Sin imperiyasining zaiflashuvi
Sin sulolasi keng ko‘lamda bosqinchilik urushlari olib borgan. Biroq XVIII asr oxirlariga kelganda imperiyaning istilochilik qudrati zaiflashdi. Iqtisodiy turg‘unlik va mamlakat aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi dehqonlarning qashshoqlashuvi qo‘zg‘olon ko‘tarilishiga olib keldi.
Shu tariqa Xitoy ichki ziddiyatlar iskanjasida qoldi. Hukmron sulola umri tugayotgan tuzumni butun choralar bilan saqlab qolishga urindi. Hukmron tabaqalar siyosatiga qarshi har qanday bosh ko‘tarish shafqatsizlik bilan bostirildi. Bu davrda Xitoyga Buyuk Britaniya va Fransiya savdogarlarining kirib kelishi kuchaydi. Ularning faol harakatlari Xitoy hukumatini xavotirga solib qo‘ydi. Chet elliklarning mamlakatga ko‘plab kirib kelishining oldini olish maqsadida imperator 1757-yilda Xitoy bandargohlarini tashqi savdo uchun yopiq deb e’lon qildi. Shu tariqa Xitoyni tashqi dunyodan ajratib qo‘yish siyosati boshlandi.
Tashqi savdo imperator amaldorlari nazorati ostida faqat Guanjou porti orqaligina olib boriladigan bo‘ldi. Xitoyning o‘zini-o‘zi yakkalab qo‘yish siyosati feodal tartiblarning saqlanishiga xizmat qildi. Uning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishiga katta zarar yetkazdi. Imperator ma’murlari fan va texnika sohasida boshqa xalqlarning yutuqlarini rad etdi. Mamlakat qoloqlik botqog‘iga botib qoldi.
Shunday bir sharoitda Buyuk Britaniya hukumati Xitoyni o‘z savdogarlari uchun ochishga butun imkoniyatlari bilan urindi. Sin imperatorining qaysarligini sindirish uchun unga bir bahona kerak edi.
Birinchi afyun urushi
Buyuk Britaniya savdogarlari Hindistondan g‘ayriqonuniy ravishda Xitoyga afyun (qoradori) kirita boshladi. Mahalliy Xitoy ma’murlari afyun ortilgan karvonlarni musodara qilganiga javoban Britaniya hukumati afyun va ingliz tovarlarini olib kirishni qonuniylashtirish uchun 1840-yilda Xitoyga qarshi urush boshladi. Urush tarixga “Birinchi afyun urushi” nomi bilan kirgan. Bu urush 1842-yilgacha davom etdi. Urushda Xitoy iqtisodiy va harbiy texnika jihatdan qoloqligi tufayli mag‘lubiyatga uchradi. Urush yakunida Buyuk Britaniya Gonkong orolini bosib oldi va Xitoyni chet el savdogarlari uchun bir nechta portlarni ochib qo‘yish haqidagi shartnomani imzolashga majbur etdi. Lekin Xitoy afyun olib kirilishining qonuniy ekanini tan olmadi.
Ikkinchi afyun urushi
1856-yilda ikkinchi afyun urushi ro‘y berdi. Bu safar Xitoy Buyuk Britaniya va Fransiyaning birlashgan qo‘shinlaridan qaqshatqich zarbaga uchradi. Ular Pekin bo‘sag‘alarida juda boy xazinalarga ega bo‘lgan imperatorning yozgi saroyini taladi. Mustamlakachilar Xitoyni yangi teng bo‘lmagan shartnomalar tuzishga majbur etdi. Chet elliklarga yana boshqa portlar orqali ham savdo olib borishga ruxsat etildi va imtiyozlar berildi. Ayni paytda ingliz va fransuz fuqarolari Xitoy hududida mamlakat qonunlari va sudiga bo‘ysunishdan ozod qilindi. Agar ular jinoyat sodir etsa, tegishli mamlakatning elchisi o‘sha davlat qonunlariga binoan sud qilardi. Dengiz savdosida ustunlikni egallagan Buyuk Britaniya Xitoyda hammadan ko‘proq imtiyozlarga ega bo‘lib oldi.
Taypin jangchilari
Dengiz sohilidagi katta shaharlarda vujudga keltirilgan maxsus kvartallarda faqat ajnabiylar yashar, xitoylik ma’murlar esa bu yerlarga kira olmas edi.
Dehqonlar qo‘zg‘oloni va taypinlar davlati (1850–1864)
Hukumatning taslimchilik siyosati oqibatida Xitoyning Yevropa davlatlari yarim mustamlakasiga aylanib borishi hamda feodal zulmining kuchayishi xalq ommasining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Oqibatda dehqonlar qo‘zg‘olon ko‘tarishga majbur bo‘ldi. Bu qo‘zg‘olon 1850-yilda mamlakat janubida boshlandi. Sin sulolasi va feodallarga qarshi kurash mustamlakachilarga qarshi kurash bilan qo‘shilib ketdi.
Qo‘zg‘olonga dehqonning o‘g‘li, maktab o‘qituvchisi Xun Syusyuan boshchilik qildi. Qo‘zg‘olonchilar Yanszi viloyatida “Samoviy mo‘l-ko‘lchilik davlati” (“Taypin tyango”) barpo etdi. Uning markazi Nankin shahri bo‘ldi. Xun Syusyuan fikricha, bunday davlatlarda dehqonlar jamoa bo‘lib yashashlari kerak edi. Jamoada “hech bir narsada tengsizlik bo‘lmasligi, hammaning to‘q va kiyimi but bo‘lishi uchun yerga ega bo‘lgan holda uni birgalikda ishlash, oziq-ovqat bo‘lganida birgalikda tanovul qilish, kiyim-kechak bo‘lganida baravar taqsimlash, pul bo‘lganida birgalikda sarflash lozim” edi. Aholi turmushi harbiy tartib asosida qurildi. Har bir oilaning qo‘shinga bitta askar yetkazib berishi belgilab qo‘yildi. Harbiy qism boshlig‘i ayni paytda qism joylashgan hududda davlat hokimiyatini amalga oshirdi. Barcha erkaklar bitta mehnat lageriga, ayollar va bolalar boshqa yerga joylashtirildi.
Taypinlar mag‘lubiyati
Qo‘zg‘olon rahbarlarining orzu-umidlari puch xayol edi, xolos. Ularning yerni aholiga oila a’zolari soniga qarab teng bo‘lib berish haqidagi rejalari qo‘zg‘olonda ishtirok etayotgan mulkdor tabaqalarni qo‘zg‘olondan uzoqlashtirdi. Bu hol taypinlar rahbarlari orasida nizo kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Yer ololmagan dehqonlar esa umidsizlikka tusha boshladi. Bu esa davlat ma’murlariga taypinlarni tor-mor keltirishda yordam berdi. Hukumat kuch to‘plab hujumga o‘tdi. Unga Buyuk Britaniya, Fransiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari yordam ko‘rsatdi. Buyuk davlatlar Xitoyda inqirozga yuz tutgan Sin sulolasi hukmronligi saqlanib qolishidan manfaatdor edi.
1864-yilda hukumat qo‘shinlari qo‘zg‘olon rahbarlari joylashgan Nankin shahrini ishg‘ol qildi. Xun Syusyuan o‘z joniga qasd qildi. Taypinlar qo‘zg‘oloni bostirilganidan keyin chet el mustamlakachilari Sin sulolasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirdi va uning yangi-yangi yon berishlariga erishdi.
Afyun (yunoncha – abiyun) — mudratuvchi, uxlatuvchi so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, kuchli giyohvand moddaga aytiladi.