XIX asrning 70-yillarigacha bo’lgan davrda Usmoniylar imperiyasi




Davlat tuzumi

Usmoniylar imperiyasi so‘z yuritilayotgan davrda ham mutlaq monarxiya boshqaruviga ega bo‘lib, o‘rta asrlarga xos harbiy davlat belgilari to‘la saqlanib qoldi. Huquqi hech narsa bilan cheklanmagan sulton davlatni boshqarar edi. Aynan uning zulmga asoslangan hokimiyati va yangilikni qabul qilishga mutlaqo tayyor emasligi jamiyat taraqqiyoti yo‘lidagi asosiy g‘ovga aylandi. Aholining ruhoniylardan boshqa barcha davlat xizmatchilari sultonning quli hisoblangan. To‘g‘ri, mamlakatda islohotlar o‘tkazishga urinishlar ham bo‘ldi. Biroq ular mutaassib din arboblari va mustamlakachi chet el davlatlarining qarshiligi tufayli amalga oshmay qolaverdi.


“Sharq masalasi”

XVIII asr oxiriga kelib Yevropaning kuchli davlatlari Usmoniylar imperiyasining zaiflashib qolganidan foydalanib mustamlaka hududlariga ko‘z olaytira boshladi. Bu hududlar geografik va siyosiy jihatdan katta ahamiyatga ega, tabiiy boyliklarga, xomashyolarga boy o‘lkalar edi.

Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstriya va Rossiya hukmron doiralarining har biri bu o‘lkalardan mumkin qadar ko‘proq o‘ljalarni qo‘lga kiritishga intilardi. Yevropa davlatlarining Usmoniylar imperiyasiga qaram o‘lkalarni egallab olish uchun o‘zaro kurashi tarixga “Sharq masalasi” degan nom bilan kirgan. Buyuk Britaniya va Fransiya imperiyani o‘z ta’sirida tutishga urinadi.

Rossiya esa Turkiyaga qaram bo‘lgan Bolqon yarimorolida mustahkam o‘rnashib olishga va Qora dengizning Bosfor hamda Dardanell bo‘g‘ozlarini, shuningdek, Istanbul shahrini qo‘lga kiritishga intilgan.

Avstriya esa Bolqonning Rossiya ta’sirida qolishiga aslo toqat qila olmas edi.
Aksincha, uning o‘zi ham Bolqonda mustahkam mavqega ega bo‘lib olish uchun intildi.


Sharq masalasining keskinlashuvi

Yevropaning taraqqiy etgan mamlakatlarida kapitalistik ishlab chiqarishning rivojlanishi yangi-yangi xomashyo o‘lkalariga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirdi. Bu hodisa ularning Turkiya mustamlakalari uchun kurashini yanada kuchaytirdi. Imperiya xalqlarining milliy-ozodlik kurashidan Yevropa davlatlari Turkiya ichki ishlariga aralashish quroli sifatida foydalandi. Chunonchi, 1827-yilda Londonda Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya o‘rtasida Turkiyaga qaram Gretsiyaga muxtoriyat huquqi berilishini ko‘zda tutuvchi bitim imzolandi.

Fransiya esa 1830-yilda Jazoirni bosib oldi. Sulton hukumatining bunday ketma-ket muvaffaqiyatsizligi rasman Turkiyaga qaram Misr hukmdori Muhammad Alining bosh ko‘tarishiga sabab bo‘ldi.

U 1832-yilda sulton qo‘shinini tor-mor etgach, Istanbul shahriga yo‘l ochildi.
Sultonni halokatdan Rossiya saqlab qoldi. Birinchidan, Qora dengiz bo‘g‘ozlari va Istanbul shahrini qo‘lga kiritish bo‘lgan Rossiya uchun kuchli Muhammad Alidan kuchsiz sulton hokimiyati ma’qul edi. Ikkinchidan, Muhammad Alining g‘alabasi uni qo‘llab-quvvatlayotgan Fransiyaning ham g‘alabasiga teng edi. Bunga yo‘l qo‘yishni istamagan Rossiya Turkiya sultoniga o‘z yordamini taklif qildi. Rossiya flotining tazyiqi bilan Muhammad Ali o‘z qo‘shinini Misrga qaytarib olib ketdi. Endi Rossiya va Turkiya o‘rtasida yaqinlashuv yuz bera boshladi.

Buyuk Britaniya va Fransiya, tabiiyki, bunga toqat qila olmas edi. Endi ular Muhammad Alini qo‘llab-quvvatlay boshladi. Muhammad Ali sultondan qo‘l ostidagi hududlarni boshqarishni meros qilib qoldirish huquqini talab qildi.

Bu talab yangi urush boshlanishiga bahona bo‘ldi. Urush yakuniga ko‘ra, 1840-yilda Muhammad Ali Misr va Sudanni boshqarishni meros qilib qoldirish huquqini qo‘lga kiritdi.


Imperiyaning yarimmustamlakaga aylanishi

Yevropa davlatlari Turkiya ichki ishlariga aralashishni tobora kuchaytirdi. 1853-yilda Rossiyaning Turkiyaga qaram o‘lkalarda mustahkamlanib olishga urinishlari ular o‘rtasidagi urushni keltirib chiqardi. Bu urush Rossiya tarixiga “Qrim urushi” nomi bilan kirgan. Urush boshlanishi oldidan Rossiya podshosi Nikolay I sultondan Rossiyani Turkiyaga qaram o‘lkalarda yashovchi barcha pravoslav xalqlari, shuningdek, xristianlikning Falastindagi muqaddas joylari homiysi deb tan olinishini talab qildi. Buyuk Britaniya va Fransiya sultonni bu talabni rad etishga undadi. Oqibatda Rossiya–Turkiya urushi boshlandi.

Urushda Buyuk Britaniya, Fransiya va Turkiya uchlik ittifoqi g‘alaba qozondi.
Biroq bu g‘alaba Turkiyaning Buyuk Britaniya va Fransiyaga qaramligini yanada kuchaytirdi. Urush natijasida 1856-yil imzolangan Parij Tinchlik shartnomasi Turkiya ustidan amalda G‘arb davlatlarining “homiylig”ini o‘rnatdi. Chet elliklarga Turkiyada yer va boshqa ko‘chmas mulklar sotib olishga ruxsat berildi. Chet davlatlarga berilgan konsessiyalar kafolatlandi. Shu tariqa Turkiyaning yarimmustamlakaga aylanishi uchun yo‘l ochildi. XIX asrning 60-yillariga kelib mustamlakachi davlatlar Turkiyada mamlakat siyosatini belgilashga imkon beruvchi iqtisodiy va siyosiy mavqega ega bo‘lib oldi.

70-yillarda Turkiyaning chet davlatlardan qarzi 2,4 mlrd frankka teng bo‘ldi.
Shu tariqa bir vaqtlar dunyoning uch qit’asida ham katta-katta mustamlakalarga ega bo‘lib olgan Turkiya endilikda Yevropaning kuchli davlatlari yarimmustamlakasiga aylandi.