XVI-XIX asrning 70-yillarigacha bo’lgan davrda Afg’oniston




Mustaqillik uchun kurash

XVI asrdan boshlab afg‘onlar Eron safaviylariga qarshi uzoq yillar davomida kurash olib bordi. Asosiy savdo yo‘llarini 1649-yilda Eron safaviylari egallab oldi va bu holat 1709-yilgacha davom etdi. Eron bosib olgan hududlarida, bir tomondan, afg‘on qabilalarini bir-biriga gij-gijlash yo‘li bilan kuchsizlantirishga uringan. Ikkinchi tomondan esa qabilalar hukmdorlariga turli xil unvonlar va yer-mulklar berish evaziga ular bilan kelishish siyosatini yuritdi. Biroq bu siyosatdan ko‘zlangan maqsadga erishilmadi. Aksincha, afg‘on qabilalari o‘z mustaqilligi uchun qattiq kurash olib bordi. Bu davrda Eronda hukmron sulola chuqur tushkunlik davrini boshdan kechirayotgan edi.

1709-yilda Qandahor viloyatida Eron bosqinchiligiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Qo‘zg‘olonga afg‘onlarning gilzoiy qabilasi xoni Mir Vaysxon rahbarlik qildi. Uning harbiy qismi tez orada Qandahor shahrini egalladi.


Afg‘oniston–Eron munosabatlari

Qisqa vaqt ichida Qandahor qudratli xonlikka aylandi. U 1722-yilda Eron poytaxti Isfahonni ham egalladi va Mir Vaysxonning o‘g‘li Mir Mahmud o‘zini shoh deb e’lon qildi. Endi Eron mustaqillik uchun kurash boshladi.

Bu kurashga Eron qo‘shini qo‘mondonlaridan biri Nodir Quli boshchilik qildi.
1730-yilda Eron afg‘on bosqinchilaridan to‘la ozod etildi.

1736-yilda Nodir Quli Eron shohi deb e’lon qilindi. U ayni paytda katta bosqinchilik urushlari ham olib bordi. Chunonchi, 1738-yilda Afg‘onistonni ham bo‘ysundirdi. Afg‘onistonni itoatda tutish uchun Erondan katta miqdordagi jangchilarni oilalari bilan Kobul va boshqa shaharlarga ko‘chirib keldi.


Afg‘oniston davlatining tashkil topishi

1747-yilda Nodirshoh o‘ldirilgach, imperiya ham parchalandi. Bu davrda Boburiylar imperiyasi mavjud bo‘lsa-da, amalda u hech qanday kuch-qudratga ega emas edi. Shu tariqa Afg‘oniston davlatining tashkil topishi uchun qulay tashqi sharoit yuzaga keldi.

1747-yilda afg‘on qabila xonlarining jirg‘asi (kengash) afg‘onlarning abdali qabilasi sardori Ahmadxonni Afg‘oniston shohi deb e’lon qildi. Ahmadshoh qisqa vaqt ichida mamlakat hududini bosib olingan o‘lkalar hisobiga kengaytira oldi. Bu g‘alabalar evaziga u o‘ziga “Durri–Durron” unvonini qabul qildi va abdali qabilasining nomini durroniy nomi bilan o‘zgartirdi. Markaziy hokimiyatga bo‘ysunmaslik harakati va bosib olingan o‘lka xalqlarining doimiy qo‘zg‘olonlari oqibatida durroniylar sulolasining hukmronligi zaiflashdi. Ahmadshohning vorislari bu ikki omilga qarshi qanchalik kurashmasin, ularni bartaraf eta olmadi.


Durroniylar sulolasi hukmronligining barham topishi

Ayni paytda vorislar o‘rtasida toj-u taxt uchun kurash ham avj oldi. Bundan boshqa qabilalar xonlari foydalanishga urindi. Chunonchi, barakzaylar yetakchisi Fathxon taxt uchun kurashda hali u vorisni, hali bu vorisni qo‘llab, davlatda bosh vazir lavozimini egallab oldi. Butun davlat ishlarini amalda o‘z qo‘lida to‘plashga erishdi.

