XVI-XVIII asrlarda Germaniya imperiyasi




Iqtisodiy ahvol

Germaniya iqtisodiy taraqqiyotda Angliya, Gollandiya va Fransiya kabi davlatlardan orqada edi. Hatto XVI asrning ikkinchi yarmidan boshlab iqtisodiy tushkunlik ham boshlandi. Bu, avvalo, Germaniyaning 300 dan ortiq mayda-mayda knyazlik (davlat)larga bo‘linib ketgani oqibati edi. Siyosiy tarqoqlik yagona ichki bozorning vujudga kelishiga imkon bermadi.

Bundan tashqari, bu davrda dengiz savdo yo‘llarining Atlantika okeaniga ko‘chib o‘tgani oqibatida Germaniya orqali o‘tadigan dengiz savdo yo‘llari o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Holbuki, XVI asr o‘rtalarigacha Shimoliy Italiya va uning vositachiligida butun Sharqning G‘arbiy Yevropa bozorlari bilan aloqalari Germaniya yerlaridan o‘tardi.

Germaniyaning xalqaro miqyosdagi iqtisodiy roli – uning mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab kelgani bilan belgilanar edi. Mis savdoda asosiy vosita hisoblanardi. Biroq Amerikadan Yevropaga oltin va kumushning katta miqdorda keltirilishi Germaniya misining ahamiyatiga jiddiy putur yetkazdi. Shuningdek, nemis sanoat mahsulotlari chet davlatlar buyumlari bilan raqobat qila olmadi. Chunki Germaniyada manufaktura ishlab chiqarishi faqat shaharlar bilan cheklanib qolgan edi. U qishloqqa yoyilmadi. Ya’ni natural xo‘jalik munosabatlari hukm surgan qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi sanoat mahsulotlariga nisbatan talabni qondirmadi.

1524–1526-yillarda bo‘lib o‘tgan dehqonlar urushining mag‘lubiyatga uchrashi o‘rta asr feodal munosabatlarining yanada uzoq saqlanib qolishi va mamlakatda siyosiy tarqoqlikning davom etishiga sabab bo‘ldi. Yevropa davlatlari o‘rtasida kelib chiqqan O‘ttiz yillik urushda (1618–1648) Germaniyaning mag‘lubiyatga uchrashi ham uning qoloqlik botqog‘iga botib qolaverishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. O‘ttiz yillik urush natijasiga ko‘ra, Yevropada siyosiy gegemonlik Fransiyaga o‘tdi. Germaniya esa iqtisodiy va siyosiy tanazzulga yuz tutdi. Siyosiy parokandalik esa yanada kuchaydi.


Siyosiy tuzum

Germaniya rasman yagona imperiya hisoblanar, uni nomiga bo‘lsa-da imperator boshqarardi. Aslida esa uning birligi faqat qog‘ozda edi. 1806-yilgacha “Muqaddas Rim imperiyasi” deb atalgan bu imperiyada hatto yagona fuqarolik ham yo‘q edi. Aholi imperiyaning emas, balki knyazliklarning fuqarolari edi.

Gabsburglar sulolasidan bo‘lgan Germaniya imperatori o‘zining Avstriyadagi yerlaridan tashqarida hech qanday real hokimiyatga ega emasdi. Imperiya Reyxstagi esa amalda barcha knyazliklarga majburiy bo‘lgan yakuniy qarorlar qabul qila olmasdi.

Qabul qilgan taqdirda ham u amalda bajarilmasdi. Bunday sharoitda har bir knyazlik nafaqat ichki ishlarda, balki tashqi siyosatda ham mustaqillikka intilgan.


Germaniyaning xalqaro ahvoli

Ichki siyosiy tarqoqlik XVII asrning ikkinchi yarmida Germaniyani Yevropaning kuchli davlatlari qo‘lida qo‘g‘irchoqqa aylantirib qo‘ydi. Bu davrda Shvetsiya, Fransiya va Turkiya Germaniyaga dushmanlik kayfiyati bilan qarovchi davlatlar edi. Fransiya oxir-oqibatda Strasburg va Reyn daryosining chap qirg‘oq yerlariga ega bo‘lib oldi.

1683-yilda Germaniya knyazliklari Turkiya bosqiniga qarshi kurashish uchun tarixda birinchi marta yakdil qaror qabul qildi va milliy ozodlik qo‘shinini tuzdi. Shu yili Vena ostonalarida usmoniylarning qo‘shini tor-mor keltirildi. Germaniyaning bu g‘alabasi Markaziy Yevropani usmoniylar bosqinidan saqlab qoldi.


Prussiya qirolligining tashkil topishi

Germaniya knyazliklari ichida Avstriya va Brandenburg eng kuchlilari edi.
XVII–XVIII asrlar shu ikki knyazlikning Germaniyada gegemonlik uchun kurashi ostida o‘tdi. Avstriyani gabsburglar sulolasi, Brandenburgni esa gogensollernlar boshqarardi. Birining poytaxti Vena shahri, ikkinchisiniki esa Berlin edi. XVII asrda Brandenburg knyazligida Prussiya gersogligi yetakchi mavqega ega bo‘lib oldi.

1701-yilda Brandenburg knyazligi o‘rnida Prussiya qirolligi tashkil topdi.
Brandenburg knyazi Fridrix III Fridrix I nomi bilan Prussiya qiroli deb e’lon qilindi. Shu davrdan boshlab qulay xalqaro sharoitdan va boshqa nemis knyazliklarning kuchsizligidan foydalangan Prussiya qudratli davlatga aylana bordi. Prussiya qudratli qo‘shin ham tuza oldi.

Fridrix II

XVIII asr oxirida Prussiya maydoni jihatdan Yevropada uchinchi, qo‘shini soni bilan esa to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Fridrix II hukmronligi davrida (1740–1786) Prussiya mutlaq monarxiyaga aylandi.

Prussiya keyinchalik hatto Germaniyani yagona davlatga birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqida yana boshqa maqolalarimiz orqali kengroq ma’lumot olishingiz mumkin.

Real (lotincha) — haqiqatan ham mavjud bo‘lgan; amalga oshadigan; bajarilishi mumkin bo‘lgan.