XIX asrning 70-yillarigacha bo’lgan davrda Hindiston




Buyuk Britaniya mustamlakachilik tartibi

Buyuk Britaniya hukmron tabaqalari yangi asrda ham Hindistonni butunlay o‘z mustamlakasiga aylantirish siyosatini davom ettirdi. Shu maqsadda hukumat “Hindiston ishlari bo‘yicha nazorat kengashi” tashkil etdi. Bu kengash Buyuk Britaniyaning Hindistondagi mustamlakachilik siyosatining yo‘nalishlarini belgilab berardi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya parlamenti Hindistonni boshqarish to‘g‘risida qonun qabul qildi. Unga ko‘ra, “Ost-Indiya” kompaniyasining Kalkutta shahridagi gubernatori Buyuk Britaniyaning Hindistondagi barcha mustamlakalari general-gubernatori etib tayinlandi. Shu tariqa kompaniya amalda Hindistonni boshqaruvchi mustamlakachi ma’muriyat apparatiga aylantirildi.

Hindistonning mustamlakaga aylantirilgan hududlari ma’muriy jihatdan general-gubernatorga itoat etuvchi gubernatorlar tomonidan boshqarildi.

Buyuk Britaniya to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining Hindistonda sotilishi mahalliy to‘qimachilik hunarmandlarini xonavayron qildi. Chunki ularning mahsuloti sifat jihatdan Buyuk Britaniya tovarlari bilan raqobat qila olmasdi. Oqibatda Hindistonning o‘n minglab to‘quvchilari ochlikka mahkum etildi.

“Ost-Indiya” kompaniyasi katta harbiy kuchga tayanar edi. U hindlarning o‘zidan ham yollanma qo‘shin tuzdi. Bu qo‘shinning askari sipohi deb atalardi. Qo‘shinga ingliz zobitlari qo‘mondonlik qilardi.

Bahodirshoh II

Hindistonda faqat shu qo‘shingina hindlarning birdan-bir uyushgan tashkiloti edi, xolos. Kompaniya sipohilarning Buyuk Britaniyaga so‘zsiz itoat etib, xizmat qilishini istar edi. Mustamlakachilar mahalliy aholining milliy his-tuyg‘ularini hisobga olmasdi. Oqibatda mana shu yagona uyushgan, sipohilardan iborat harbiy kuch orasida ham mustamlakachilik tartiblaridan norozilik tobora kuchayib bordi.


Sipohilar qo‘zg‘oloni

Sipohilar qo‘zg‘olonining boshlanishiga bevosita turtki qo‘shinda patron bilan o‘qlanadigan miltiqning joriy etilishi bo‘ldi. Yangi patronning usti qalin qog‘oz bilan qoplangan bo‘lib, patronni miltiq stvoliga solishdan oldin po‘stloqni tish bilan yirtib tashlash kerak edi. Bu qog‘oz po‘stloq ustiga esa yog‘ surtilgan edi. Sipohilar orasida shu yog‘ sigir va cho‘chqa yog‘ining aralashmasidan tayyorlangan, degan gap tarqalib ketdi.

Hinduiylik dinida sigir muqaddas hisoblanadi va uning go‘shti iste’mol qilinmaydi. Hind sipohi sigir yog‘i ishlatilgan patronni tishi bilan tishlashni o‘z dinining qattiq tahqirlanishi deb qabul qildi. Musulmon sipohi esa cho‘chqa yog‘i ishlatilgan patronni tishi bilan tishlashni islom dinini ongli ravishda qattiq tahqirlash deb qabul qiladi. Oqibatda ular yangi patronni olishdan bosh tortadi. Oxiri bu hodisa qo‘zg‘olon ko‘tarilishiga olib keldi.

Qo‘zg‘olon 1857-yilda boshlandi. Sipohilar tez orada Dehli shahrini egalladi.
Shoh saroyiga bostirib kirishib, boburiy hukmdor Bahodirshoh II ni hind xalqini mustamlakachilarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishga chorlovchi chaqiriqni imzolashga majbur etdi.


Qo‘zg‘olonning bostirilishi

Buyuk Britaniya Hindistonga qo‘shimcha harbiy kuchlarni yuborishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng harbiy kuch ustunligi Buyuk Britaniya bosqinchilari tomoniga o‘tdi.

Britaniya qo‘shini qo‘zg‘olonchilar egallagan shaharlarni qamal qilib, ularni shturm bilan egalladi. Aholi o‘zini qahramonona himoya qildi. Janglar ko‘chalarda olib borildi. Mustamlakachilar to‘plarni fillarga ortib, Dehliga olib kirdi va bu tadbir jang taqdirini hal qildi.

Qo‘zg‘olonni bostirish paytida dahshatli vahshiyliklar qilindi. Buyuk Britaniya askarlari xotin-qizlar, bolalar va keksalarni ayamadi. Asir tushganlarni bir joyga to‘plangan olomon oldida to‘p og‘ziga bog‘lab, o‘q otib, parcha-parcha qilib tashlardi.

Mustamlakachilarning qo‘zg‘olonchilarni to‘p og‘ziga bog‘lab otishi.

Mustamlakachilar 1858-yilda Hindistonni Buyuk Britaniya mulki deb e’lon qildi. Qo‘zg‘olonchilar tor-mor keltirilgan bo‘lsa-da, mustamlakachilar ba’zi islohotlarni o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Chunonchi, yer egalarining soliqlarni oshirishi taqiqlab qo‘yildi. Mahalliy knyazlarning o‘z yerlariga egaligi daxlsiz deb e’lon qilindi. “Ost-Indiya” kompaniyasi esa tugatildi. Hindistonni boshqarish Britaniya ma’murlari qo‘liga o‘tdi.


Hindistonda ziyolilar qatlamining shakllanishi

Buyuk Britaniya hukumati qo‘zg‘olondan zarur xulosalar chiqardi. Endi hukumat mahalliy aholiga qator imtiyozlar joriy etish yo‘liga o‘tdi.

Jumladan, hindlarning ilm olishlariga yo‘l ochdi. Maktab, kollej va boshqa o‘quv yurtlari ochila boshlandi. Hindlar Yevropa davlatlari universitetlarida ham ta’lim olish imkoniga ega bo‘ldi. Shu tariqa mahalliy ziyolilar qatlami shakllana bordi.

Yevropacha ma’lumotga ega bo‘lgan hindlar davlat xizmatiga qabul qilina boshlandi. Ular orqali ingliz tilining tarqalishi yanada kengaya bordi. To‘g‘ri, dastlabki yillarda ingliz tilini biluvchi hindlar juda ozchilikni tashkil etardi. Biroq shu ozchilik orqali ham hind jamiyatiga ilg‘or g‘oyalar kirib kela boshladi.

Sipohi (jangchi)
— Buyuk Britaniya zobitlari rahbarlik qilgan hindlardan tuzilgan yollanma qo‘shin.