XIX asrning 70-yillarigacha bo’lgan davrda Yaponiya




Yaponiyaning kuch bilan “ochilishi”

XVI asrdayoq Yaponiyada xristian dinining tarqalishi taqiqlangan edi. Hukmdorlar xristian dini yapon xalqi milliy an’analarini buzuvchi, xristian missionerlarini bosqinchilarning dastlabki guruhi deb hisoblagan. Shu tufayli XVII asrda Yaponiya hukmdorlari mamlakatni chet elliklar uchun yopib qo‘ydi va barcha yevropaliklarni davlat hududidan quvib yubordi.

Syogun farmonida bunday deyilgan edi: “Shu davrdan boshlab Yaponiyaga chet eldan hech kim, hatto elchilar ham kiritilmaydi. Hatto o‘lim xavfi ham bu farmonni bekor qila olmasligi lozim”.

Shu tariqa yillar ketidan yillar o‘taverdi. Va nihoyat, 1854-yilda AQSH harbiy-dengiz floti Yaponiyani ochilishga majbur etdi. Shu yili AQSH bilan Yaponiya o‘rtasida “Tinchlik va do‘stlik to‘g‘risida” shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra, Yaponiya AQSHga ikkita portini ochdi va konsulini qabul qildi. AQSHdan so‘ng Yaponiyaga Yevropa davlatlari ham birin-ketin kirib kela boshladi. Ularning maqsadlari Yaponiya bozorlarini egallash edi.

1858-yilda amerikaliklarga yana bir nechta port ochib qo‘yildi. Yaponiyadagi AQSH fuqarolariga eksterritoriallik huquqi berildi. Ayni paytda AQSH tovarlariga juda past boj to‘lovlari belgilandi. Tez orada xuddi shu mazmundagi shartnomalar Yevropa davlatlari bilan ham imzolandi. Aslida bu shartnomalar Yaponiyani kamsituvchi, teng bo‘lmagan shartnomalar edi Harbiy jihatdan qudratli davlatlarga yon bermaslikning iloji yo‘q edi. Shu tariqa Yaponiyaning siyosiy va iqtisodiy yopiqlik davri tugadi.


“Ma’rifatli boshqaruv” davrining boshlanishi

Chet davlatlari uchun “ochilish” Yaponiya iqtisodiga ham salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Chunki Yaponiya bozorlarining chet el tovarlari bilan to‘ldirilishi mamlakatdagi manufaktura va hunarmandchilik ishlab chiqarishiga katta zarba berdi. Natijada davlatda chet elliklarni quvib chiqarishni talab qiluvchilar harakati kuchaydi.

Ayni paytda samuraylarning savodxon qismi va ziyolilar Yaponiya chet elliklar uchun yopiq bo‘lgan yillarda mamlakat taraqqiyoti AQSH va G‘arbiy Yevropa davlatlaridan orqada qolganini yaxshi tushungan. Shuning uchun ular chuqur islohotlar o‘tkazish yo‘li bilan Yaponiyani zamonaviy davlatga aylantirish haqida o‘ylay boshladi.

Imperator tarafdorlari Yaponiyani modernizatsiya qilish uchun kurashuvchilar harakatidan syogun hokimiyatini tugatish va imperatorlik davrini qayta tiklash uchun foydalanishga qaror qildi. Shu tariqa mamlakatning kuch bilan ochilishi va syogun hokimiyatining chet davlatlar bilan imzolagan noteng shartnomalari mamlakatda fuqarolar urushi boshlanishiga turtki bo‘ldi. Syogun hokimiyatini ag‘darish uchun ommaviy harakatning asosiy kuchini samuraylar tashkil etdi. Ularga qishloq va shaharlarning boy hamda o‘rta tabaqalari qo‘shildi. Fuqarolar urushi natijasida syogun hokimiyati ag‘darildi. 1867-yilda Tokugava sulolasining oxirgi syoguni imperator Musuxito foydasiga oliy hokimiyatdan voz kechdi. Shu yili unga imperator Meydzi (“ma’rifatli boshqaruv”) nomi bilan toj kiydirildi.