U yirik harbiy sardorlardan biri, ukasi Do‘st Muhammadxon yordamiga tayanardi. Ular Afg‘onistonning deyarli barcha yirik viloyatlari hokimlarini o‘zlariga qarashli kishilardan tayinlanishiga erishdi.

Uzoq davom etgan o‘zaro kurashlardan so‘ng 1826-yilda Do‘st Muhammadxon Afg‘oniston taxtini egalladi va o‘zini amir deb e’lon qildi.
Shu tariqa Durroniylar sulolasi hukmronligi barham topdi. Mamlakatda barakzaylar sulolasi hukmronligi o‘rnatildi. Bu sulola hukmdori amir Do‘st Muhammadxon butun Afg‘onistonni yagona davlatga birlashtirish va uni kuchli davlatga aylantirishga harakat qildi.


Afg‘oniston–Buyuk Britaniya urushi

Afg‘oniston geografik jihatdan muhim strategik mintaqada joylashgani uchun bu davlat hududida Buyuk Britaniya va Rossiya manfaatlari to‘qnashdi.

1838-yilda Buyuk Britaniya Afg‘onistonni o‘z ta’sir doirasiga olish maqsadida unga hujum qildi. Qisqa vaqt ichida Kobul shahrini egalladi. Taxtga durroniylar sulolasi vakili Shuju o‘tqazildi.Biroq erksevar afg‘on xalqini bo‘ysundirish oson emas edi.

1841-yilda Kobul aholisi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Bu qo‘zg‘olonda Do‘st Muhammadxonning o‘g‘li Akbarshoh katta rol o‘ynadi. Buyuk Britaniya qo‘shini qo‘mondonligi barcha harbiy qismlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketish to‘g‘risidagi shartnomani imzolashga majbur bo‘ldi.

1842-yilda Buyuk Britaniya qo‘shini Afg‘onistondan chiqib ketdi. Shu tariqa birinchi ingliz–afg‘on urushi Buyuk Britaniya mag‘lubiyati bilan tugadi. Do‘st Muhammadxonning amirlik hokimiyati qayta tiklandi.


1842–1870-yillarda xalqaro munosabatlarda Afg‘oniston

1843-yilda “Ost-Indiya” kompaniyasi Hindistonning Sind viloyatini ham bo‘ysundirdi. Shu tariqa Britaniya mustamlakalari chegarasi Afg‘onistonga tutashdi.

Buyuk Britaniya bilan yangi urushni istamagan Do‘st Muhammadxon 1855-yilda ingliz–afg‘on do‘stlik shartnomasini imzoladi. 1857-yilda Buyuk Britaniya bilan Afg‘oniston o‘rtasida harbiy shartnoma ham tuzildi. Bu shartnoma Buyuk Britaniya uchun Afg‘onistonni vassal davlatga aylantirish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ldi.

1863-yilda Do‘st Muhammadxon vafot etgach, uning o‘g‘illari o‘rtasida toj-u taxt uchun kurash avj oldi. Hindistonda bo‘lib o‘tgan sipohilar qo‘zg‘olonidan cho‘chib qolgan Buyuk Britaniya Afg‘oniston ichki ishlariga aralashmasligini bildirdi.

Ikkinchi tomondan, O‘rta Osiyoning Rossiya imperiyasi tomonidan istilo qilishning boshlangani ham Afg‘oniston uchun xalqaro qulay vaziyat yaratdi.
Shunday bir sharoitda Buyuk Britaniya Rossiya bilan kelishuv yo‘lini izladi. Ularning fikricha, Afg‘oniston bu ikki mustamlakachi davlatlarning Osiyodagi mustamlakalarini ajratib turuvchi hudud vazifasini o‘tashi kerak edi.

1870-yilga kelganda Afg‘oniston mustamlaka ham, qaram davlat ham emas edi. Biroq uning chegaralariga janubi-sharqdan Buyuk Britaniya, shimoldan esa Rossiya tobora yaqinlashib kelayotgan edi.

Durri-Durron — javohirlar javohiri.