Aholi tarkibidagi o‘zgarishlar.
Ruhoniy va zodagonlar yangi davr boshlarida G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida jamiyatning humron tabaqalari bo‘lib qolgan. Ayni paytda zodagonlar tarkibida o‘zgarish yuz berdi.
Endilikda zodagonlar ichida savdo-sotiq va tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar ham shakllandi. Zodagonlarning ba’zilari savdo kompaniyalarining aksiyadoriga aylanadi. Ayrimlari esa hukumatdan turli soliq yig‘imlarini yig‘ib olish huquqini sotib oladi. Endilikda zodagonlarning ko‘pchiligi ishlab chiqarishda yollanma mehnatdan foydalanadigan bo‘ldi. Ular o‘z qo‘rg‘onlarida sanoat korxonalari tashkil etgan va savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullangan. Bunday tadbirkorlar yangi zodagonlar deb atalgan.
Shuningdek, burjuaziyaning soni va jamiyatdagi nufuzi ortib bordi. Bu hodisa ichki va tashqi savdoda shaharlar mavqeyining tobora yuksalib borgani oqibati edi.
XVII asr o‘rtalariga kelib savdogar (negosiant) va bank egalari burjuaziyaning yuqori qatlamiga aylandi. Jamiyat rivojlanishi bilan yollanma ishchilarning soni ham ortib bordi. Shunday bo‘lsa-da, XVI–XVII asrlarda butun aholining katta qismini dehqonlar tashkil etardi.
Savdoning rivojlanishi.
XVI–XVII asrlarda savdo va tadbirkorlikning markazi bo‘lgan shaharlarning rivojlanishi davom etdi. Bu esa, o‘z navbatida, shaharlarda savdoning taraqqiy etishiga olib keldi. Odatda bozorlarda savdo haftasiga bir yoki ikki kun bo‘lardi. Shaharlarning rivojlanib borishi bilan bozorlar har kuni ishlay boshladi.
XVII asrdan boshlab usti yopiq bozorlar qurilishi keng avj oldi. Bunday bozorlarning eng kattasi Parij va London shaharlarida qurilgan. Shaharlar to‘xtovsiz o‘sib borayotgan bir sharoitda ahyon-ahyonda tashkil etiladigan yarmarkalar shahar aholisining talabini qondirolmay qoldi. O‘rta asr yarmarkalari o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Shahar aholisining ehtiyojini har kuni savdo qiluvchi bozorlargina qondira boshladi.
Savdogarlar hayoti va mol-mulkiga solinayotgan doimiy xavf-xatar ularni birlashishga majbur etdi. Bu omil savdo kompaniyalari sonining ko‘payishiga olib keldi. Kompaniya a’zolari uning faoliyati uchun o‘z mol-mulklari bilan javobgar edi. Shu tariqa dastlabki aksionerlik jamiyatlari tashkil topdi. Savdo-sotiqning rivojlanishi va kompaniyalar qudratining oshishi oqibatida savdo monopoliyalari vujudga keldi. Bu hodisa ham yangi davrning muhim belgilaridan biri edi.
Jahon savdosi.
Gollandiya va Angliya jahon savdo-sotig‘ining markazlariga aylandi. Dengiz osha savdo qilish ingliz savdogarlarini ham kompaniyalarga birlashishga majbur etdi.
Angliyaga chetdan ziravorlar olib kelish huquqi faqat “Ost-Indiya” kompaniyasiga berilgan. Kompaniya qisqa vaqt ichida juda katta miqdordagi boylikka ega bo‘ldi. Natijada o‘z aksiyadorlariga hatto 500% miqdorida dividend ham to‘lay boshladi. Angliyaga paxta olib kelish huquqi “Levantiy” kompaniyasiga berilgan. Shuningdek, kompaniya O‘rta Yer dengizi mamlakatlari bilan savdo qilish huquqini ham qo‘lga kiritgan. Rossiya bilan savdo aloqasi olib borishga “Moskva” kompaniyasi haqli edi.
Bank egalari, dallollar, qassoblar, pivo tayyorlovchilar va hatto eng mashhur zodagonlargacha qaysidir bir kompaniyaning aksiyadori edi. Hatto qirollar ham bundan mustasno emasdi. Qirollar savdo kompaniyalari tashkil etilishiga qarshilik qilmagan. Chunki kompaniya tashkil etish uchun berilgan patent xazinaga katta miqdorda daromad keltirar edi. Bundan tashqari, savdo kompaniyalari uzoq mamlakatlarda Angliya manfaatlarini himoya qilish majburiyatini ham olgan. XVII asr boshlarida Angliya savdo kompaniyalari Erondan Shimoliy Amerikagacha, Shvetsiyadan Hindistongacha bo‘lgan juda katta hududlarni o‘z ta’siriga olgan. Hindiston va Amerikaga tobora ko‘proq kirib bordi.
Manufaktura ishlab chiqarishi.
Dengiz savdosining rivojlanishi, Yangi dunyo aholisining yevropaliklar hisobiga ko‘payib borishi va u yerdan Yevropaga oltin hamda kumushning ko‘plab miqdorda tashib keltirilishi hunarmandchilik mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Ortib borayotgan talab yirikroq korxonalar qurishni zaruratga aylantirib qo‘ydi. Bu esa yangi zamonaviy korxona – mehnat taqsimoti asosida faoliyat ko‘rsatuvchi manufakturaning paydo bo‘lishiga olib keldi.
Manufaktura – dastlabki sanoat korxonasi edi. Manufakturalar uchun maxsus binolar qurilishi boshlandi. U yerda turli xil mutaxassislikka ega bo‘lgan yollanma ishchilar mehnat qilar edi. Yollanma ishchilarning har biri faqat bitta ishni bajarardi. Bu esa ishning tez va sifatli bajarilishini ta’min etardi. Mazkur yangilik, tabiiyki, mehnat unumdorligining ortishiga olib keldi. Manufaktura ishlab chiqarishi mahsulot tannarxining arzonlashuviga ham sabab bo‘ldi. XVII asrga kelib manufaktura ishlab chiqarishi Angliya va Gollandiyada xo‘jalikning asosiy shakliga aylandi. Fransiyada esa rivojlanish bosqichiga kirdi.
Aksionerlik jamiyati – daromad topish maqsadida hissadorlik qoidalari asosida uyushgan sherikchilik jamiyati.
Burjuaziya (shaharning hurmatli, mo‘tabar fuqarolari) – aholining savdo-sotiq, sanoat, bank kabi sohalarida tadbirkorlik faoliyati yuritish orqali daromad topuvchi hamda ishlab chiqarishda yollanma mehnatdan foydalanuvchilar toifasi.
Bu atama dastlab sudya, advokat, notarius, shifokorlarga nisbatan ishlatilgan.
Dividend (lotincha – taqsimlanadigan narsa) – aksiyadorlar jamiyati foydasining aksiya egasiga har yili beradigan va uning daromadiga aylanadigan qismi.
Savdo monopoliyasi – savdo sohasida tanho hukmronlik qiluvchi tashkilotlar.
Negosiant – ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi savdogar.
Bu atama ko‘pincha chet ellar bilan savdo qiladigan savdogarlarga nisbatan qo‘llanilgan.
Patent (lotincha – ochiq, aniq-ravshan).
- Biror-bir ixtironing davlat tomonidan e’tirof etilgani va ixtirochining o‘z ixtirosiga olgan huquqini tasdiqlovchi hujjat.
- Savdo yoki ishlab chiqarish huquqi yoki imtiyozini beruvchi hujjat.