Iqtisodiy hayotning o‘ziga xos xususiyatlari
Chor Rossiyasida krepostnoylik tartiblari jamiyat taraqqiyotiga katta g‘ov bo‘lib qoldi. G‘arbiy Yevropa davlatlari va AQSHda mashinalashgan sanoat rivojlanayotgan bir davrda Rossiyada hamon manufakturalar ishlab chiqarishi hukmron edi. Qishloq xo‘jaligida esa hamon o‘rta asr krepostnoylik tartiblari hukm surardi va taraqqiyotning to‘sig‘iga aylangan edi.
Samoderjaviye va krepostnoylikka qarshi kurash
1812-yilgi Fransiya–Rossiya urushida erishilgan g‘alabadan keyin ham chor Rossiyasida samoderjaviye boshqaruv tartibi va krepostnoylik huquqi saqlanib qoldi. Ushbu holat chor Rossiyasining ilg‘or fikrli kishilarini harakatga chorladi. Ular o‘z vatanini Yevropaning yetakchi davlatlari qatorida ko‘rishni istardi. Vatanidagi mavjud tuzumni o‘zgartirmay turib, o‘z orzularining ro‘yobga chiqmasligini ham yaxshi anglar edi.
Ular samoderjaviye va krepostnoylikka qarshi aniq dastur bilan kurash boshladi. Bu kurash Rossiya tarixiga “Dekabristlar harakati” nomi bilan kirgan. Dekabristlar zodagonlarning farzandlari edi. Ularning bir guruhi Rossiyada respublika tuzumi o‘rnatish tarafdorlari bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi, konstitutsiyaviy monarxiya o‘rnatish niyatida edi.
Dekabristlar ikkita maxfiy jamiyat tuzdi. Ulardan biri, “Janubiy jamiyat”, ikkinchisi, “Shimoliy jamiyat” deb ataldi. Ikki jamiyat ham Rossiya Konstitutsiyasining loyihasini yaratdi. “Janubiy jamiyat”ning ko‘zga ko‘ringan arbobi – Vatan urushi qatnashchisi, Borodino jangida ko‘rsatgan jasorati uchun oltin dastali qilich bilan mukofotlangan Pavel Pestel edi.
P.Pestel
U yaratgan konstitutsiya loyihasi “Rus haqiqati” deb ataldi. Loyihada samoderjaviye, krepostnoylik huquqini yo‘q qilish va Rossiyada respublika idora usulini joriy etish ko‘zda tutildi. Hamma fuqarolar uchun teng saylov huquqi asosida saylanadigan “Xalq Veche”sining Rossiya parlamenti bo‘lishi belgilandi.
“Shimoliy jamiyat”da Nikita Muravyov tayyorlagan konstitutsiya loyihasi Rossiyani konstitutsiyaviy monarxiya deb e’lon qilishni ko‘zda tutardi. Mulk senzi asosida saylanadigan ikki palatali Xalq Vechesi Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat organi (parlament) bo‘lishi kerak edi. Dekabristlar o‘z maqsadlariga qo‘zg‘olon ko‘tarish orqali erishish mumkin deb hisoblab, unga tayyorlana boshladi. Qo‘zg‘olon vafot etgan imperator Aleksandr I o‘rniga ukasi Nikolay I ni taxtga o‘tqazish marosimi o‘tkaziladigan kunga belgilandi. Qo‘zg‘olon dekabristlarga sodiq harbiy qism tomonidan amalga oshirilishi lozim edi. Qo‘zg‘olon 1825-yilning 14-dekabr kuni boshlandi, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchradi va imperatorga sodiq harbiy kuchlar tomonidan bostirildi. Dekabristlar harakatining rahbarlaridan besh kishi, jumladan, P.Pestel va N.Muravyovlar ham osib o‘ldirildi. Ko‘pchiligi Sibirga surgun qilindi. Biroq dekabristlar harakati behuda ketmadi.

Nikolay I
Ular ilgari surgan g‘oyalar Rossiya jamiyatining ilg‘or qatlamini uzoq vaqtgacha samoderjaviye va krepostnoylikka qarshi kurashga ilhomlantirib keldi.
Dekabristlar qo‘zg‘oloni bostirilgach, mamlakatda reaksiya kuchaydi. Norozilik bildirishning, erkin fikr yuritishning zarracha ko‘rinishi, hukumatni salgina bo‘lsa-da tanqid qilish shafqatsiz ravishda ta’qib etildi. Ayniqsa, ilg‘or ruhdagi rus adabiyoti qattiq quvg‘in va ta’qib ostiga olindi.