Meydzi islohotlarining boshlanishi

Yaponiya uchun modernizatsiya davri boshlandi. Hukumat o‘z oldiga milliy an’analardan voz kechmagan, mustaqillikni to‘la saqlab qolgan holatda G‘arb namunasida Yaponiyani zamonaviylashtirish vazifasini qo‘ydi. Dastlab agrar islohot o‘tkazildi. Bu islohot yerni sotish va sotib olishga hamda xususiy mulkka aylantirishga ruxsat berdi. Natijada asrlar davomida katta yer egalari uchun mehnat qilib kelgan dehqonlar chek yerga ega bo‘ldi. To‘g‘ri, yer uchun katta soliq ham belgilab qo‘yildi. Bu soliq qiymati hosildan olinadigan daromad hajmining 50 foiziga teng edi. Shuning uchun ham islohotdan 10 yil o‘tgach, yer olgan dehqonlarning atigi 1/3 qismi o‘zlariga berilgan yerni qo‘llarida saqlab qola oldi. Qolganlari esa ijarachilarga aylandi. Shunday bo‘lishiga qaramay, islohot qishloq xo‘jaligida kapitalistik munosabatlarning rivojlanishini ta’minladi. Ma’muriy sohada o‘tkazilgan islohot mahalliy knyazlar hokimiyatini tugatdi. Knyazlar qudratini sindirish uchun dastlab yerlarining bir qismi musodara qilindi. So‘ng ular boshqaruv huquqidan ham mahrum etildi. Joylarda hokimiyat imperator tayinlaydigan gubernatorlar qo‘liga o‘tdi.

Harbiy islohotga ko‘ra, Yaponiyada umumiy harbiy majburiyat joriy etildi.
Samuraylar avvalgi qiyofasini yo‘qotdi. Endi ular doimiy harbiy xizmatda bo‘lish imtiyozidan mahrum bo‘ldi. Yevropacha nusxadagi yangi qo‘shinning shakllantirilishi belgilandi.

Fransiyadan harbiy mutaxassislar taklif etildi. Qo‘shin Yevropadan sotib olingan zamonaviy qurollar bilan qayta qurollantirildi. Garchand qo‘shin yevropacha andoza asosida tuzilgan bo‘lsa-da, mafkurasi yaponcha bo‘lib qolaverdi. Chunonchi, qurolli kuchlarda xizmat qiluvchilar ongiga o‘z davlatining manfaatlariga sodiqlik, imperatorga muhabbat va o‘limni nazar-pisand qilmaslik g‘oyalari toqat bilan singdirildi. Bu xususiyatlar yaponcha milliy ruhning qirralari, belgilari deb hisoblanardi.

Bundan tashqari, yaponlar ongiga Yaponiyaning quyosh xudosi Amaterasu xohishiga ko‘ra paydo bo‘lgani, shuning uchun ham bu davlat Osmon va Yer kabi abadiy mavjudligi haqidagi g‘oyalar singdirildi. Shuningdek, imperatorga xudo Amaterasudek mehribonlik xos ekani, u hech qachon nohaq bo‘lmasligi, unga sodiqlik vatanparvarlikning oliy namunasi ekani, yaponlarning boshqalardan ustunligi, millatning ulug‘ vazifasi kabi g‘oyalar ham undan-da kam bo‘lmagan toqat bilan singdirila bordi. Ayni paytda G‘arb davlatlari siquviga qarshi turmoq uchun barcha Osiyo davlatlari Yaponiya imperatori hokimiyati ostiga birlashishi lozimligi haqidagi g‘oyalar ham esdan chiqarilmadi.

Bu g‘oyani yoshlar ongiga singdirishda ibodatxona, qo‘shin va maktablarga katta e’tibor berildi. Bu g‘oyalar kelgusida Yaponiyaning Osiyo qit’asida olib borgan keng ko‘lamli bosqinchilik urushlarini mafkuraviy jihatdan tayyorlash jarayonida muhim rol o‘ynadi.


Iqtisodiy taraqqiyotning yangi xususiyatlari

Meydzi islohotlari mamlakatda feodal tarqoqlikka chek qo‘ydi. Natijada yagona yapon ichki bozori vujudga keldi. Mamlakatda yagona pul birligi — iyen joriy etildi. Hukumat ishlab chiqarishni industrlashtirish masalasiga Yaponiyaning ichki ishlariga chet davlatlar aralashuvi xavfidan himoya qiluvchi asosiy omil deb qaradi. Shuning uchun ham davlat sanoat korxonalari qurilishiga homiylik qildi. Asosiy sanoat korxonalari davlat mablag‘i hisobiga qurildi, keyinchalik ular imtiyozli asoslarda turli firmalarga sotildi yoki ijaraga berildi. Davlat tadbirkorlikni har tomonlama rag‘batlantirdi va qo‘llab-quvvatladi. Meydzi islohotlari tarixga “Meydzi inqilobi” nomi bilan kirgan.

Modernizatsiya — zamonaviylashtirish.
Eksterritorial huquq — chet el fuqarolarining shaxsi, uy-joyi va mol-mulki daxlsizligi hamda mahalliy davlat sudining ularni sud qila olmasligi.