XVI-XVIII asrlarda Hindiston




Boburiylar imperiyasiga asos solinishi

XVI asrda Hindistonda siyosiy tarqoqlik hukm surgan. O‘zaro ichki nizo va kurashlar mamlakatni kuchsizlantirgan. Hindistondagi ichki siyosiy ahvolni sinchkovlik bilan kuzatib turgan Kobul hukmdori Zahiriddin Muhammad Bobur vaziyatdan foydalanishga qaror qildi. Hindistonni egallash uchun harbiy yurish boshladi.

Bu davrda Shimoliy Hindistondagi Dehli sultonligida hindistonlik afg‘on qabilalaridan chiqqan lo‘diylar sulolasi hukmronlik qilardi. Bobur Mirzo 1526-yilning 21-aprelida Panipat jangida Ibrohim Lo‘diy qo‘shinini tor-mor keltirdi. 27-aprel kuni esa Dehli shahrida Bobur podshoh nomiga xutba o‘qildi. Shu tariqa tarixda uch asrdan ko‘p yashagan yangi imperiya – Boburiylar imperiyasiga asos solindi. Bobur Hindistonda o‘zi bilan qolgan qo‘shinga jogir tarqatgan. Bu yerlarda xo‘jalik ishlarini yuritish ishlariga rahbarlik qilish mahalliy urf-odatlarni yaxshi biladigan hindlarga topshirildi.

1530-yilda Boburning o‘limidan so‘ng imperiya taxti katta o‘g‘li Humoyunga o‘tdi. Humoyunning hukmronlik davri juda og‘ir kechdi. 1540-yilda Humoyun hokimiyatini Bixor va Bengaliyada joylashib olgan afg‘on qabilalarining yetakchisi Sherxon Surga egalladi. Shunga qaramay, Humoyun taxtdan ayrilgan yillarida kuchli qo‘shin tuza oldi. Nihoyat, 1555-yilda Humoyun Eron yordamida Hindiston taxtiga da’vogarlarni tor-mor etib, yana hokimiyatni o‘z qo‘liga qaytarib oldi. Biroq unga taxtda uzoq o‘tirish nasib etmadi. Oradan ko‘p o‘tmay Humoyun tasodifiy falokat tufayli halok bo‘ldi.


Humoyun


Imperiya Akbarshoh davrida

1556-yilda taxtga Humoyunning o‘g‘li Akbarshoh o‘tirdi. U Bobur vorislari ichida eng mashhuri, tom ma’nodagi imperiyaning asoschisi, buyuk islohotchi sifatida nom qoldirgan. Bu shoh Hindiston tarixiga “Buyuk Akbar” nomi bilan kirgan. Akbarshoh bunday buyuklikka osonlikcha erishgan emas. Uning asosiy raqibi Hindistondagi afg‘on qabilalari yetakchilari edi.

Akbarshoh qo‘shini 1559-yilga kelib taxt uchun boburiylarga qarshi kurashning yetakchi kuchlari – afg‘onlarning Sur sulolasi qo‘shinini butunlay yanchib tashladi. Akbarshohning hukmronlik yillari imperiyaning oltin davri bo‘lgan. Akbarshoh zukko davlat arbobi, mohir sarkarda bo‘lishi bilan bir qatorda itoatkor o‘g‘il, g‘amxo‘r ota ham edi. Qo‘l ostidagi xalqlarning turmush farovonligi doimo uning e’tiborida bo‘ldi. Kambag‘al, beva-bechoralarga muntazam moddiy yordam ko‘rsatdi.

Akbarshoh falsafa, din, adabiyot va tarix ilmini yaxshi egallagan. U boshqa din vakillariga nisbatan ham adolatli siyosat yuritdi.

Akbarshoh

Akbarshoh barcha fuqarolarga din erkinligini bergan va musulmon bo‘lmaganlardan undiriladigan “jizya” solig‘ini bekor qilgan.

U hindlarning ziyoratgohlaridan olinadigan soliqni ham man etdi. Imperiya hududida yagona savdo solig‘i joriy etildi. Ham xolisa, ham jogirdorlar yerlaridan teng miqdorda soliq undiriladigan bo‘ldi. Davlat idoralaridagi lavozimlar dini va mazhabidan qat’i nazar shaxsning salohiyatiga qarab taqsimlanadigan bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, Akbarshoh hindlar bilan musulmonlarning yonma-yon, tinch-totuv yashashlariga erishdi. Akbarshoh yuritgan adolatli siyosat boburiylar davlatining ulkan imperiyaga aylanishida, mahalliy aholi va amaldorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishida katta rol o‘ynadi. Bu esa, o‘z navbatida, imperiyaning qudrati va shon-shuhratining yanada ortishiga xizmat qildi.

Akbarshoh Hindistonda yuritgan adolatli siyosati tufayli “Milliy podshoh”, “Xalq hukmdori” nomlariga sazovor bo‘ldi. U 1605-yilda vafot etdi.


Imperiyaning zaiflasha borishi

XVII asr ikkinchi yarmidan boshlab imperiyada toj-u taxt uchun kurash avj oldi. Oxir-oqibatda, bu kurashda 1627–1658-yillarda hukmronlik qilgan, dunyoga mashhur Toj Mahal me’moriy obidasini bunyod ettirgan Shohjahon (Akbarshohning nabirasi)ning o‘g‘li Avrangzeb Olamgir g‘alaba qozondi. U 1658-yilda Dehli shahrini egalladi va o‘zini shoh deb e’lon qildi. Avrangzeb hukmronligi davrida (1658–1707) imperiya hududi yanada kengaydi. Ayni paytda uning hukmronlik yillarida imperiyaning zaiflashuvi uchun zamin ham yetila bordi.

Avvalo, Avrangzebning hech kimga ishonmasligi, hamma narsaga shubha bilan qarashi oliy martabali amaldorlar hamda mahalliy hind hukmdorlarining undan ko‘nglini sovitdi.

Avrangzeb Olamgir

Ikkinchidan, u musulmon bo‘lmagan fuqarolarni islom diniga o‘tkazish uchun hech narsadan qaytmadi.

Hindlar qayta “jizya” solig‘i to‘lashga majbur etildi. Hatto hindlarning muqaddas ziyoratgohlariga boruvchilardan ham soliq olinadigan bo‘ldi. Musulmon savdogarlari soliqdan ozod qilingani holda, hind savdogarlariga tovarning besh foizi miqdorida soliq joriy etdi. Avrangzebning bu siyosati oxir-oqibatda Boburiylar hokimiyatining zaiflashuviga olib kelgan.


Buyuk Britaniya va Hindiston

Avrangzebning vafotidan so‘ng imperiyada ichki nizolar yanada keskinlashdi.
Shunday sharoitda Hindistonga yevropaliklarning kirib kelishi kuchaydi. Yevropa davlatlarining maqsadi Hindistonning bitmas-tuganmas boyliklariga, unumdor yerlariga ega bo‘lish edi. Yevropa davlatlari hukumatlari endilikda o‘z maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga kirishdi. Chunonchi, 1757-yilda Buyuk Britaniya Bengaliyani bosib oldi. Bu boy hudud Buyuk Britaniyaning keyingi bosqinchilik rejalarini amalga oshirishda tayanch vazifasini o‘tadi. Shu tariqa Buyuk Britaniyaning Hindistonni asta-sekin o‘z mustamlakasiga aylantirish davri boshlandi.

Jogir — harbiy xizmat evaziga in’om etilgan yer.
Xolisa — davlat yerlari.