Krepostnoylik huquqining yemirilishi
1853–1856-yillardagi Turkiya–Rossiya urushida Rossiya mag‘lubiyatga uchradi. Bu mag‘lubiyat Rossiyaning iqtisodiy qoloqligi oqibati edi. Rossiyada krepostnoylik tuzumi allaqachon taraqqiyotning asosiy to‘sig‘iga aylangan edi.
Shuningdek, bu mag‘lubiyat krepostnoy huquq bekor qilinmas ekan, Rossiyada kapitalizm tez sur’atlar bilan taraqqiy etishi mumkin emasligini ham ko‘rsatib berdi. Ayni paytda mag‘lubiyat inqilobiy harakatning o‘sishiga ham turtki bo‘ldi.
Mamlakatda vujudga kelgan kuchli norozilik to‘lqinini bostirish maqsadida imperator Aleksandr II 1861-yilning 19-fevralida krepostnoy huquqni bekor qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonunga ko‘ra, krepostnoy dehqonlar shaxsan ozod bo‘ldi. Bundan buyon dehqonlarni sotib olish, sotish yoki boshqa birovga hadya qilish taqiqlandi. Dehqon endi pomeshchikning ruxsatisiz oila qurish, mustaqil sur’atda shartnoma, savdo bitimlari tuzish, ko‘chmas mulk sotib olish va uni meros qoldirish kabi huquqlarga ega bo‘ldi.
Hukumat dehqonlarni ozod qilib, yer berishga majbur bo‘ldi. Shunday qilinmasa, xalq g‘azabga kelishi mumkin edi. Bundan tashqari, dehqonlarning asosiy soliq to‘lovchilar bo‘lib qolishi ham hisobga olindi.
Dehqonlarga berilgan yer chek yerlar deb ataldi. Hukumat pomeshchikning manfaatini ham hisobga oldi. Jumladan, pomeshchik o‘z ixtiyoridagi yerning 1/3, cho‘l hududlarda esa 1/2 qismini saqlab qolish huquqiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, dehqon shu vaqtgacha hukumat qarorida belgilanganidan ko‘proq miqdordagi yerdan foydalanib kelgan bo‘lsa, ortiqchasi pomeshchikka o‘tkazilar edi. Bunday yerlar otrezka deb atalgan.
Dehqon o‘ziga berilgan yerga egalik qilish uchun vikup to‘lashi shart edi. Biroq, dehqonda vikup uchun pul bo‘lmagani sabab pul davlat tomonidan beriladigan bo‘ldi. Dehqonlar bu qarzni 49 yil davomida davlatga foizi bilan to‘lab borishi lozim edi.
Islohotning tarixiy ahamiyati
1861-yilgi islohot natijasida krepostnoy huquq yemirildi. Biroq islohot dehqonlarni birdaniga ozod etmadi. Krepostnoylik asorati uzoq yashadi.
Natijada Rossiya qishloq xo‘jaligida kapitalizm juda sekinlik bilan rivojlana boshladi. Shunday bo‘lsa-da, islohot muhim arixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Chunonchi, dehqonlar shaxsiy erkinlik va fuqarolik huquqiga erishdi. Iqtisodiyotda kapitalistik munosabatlarning mustahkamlanishi uchun keng imkoniyat yaratildi. Dunyoning yetakchi davlatlariga nisbatan kech bo‘lsa-da boshlangan sanoat to‘ntarishi davom etdi.
Tashqi siyosat
Rossiya XIX asrda ham boshqa buyuk davlatlar qatori bosqinchilik urushlarini to‘xtatmadi. Jumladan, uzoq davom etgan urushlardan so‘ng 1864-yilga kelib butun Kavkaz Rossiya tarkibiga kiritildi. Shu bilan bir qatorda Osiyo mintaqasiga ham qiziqib ko‘rdi.
1867-yilda Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligining bosib olingan hududlarida Turkiston general-gubernatorligini tashkil etdi. Shu yili Rossiya o‘ziga qarashli bo‘lgan Alyaskani AQSHga juda arzon narxda sotib yubordi.
Bu bilan Rossiya o‘z tashqi siyosatida tobora kuchayib borayotgan AQSHga tayanishni rejalashtirgan edi.
Vikup — krepostnoylikdan ozod bo‘lgan dehqonning o‘ziga berilgan yerni haq to‘lash evaziga sotib olishi.
Reaksiya kuchlari — ilg‘or g‘oyalarni ta’qib etuvchi, eski tartiblarni saqlab qolish yoki ularni qayta tiklashga intiluvchi kuchlar.
Samoderjaviye — Rossiyada hukmdorning cheklanmagan hokimiyati.
Surgun — jazo tariqasida boshqa yerlarga jo‘natish.