasmi edi. Injilda oilasini tashlab ketib, uzoq vaqt sang‘ib yurgan, barcha boyliklari tugagach, ortga qaytgan o‘g‘lini ota kechiradi va uyiga qabul qiladi.
Rafael Santining “Sikstin madonnasi” asari.
Rembrandt o‘z asarida ota va o‘g‘ilning uchrashuv paytini aks ettirgan.
Adashgan o‘g‘il uy ostonasi oldida tiz cho‘kib turibdi. Yirtiq kiyim va sochsiz bosh o‘tgan umr kulfatlarining guvohi. Ko‘r, keksa otaning barmoqlari o‘g‘lining yelkasiga tegyapti. Qo‘l harakati bu dunyodan qariyb umidini uzgan odamning yorqin quvonchini va cheksiz muhabbatini anglatadi.
Rembrandning “Adashgan o‘g‘ilning qaytishi” asari.
Haykaltaroshlik.
Bu davr haykaltaroshlari haykaltaroshlikni san’atlar ichida birinchisi deb ataydi. U insonni, uning go‘zalligini boshqa san’at turlaridan yaxshiroq sharaflaydi deb hisoblaydi. Ularning eng mashhuri italiyaik Mikelanjelo Buonarroti (1475–1564) edi. U o‘zining o‘lmas asarlari bilan tarixda abadiy iz qoldirdi.
Mikelanjelo Buonarroti
U san’at haqida bir she’rida, jumladan, quyidagilarni bitgan: “Tiriklikdan, borliqdan ko‘ra San’atning qismati buyukdir har dam, uni yenga olmas, o‘lim ham, vaqt ham”.
San’atkor yaratgan “David haykali” uning nomini abadiyatga daxldor qildi.
Injil rivoyatlariga ko‘ra, yosh cho‘pon yigit David dahshatli devsifat Goliaf bilan jangga tushishga jur’at qiladi va uni tosh bilan urib o‘ldiradi. Haykaltarosh Mikelanjelo esa jang oldida turgan Davidni tasvirlagan. Uning yuzi g‘azabga to‘la. Bu haykal balandligi va go‘zalligi bilan o‘zigacha yaratilgan barcha asarlarni ortda qoldirdi.
Pyotr sobori Rim va Yevropaning bosh katolik ibodatxonasidir. Yuz yildan ortiq davr mobaynida bunyod etilgan bu sobor qurilishini Mikelanjelo nihoyasiga yetkazdi.
Renessans (fransuzcha – qayta yuzaga kelmoq, yangidan tug‘ilmoq) – G‘arbiy Yevropada Uyg‘onish davrini anglatuvchi atama.