Germaniyada inqilobning sabablari
Germaniya inqilobining asosiy sababi – o‘rta asr feodal tartiblarining kapitalistik taraqqiyotga to‘siq bo‘lib kelayotgani edi. Buning natijasida Germaniyada hamon siyosiy tarqoqlik hukm surardi. Natijada yagona umumiy bozor vujudga kelmadi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi boshqa ilg‘or davlatlardan orqada qoldi. Zo‘ravonlikka asoslangan davlat apparati har qanday hurfikrni qatag‘on qilar edi. Bu omillar Germaniyada ham inqilobning yetilishiga olib keldi. Inqilobning asosiy maqsadi – Germaniyaning siyosiy tarqoqligiga barham berish va feodal tartiblarni tugatish edi. Inqilobga burjuaziyaning konstitutsiyaviy monarxiya tarafdori bo‘lgan mo‘tadil qismi rahbarlik qildi.
1848-yilgi inqilob
Yevropaning boshqa davlatlarida 1847-yilda yuz bergan iqtisodiy inqiroz Germaniyani ham chetlab o‘tmadi. Inqiroz ishsizlikning ko‘payishiga, ish haqining pasayishiga olib keldi. Barcha tovarlar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi ko‘tarilib ketdi. Oqibatda, och qolgan aholi ko‘chaga chiqdi. Fransiyada boshlangan 1848-yilgi fevral inqilobi ta’sirida 18-mart kuni Berlinda qo‘zg‘olon boshlandi. Berlin ko‘chalari barrikadalar bilan qamrab olindi. Tun bo‘yi shiddatli ko‘cha janglari davom etdi. Shunday sharoitda Prussiya qiroli murosa yo‘lini izlashga majbur bo‘ldi. Millat majlisiga (parlament) saylov belgilashga hamda Konstitutsiya ishlab chiqishga va’da berdi. Siyosiy vaziyatning biroz bo‘lsa-da yumshashiga erishgan qirol hokimiyati inqilobni bostirishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da inqilob butunlay izsiz ketmadi.
1848-yilda Prussiya qirolligida konstitutsiya joriy etilishining o‘zi katta siyosiy voqea edi.

Berlinda qo‘zg‘olon
Italiyaning birlashtirilishi
1861-yilda birlashgan Italiya qirolligi tashkil etildi. Xo‘sh, bu birlashish qay tariqa sodir bo‘ldi? Kapitalizmni yanada rivojlantirish zarurati mamlakatning birlashuvini nihoyasiga yetkazishni taqozo etardi. Busiz Italiya Yevropada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan davlatga aylana olmas edi. Til va madaniyat birligi Italiyani yagona davlatga birlashtirish imkonini berdi. Italiyani birlashtirishdek tarixiy vazifani ro‘yobga chiqarish Sardiniya qirolligi zimmasiga tushdi. Uning bosh vaziri K.Kavur uzoqni ko‘ra oluvchi siyosatchi, mo‘tadil islohotlar va konstitutsiyaviy monarxiya tarafdori edi.
K.Kavur Avstriya zulmiga qarshi kurashda Fransiya bilan shartnoma tuzishga erishdi. Avstriya qo‘shini mag‘lubiyatga uchrab, sulh tuzishga majbur bo‘ldi.
Biroq Sitsiliya va Neapol qirolligi Italiya siyosiy tarqoqligining tayanchi bo‘lib qolayotgan edi.
1860-yilda Italiyani birlashtirishning qizg‘in tarafdori, xalq qahramoni Juzeppe Garibaldi o‘z harbiy kuchi bilan Sitsiliya oroliga kelib tushdi. Xalq ommasi uni xaloskor sifatida kutib oldi. Sitsiliyaning asosiy shahri Palermo egallandi. Shundan so‘ng J.Garibaldi qo‘shini Neapolga yurish qildi. Neapol qo‘shini tor-mor etildi va qirollik tugatildi.

Kamillo Kavur
Mamlakatda konstitutsiyaviy monarxiya qaror topdi hamda ikki palatali (Senat va Deputatlar palatasi) parlament joriy etildi. Oradan bir necha yil o‘tgach, Avstriya qo‘l ostida qolgan Venetsiya viloyati ham, 1870-yilda esa Fransiya ta’sirida bo‘lgan Rim shahri ham Italiya qirolligiga qo‘shib olindi. Shu tariqa Italiyani yagona davlatga birlashtirish yakunlandi.
Germaniyani birlashtirish uchun kurash
Germaniyada ham jamiyatning ilg‘or qatlami milliy birlashuv uchun kurashayotgan edi.

Otto fon Bismark
Bu yerda ham butun ma’suliyatni Germaniyada mavjud ko‘plab davlatlardan biri o‘z zimmasiga olishi zaruriyatga aylandi. Bunday sharaf Prussiyaga nasib etdi. Prussiya bu davrda Germaniya imperiyasidagi eng qudratli davlat edi.
Qirollikda o‘z davrining eng mashhur davlat arbobi Otto fon Bismark kanslerlik qilardi.
U Germaniyani yagona davlatga birlashtirishdek tarixiy ishga rahbarlik qildi.
1866-yilda Otto fon Bismark mavjud davlatlarning Prussiya bilan “Shimoliy Germaniya Ittifoqi”ni tuzish haqida shartnoma imzolashiga erishdi. Germaniyani birlashtirish yo‘lidagi asosiy tashqi to‘siq Fransiya edi. Prussiya unga qarshi urushga jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Urushning qanday natija bilan tugaganini boshqa maqolalarimiz orqali bilib olishingiz mumkin.
Mo‘tadil burjuaziya — burjuaziyaning murosaga intiluvchi, muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishga, hukmron tabaqalar bilan kelishishga intiluvchi qismi.