Rus yerlarini birlashtirishning tugallanishi.
Moskva knyazligi yetakchiligida Rus yerlarining Oltin O‘rdaga qaramligiga 1480-yilda barham berilgan.
Mustaqillikdan so‘ng ham Moskva knyazligi rahbarligida Rus yerlarini birlashtirish jarayoni davom ettirildi. 1485-yildan boshlab Moskva knyazi Ivan III butun Rus hukmdori unvonini qabul qildi. Bu davlat bora-bora Rossiya deb ataladigan bo‘ldi. Nihoyat, 1520-yilda Rus yerlarini birlashtirish nihoyasiga yetkazildi. Markazlashgan Rossiya davlatining tashkil topishi katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Rossiya podshosi Ivan IV.
1547-yilda Rus pravoslav cherkovining boshlig‘i mitropolit Makariy vafot etgan Buyuk knyaz Vasiliy III ning o‘g‘li Ivan IV ga Rossiya tarixida birinchi bor podsholik tojini kiydirdi. Bu voqea katta xalqaro ahamiyatga ega bo‘ldi.
Chunki Rus davlati hukmdorlari bu davrgacha Buyuk knyaz deb atab kelingan. Ivan IV ga podsholik unvonining berilishi uni G‘arbiy Yevropa davlatlari qirollari bilan bir qatorga qo‘ydi. Ivan IV ichki siyosatining asosiy vazifasi dvoryanlar tabaqasini kuchaytirish orqali boyarlar mavqeyini zaiflashtirishdan iborat edi. Shu maqsadda 1549-yilda Ivan IV birinchi bor erkin aholi turli toifalari vakillarining yig‘ilishini – Zemstvo soborini chaqirdi.
Ivan IV
Ivan IV Zemstvo soborida boyarlar hokimiyatini keskin qoraladi. Sobor yangi Sudebnik tuzish haqida qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, bundan buyon dvoryanlarni ayblari va nojo‘ya qilmishlari uchun boyarlar sudiga berish taqiqlandi. Dvoryanlardan ming nafariga Moskva uyezdidan yer-mulk ajratib beriladigan bo‘ldi. Davlat lavozimlarini faqat zodagon naslidan bo‘lganlar egallash tartibiga ham chek qo‘yildi.
Boyarlarning o‘zlari uchun aholidan yig‘adigan soliqlar bekor qilindi. Joylarda boyarlar boshqaruvi o‘rniga Zemstvo (mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari) tuzildi. Sudebnik krepostnoy dehqonlarning bir yer egasidan boshqasiga o‘tishini yiliga bir kun – 26-noyabr bilan cheklab qo‘ydi.
Oprichnina.
Boyarlar hokimiyatiga zarba berish maqsadida 1565-yilda Ivan IV davlat yerlaridan katta qismini ajratib oldi. Bu yerlar oprichnina deb ataldi.
Boyarlarning yerlari ham oprichninaga qo‘shib yuborila boshlandi. Oprichnina podsho yerlari deb ham atalib, ularga dvoryanlar joylashtirildi. Oprichnina yerlari ularga bo‘lib berildi. Endi ular dvoryan oprichniklar deb atala boshlandi. Binobarin, oprichnina yerlarning podsho hokimiyatining tayanchi bo‘lgan dvoryanlar foydasiga qayta taqsimlanishi ham edi. Ivan IV bundan buyon boyarlarni Boyarlar dumasisiz o‘zi sud qilishini va jazo belgilashini e’lon qildi. Davlat yerlarining oprichninaga tortilmagan qismiga katta miqdorda soliq joriy etdi. Oprichnina o‘z qo‘shiniga ega bo‘ldi. U podshoning o‘z raqiblarini jazolash quroliga aylantirildi.
Mamlakatda shafqatsiz terror, qatl va surgun davri boshlandi.
Shuning uchun Ivan IV “Grozniy” (“Dahshatli”, “Qo‘rqinchli”) laqabi bilan ataldi.
