Reformatsiya haqida.
Reformatsiya – XVI asrda katolik cherkovini isloh qilish maqsadida Germaniyada bo‘lib o‘tgan va XVII asrning birinchi yarmida G‘arbiy Yevropaning qator davlatlariga ham yoyilgan ijtimoiy harakat edi. Bu harakat oqibatida katolik cherkovida bo‘linish yuz berdi. Zamon ruhiga mos, mutaassiblik va aqidaparastlikdan holi, isloh qilingan yangi oqim – protestantlik vujudga keldi.
Katolik cherkovining mavqeyi haqida.
XVI asr boshlarida ham katolik cherkovi qudratli edi. Rim Papasining qudratini faqat qavmlarning Xudoga chuqur va sidqidildan ishonishigina belgilab qolmagan. Bu qudrat asosida Rim katolik cherkovining behisob boyliklarga egaligi ham yotardi. Zero hamma: oddiy dehqondan tortib to qudratli knyazlargacha o‘z daromadining 1/10 qismini cherkovga tortiq qilardi. Ayni paytda cherkovning o‘zi ham katta yer-mulk egasi edi. Bundan tashqari, indulgensiya savdosi ham cherkovga katta daromad keltirardi. Bu savdo orqali cherkov faqat sodir etilgan gunohnigina emas, kelajakda sodir qilinishi mumkin bo‘lganlarini ham kechirar edi.
Reformatsiyaning boshlanishi.
XVI asrda Angliya va Fransiya qirollari mutlaq hokimiyatga ega bo‘lib olgan bo‘lsa, Germaniyada siyosiy tarqoqlik hukm surardi. Ya’ni, mamlakat mayda-mayda davlat (knyazlik)larga bo‘linib ketgan. Shu sababli Germaniya imperatorlari amalda real hokimiyatga ega bo‘lmagan. Shuning uchun ham Germaniyada katolik cherkovining ta’siri hamon qudratli edi. Germaniya hukmdorlari ham o‘z hukmdorlariga, ham cherkovga tinka-madorni qurituvchi soliq to‘lagan. Bundan tashqari, Rim katolik cherkovi Germaniyada katta mol-mulkka ham ega bo‘lib, daromadining katta qismini Germaniyadan olgan. Imperatorning kuchi Rimga yuboriladigan soliqlar miqdorini kamaytirishga yetmagan.
Yuqorida qayd etilgan omillar Germaniyada umumiy norozilikni keltirib chiqargan. Umumiy norozilikning yuzaga kelishiga, shuningdek, katolik marosimlarini bajarishning juda og‘irligi ham sabab bo‘ldi.
Martin Lyuterning faoliyati.
Reformatsiya 1517-yilda Germaniya aholisining katolik cherkovini isloh (reforma) qilishni talab qilib chiqishidan boshlandi. Reformatsiyani knyazlarning bir qismi, shaharlik va dehqonlar qo‘llab-quvvatladi. Reformatsiya to‘lqinining kuchayishiga Vittenberg universitetida ilohiyotdan dars beruvchi Martin Lyuter ta’limoti katta ta’sir ko‘rsatdi.

Martin Lyuter
U 1517-yili cherkov eshigiga dindorlarga qarata yozgan o‘zining mashhur “95 tezis” deb atalgan xitobnomasini yopishtirib qo‘ydi. Xitobnomada indulgensiya savdosi qattiq qoralandi. Germaniyadagi cherkovni Rim Papasi qaramog‘idan ozod etish talab etildi. Cherkovning esa “kamchiqim cherkov” bo‘lishi yoqlandi. Martin Lyuterning “95 tezis”i butun Germaniyani to‘lqinlantirib yubordi.
Ko‘p o‘tmay u cherkov Papasiz ham yashashi mumkin, deb baralla aytdi. Bundan keyin Rimga soliqdan tushgan pullarni yubormaslikni taklif etdi. Cherkov knyazlarga va imperatorlarga bo‘ysunishi lozim ekanini aytdi. Bu “qilmishlari” uchun Rim Papasi Lyuterni shakkoklikda aybladi va Germaniyaga uni la’natlovchi yorliq yubordi. Biroq Lyuterni xalq qo‘llab-quvvatlayotgani uchun bu yorliqni Germaniya bo‘ylab tarqatishning iloji bo‘lmadi. Aksincha, M.Lyuter Papaning uni cherkovdan chetlashtirgani to‘g‘risidagi qarorini talabalar ko‘z o‘ngida yoqib yubordi. Bu uning katolik cherkovi bilan aloqani butunlay uzganini anglatar edi.
Katolik cherkovidagi bo‘linish.
Reformatsiya natijasida Rim katolik cherkovida bo‘linish yuz berdi. Tez orada Germaniyada katolik cherkovining zulmiga va zo‘ravonligiga qarshi boshlangan harakat ommaviy tus oldi. 1524-yilda esa bu harakat yer egalarining zulmiga qarshi urushiga aylanib ketdi. Qo‘zg‘olonning yetakchisi ruhoniy Tomas Myunser edi. Garchand dehqonlar urushda yengilgan bo‘lsa-da, qo‘zg‘olon Germaniyada katolik cherkovi hukmronligining barham topishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
1526-yilda Germaniya Reyxstagi lyuterchi-knyazlar talabi bilan har bir nemis knyazi o‘zi va fuqarosi uchun xohlagan dinni tanlash huquqiga ega ekani to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay Reyxstag bu qarorni bekor qildi. Bunga qarshi imperiyaning bir qancha shaharlari va 5 nafar knyazi protest (norozilik) bildirdi. Ular “Protestatsiya” deb atalgan hujjatga, ya’ni ruhoniylar va dunyoviy feodallarning lyuterchilikni cheklash haqidagi umumgerman yig‘ilishi qaroriga qarshi protestga imzo qo‘yadi. Shu tariqa 5 nafar knyaz protestant (norozi) deb ataldi. Protestant knyazlar 1555-yilda Rim Papasi bilan bitim tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Unga ko‘ra, endi har bir knyaz o‘z fuqarolari uchun istagan dinni, ya’ni katolik yoki protestantlikni tanlash huquqiga ega bo‘ldi.
Shu davrdan boshlab Reformatsiyaning barcha tarafdorlari protestantlar, yangi cherkov esa protestant cherkovi deb atala boshlandi. Shu tariqa xristianlikda uchinchi oqim – protestantlik vujudga keldi. M.Lyuterning katolik ta’limotiga kiritgan islohlari natijasida vujudga kelgan yangi ta’limotning nomi lyuterchilik deb ataldi. “Lyuterchilik” va “protestantlik” atamalari amalda bir xil ma’noni anglatadi.
Reformatsiya natijasida faqat yangi diniy ta’limot vujudga kelibgina qolmadi.
Endi knyazlarga bo‘ysunadigan cherkov ham mavjud edi.
Ilohiyot – diniy qoidalar va ular haqidagi Xudo ko‘rsatmalarini o‘z ichiga olgan asosiy diniy ta’limot.
Isloh – o‘zgartirish kiritish, yaxshilash, tuzatish.
Tezis (yunoncha – qoida, isbot) – bahsda yoki biror ta’limotni bayon qilishda aytiladigan asosiy fikr.
Xitobnoma (arabcha-forscha) – biror ish yoki harakat qilishga undab yozilgan maktub, yozma chaqiriq, murojaatnoma.