Safaviylar sulolasi hukmronligining o‘rnatilishi
XV asr oxirida Eron markaziy hokimiyatga bo‘ysunmaydigan bir qancha mustaqil hududlarga bo‘linib ketgan edi. Buning oqibatida o‘zaro ichki urushlar tobora avj oldi. Bu esa mamlakat taraqqiyotiga katta salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Oqibatda mamlakat zaiflashdi. Eronning zaiflashuvi Turkiya bosqini xavfini tobora kuchaytirib bordi.
Bu ikki omil Eronni yagona davlatga birlashtirishni hayotiy zaruratga aylantirib qo‘ydi. Bu tarixiy vazifa sarkarda, Eronda katta siyosiy nufuzga ega bo‘lgan Ardebil shahri hokimi Ismoil I Safaviy tomonidan amalga oshirildi.
Ismoil I Safaviy olib borgan urushlari natijasida katta-katta hududlarni egalladi. 1502-yilda esa Tabriz shahrini ishg‘ol etgach, o‘zini shahanshoh deb e’lon qildi (1502–1524). Shu tariqa tarixga “Safaviylar davlati” nomi bilan kirgan davlat vujudga keldi. Bu davlat tarkibiga Erondan tashqari Ozarbayjon, Armanistonning bir qismi, janubi-sharqiy Iroq va boshqa hududlar kirgan. Tabriz shahri poytaxt etib belgilandi.
Ismoil I Safaviy markazlashgan davlat tuzibgina qolmay, uni o‘z davrining qudratli davlatlaridan biriga ham aylantira oldi.
Ismoil I Safaviy markaziy hokimiyatni mustahkamlash maqsadida yer egaligining suyurg‘ol shaklini deyarli butunlay bekor qildi. Uning o‘rniga tiyulni joriy etdi.
Biroq bu tadbir yirik yer-mulk egalarining markazga bo‘ysunmaslikka intilishini to‘xtata olmadi.
Safaviy hukmdorlar tinimsiz bosqinchilik urushlari olib bordi. Safaviylar davlati tarkibiga kirgan qaram o‘lkalar xalqlarining ozodlik kurashi shafqatsizlik bilan bostirildi.
Shoh Abbos I hukmronligi davri
Abbos I davrida (1587–1629) eng yirik yer-mulk egalarining mustaqilligi tugatilib, Safaviylar davlati o‘z qudratining cho‘qqisiga erishdi.
Bu yer-mulk egalari bir vaqtlar safaviylarga katta yordam bergan edi. Buning evaziga keyingi shohlar davrida amalda mustaqil bo‘lgan juda katta-katta hududlarga egalik qilib kelardi. Ular amalda bu mustaqil hududlarning xonlari edi.
Abbos I mamlakat poytaxtini Tabriz shahridan Isfahonga ko‘chirdi. Mamlakat soliq tizimida tartib o‘rnatdi. Soliqlar miqdori kamaytirildi. Savdo-sotiq va hunarmandchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor berdi. Yangi-yangi karvonsaroylar va savdo yo‘llari qurildi. Savdo karvonlari qaroqchilariga qarshi shafqatsiz kurashdi. Rossiya, Turkiya, Angliya, Niderlandiya, Fransiya va Venetsiya bilan keng ko‘lamli savdo-sotiq yo‘lga qo‘yildi. Bu esa Eronning ichki va tashqi savdosi o‘sishiga olib keldi. Yangi-yangi sug‘orish inshootlari ham bunyod etildi. Bundan tashqari, Abbos I muntazam qo‘shin ham barpo etdi.
Iqtisodiy tushkunlikning boshlanishi
XVIII asrdan boshlab Safaviylar davlatida iqtisodiy tushkunlik boshlandi.
Bu vaziyatga yer egaligining tiyul shakli miqdorining ko‘paygani oqibatida davlatga qarashli yer miqdorining kamayishi asosiy sabab bo‘ldi. Bu hol davlat xazinasiga tushadigan daromadning kamayishiga olib kelgan. Buning oldini olish uchun keyingi hukmdorlar dehqonlar to‘laydigan soliq miqdorini oshirdi. Bu esa, o‘z navbatida, dehqon xo‘jaliklarini xonavayron qilib, savdogarlar va hunarmandlar ahvolini yomonlashtirdi. Buning ustiga, jon solig‘i (jizya) miqdori ham oshirildi.