Oprichnina – podsho hokimiyati dushmanlarini zo‘rlik va terror vositalari bilan bostirishga urinish siyosati edi. Oprichnina boyarlar va feodal tarqoqlik qoldiqlariga kuchli zarba berdi. Ayni paytda oprichnina mamlakat xo‘jaligiga katta talafot yetkazdi. Nafaqat boyarlar, o‘n minglab odamlar ham qurbon bo‘ldi. Bu esa jamiyatning turli qatlamlarida oprichninadan norozilikni kuchaytirdi. Natijada Ivan IV 1572-yilda oprichninani bekor qilishga majbur bo‘ldi. Biroq mamlakatda terror, ayovsiz qatl davom etaverdi. Krepostnoylik tartiblari yanada kuchaydi.
Tashqi siyosat.
Rossiya hududi bosqinchilik urushlari olib borish hisobiga sharqqa va janubga tomon kengayib bordi. Chunonchi, XVI asrning ikkinchi yarmida Qozon, Astraxan (Ashtarxon) va Sibir xonliklari bosib olindi. Shu tariqa 1533-yilda 2,8 mln km² ni tashkil etgan Rossiya hududi XVI asr oxiriga kelib 5,4 mln km² ga yetdi.
Notinch, alg‘ov-dalg‘ovli yillar.
1584-yilda Ivan IV Grozniy vafot etdi. Taxtga uning o‘g‘li Fyodor Ivanovich o‘tqazildi. U kasalmand bo‘lgani uchun amalda hokimiyatni qaynisi – boyar Boris Godunov boshqardi. Fyodor 1598-yilda vafot etadi va Ivan IV o‘g‘illaridan boshqa voris qolmadi. Shu tariqa Rossiyani 700 yil boshqargan Ryurikovlar sulolasi hukmronligi barham topdi. Shunday sharoitda Zemstvo sobori Boris Godunovni podsho etib sayladi.
Boris Godunov 1605-yilda vafot etgach, Rossiya tarixida notinch, alg‘ov-dalg‘ovli yillar boshlandi. Qisqa vaqt ichida bir nechta podsho almashdi. Ayni paytda Rossiyada boyarlar ta’siri yana kuchaydi. Bundan tashqari, chet davlatlar – Polsha va Shvetsiya Rossiya ichki ishlariga zo‘r berib aralasha boshladi. 1609-yilda Polsha hatto Moskvani bosib oldi. Hokimiyat boyarlar guruhi qo‘liga o‘tdi. Ular Rossiya taxtiga Polsha qirolining o‘g‘lini o‘tqazishga urinadi. Shu tariqa boyarlar o‘z imtiyozlarini saqlab qolmoqchi bo‘ladi. Og‘ir siyosiy vaziyatda Rossiya vatanparvar kuchlarining yetakchilari qishloq oqsoqoli Kuzma Minin va sarkarda Dmitriy Pojarskiylar xalq lashkari to‘plashga kirishadi.
1612-yilda Moskva uchun bo‘lgan janglarda Polsha qo‘shini mag‘lubiyatga uchratildi va shahar chet el bosqinchilaridan tamomila ozod qilindi. Rossiya ichki va tashqi ahvoli og‘irligiga qaramay o‘z mustaqilligini saqlab qola oldi. Endi Rossiyaning yangi podshosini saylash masalasini hal etish kerak edi.
1613-yilda Moskvada chaqirilgan Zemstvo sobori Ivan IV Grozniy xotinining qarindoshi Mixail Fyodorovich Romanovni Rossiya podshosi etib sayladi. Shu tariqa Rossiyada yangi sulola – Romanovlar sulolasi hukmronlik davri boshlandi. Bu sulola vakillari 1917-yilgacha hokimiyatni qo‘llarida saqlab turadi.
M.F.Romanov
Boyarlar dumasi – Rus davlatida dastlab knyazlar, so‘ng podsho huzuridagi (1547-yildan) Oliy davlat kengashi.
Sudebnik – qonunlar to‘plami.
Terror (lotincha – qo‘rqinch, dahshat) – raqiblarni yo‘qotish yoki qo‘rqitish, aholi o‘rtasida vahima keltirib chiqarish.