Natijada dehqonlar uchun yerni ijaraga olib tirikchilik qilishdan manfaat qolmadi. Endi ularning tirikchilik ilinjida boshqa joylarga ketishdan o‘zga ilojlari yo‘q edi. Biroq shoh Sulton Husayn bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun 1710-yilda dehqonlarning yerni tashlab ketishlarini taqiqlovchi farmon chiqardi.
Dehqon xo‘jaligining xonavayron bo‘lishi ichki savdoning keskin kamayishiga olib keldi.
Afg‘onlar istilosi
Iqtisodiy tushkunlik, o‘z navbatida, aholi turli tabaqalari orasida norozilikni kuchaytirdi. Ayni paytda yirik yer-mulk egalarining markaziy hokimiyatga bo‘ysunmasligi va bosib olingan o‘lka xalqlarining ozodlik uchun kurashi avj oldi.
Chunonchi, 1722-yilda afg‘onlar o‘z yetakchilari Mir Mahmud boshchiligida zaiflashib qolgan Eronga hujum qildi. Eron shohi Sulton Husayn hokimiyatni Mir Mahmudga topshirishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa Eron tarixida afg‘onlarga qaramlik davri boshlandi.
Nodirshohning hokimiyat tepasiga kelishi
Bu davrda Safaviylar sulolasi hukmronligi nomiga bo‘lsa-da, hamon davom etardi. So‘nggi hukmdor Taxmasp II amalda hech qanday hokimiyatga ega emas edi. Buning ustiga, unda xalqni turk va afg‘on bosqinchilariga qarshi kurashga ko‘tara oladigan qobiliyat ham bo‘lmagan.
Nodirshoh
Shunday sharoitda Eronda shijoatkor, katta lashkarboshilik qobiliyatiga ega Nodir Quli kurash maydoniga chiqdi.
U 1730-yilda afg‘on qo‘shinini butunlay tor-mor etib, Eronni afg‘on qaramligidan ozod etdi. Nodir Quli Safaviylar davlatining tarkibiga kiruvchi barcha hududlarda o‘z hokimiyatini o‘rnatadi. 1736-yilda barcha qabilalar aslzodalarining qurultoyida o‘zini Eron shohi deb e’lon qilishga erishdi.
Shu tariqa Safaviylar sulolasi hukmronligi butunlay barham topdi.
Nodirshoh katta bosqinchilik urushlari natijasida ulkan imperiya tuzdi.
Biroq u 1747-yilda o‘zaro ichki nizolar natijasida o‘ldirildi.
Qojarlar sulolasi hukmronligining o‘rnatilishi
Nodirshoh halokatidan keyin imperiya bir necha qismlarga bo‘linib ketdi.
Eronda turli qabilalar o‘rtasida toj-u taxt uchun kurash avj oldi. Bu kurashda asosiy rolni zend va qojar qabilalari o‘ynadi. Ular o‘rtasidagi toj-u taxt kurashi 1758-yilda zend qabilasi g‘alabasi bilan tugadi. Bu qabila boshliqlari hokimiyatda 1796-yilgacha hukmronlik qildi. 1796-yilda esa hokimiyatni qojarlar egallab oldi.
Shu tariqa Eronda yangi sulola – Qojarlar sulolasi hukmronligi o‘rnatildi. Mamlakat poytaxti Tehron shahriga ko‘chirildi. Qojarlar rahnamosi Og‘a Muhammad o‘zini shahanshoh deb e’lon qildi. Yangi sulola Eronda 1925-yilgacha hukmronlik qildi.
Tiyul — amaldorlarga xizmat vazifasini bajarish muddatiga yo shoh oldidagi alohida xizmati uchun vaqtincha yoki umrbod muddatga beriladigan yer-mulk. Lekin bunday yerlarni meros qoldirish mumkin bo‘lmagan.