XIX asrning 70-yillarigacha bo’lgan davrda Eron




Davlat tuzumi

Eron XIX asrda ham mutlaq monarxiya davlati edi. Davlat hukmdori shoh cheklanmagan huquqqa ega bo‘lgan. Butun hokimiyat uning qo‘lida to‘plangan. Shoh huzurida maxfiy kengash tuzilgan bo‘lib, uning tarkibiga sadri a’zam, amin ad-davla, vazir, hakimboshi va shayxulislom kirardi. Davlat viloyatlarga bo‘lingan, ularni beklarbegi boshqarardi. Taxt vorisiga Ozarbayjon ham berilgan bo‘lib, uning qarorgohi Tabriz shahrida joylashgan edi.


Eronning xalqaro ahvoli

XIX asr boshlariga kelib Eron xalqaro siyosatda muhim o‘rin tuta boshladi. Bunga Buyuk Britaniya va Fransiyaning Sharqda hukmronlikni o‘z qo‘llariga olish uchun boshlagan kurashlari hamda Rossiyaning Kavkazni qo‘lga kiritishga intilayotgani sabab bo‘ldi.

Buyuk Britaniya va Fransiya Rossiyaning Kavkazda mustahkamlanib olishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bu o‘lkada katta hududlarni bosib olgan Eronni qo‘llab-quvvatlay boshladi. Biroq bu hol Rossiyaning Kavkazga nisbatan siyosatini o‘zgartira olmadi. Aksincha, Rossiya Eron bilan urushda birin-ketin g‘alaba qozonib, o‘zi uchun qulay shartnomalar tuzilishiga erishdi.

Chunonchi, 1813-yilda bu ikki davlat o‘rtasida imzolangan shartnoma Rossiyaning Kavkazda yanada mustahkamlanib olishiga imkon berdi.

1826–1828-yillarda bo‘lib o‘tgan Eron–Rossiya urushida Eron yana yengildi.
Ikki davlat o‘rtasida imzolangan Turkmanchoy shartnomasiga ko‘ra, Rossiyaning Kavkazdagi mavqeyi yanada mustahkamlandi. Eron esa Kavkazorti hududlariga bo‘lgan da’vosidan voz kechdi.


Eronning Buyuk Britaniya bozoriga aylanishi

Rossiya bilan urushdagi mag‘lubiyat va uning oqibatlari Eron hukmron tabaqalari o‘rtasida keskin norozilik keltirib chiqardi. Oqibatda Eronning qator viloyatlarida yirik yer-mulk egalari boshchiligida shohga qarshi isyon ko‘tarildi. Buyuk Britaniya Eronning og‘ir ahvolidan foydalanib 1841-yili teng bo‘lmagan shartnomani imzolashga majbur etdi. Unga ko‘ra, Buyuk Britaniya Eron bilan savdo-sotiq ishlarida katta imtiyozlarga ega bo‘lib oldi. Oqibatda u Eron bozorlarini o‘zining yengil sanoati mahsulotlari bilan to‘ldirib tashladi.
Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy dehqonlarni, hunarmand va savdogarlarni xonavayron qildi. Shu tariqa Eron yirik mustamlakachi Buyuk Britaniyaning sanoat mahsulotlari sotiladigan bozoriga aylanib qoldi. Bu mamlakatda pulga bo‘lgan ehtiyojni oshirib yubordi.

Natijada davlat apparatidagi mansablarni sotish va sotib olish nihoyatda kuchaydi. Viloyat hokimlari, katta-katta yer-mulk egalari davlat xazinasiga soliq to‘lamay qo‘ydi. Bu omillar mamlakat mehnatkash qatlamlari orasida keskin norozilik kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Bu esa oxir-oqibat 1848-yilda qo‘zg‘olon ko‘tarilishiga olib keldi. Bu qo‘zg‘olon tarixga “Bobiylar qo‘zg‘oloni” nomi bilan kirgan.


Bobiylar qo‘zg‘oloni

Qo‘zg‘olon shoh tuzumiga, zulmiga va yer egaligiga qarshi qaratilgan edi. Qo‘zg‘olon ishtirokchilari, asosan, hunarmandlar, mayda savdogarlar, shahar kambag‘allari va shahar atrofida yashovchi dehqonlar edi. Qo‘zg‘olonda quyi darajadagi ruhoniylar ham qatnashishdi.

Qo‘zg‘olonchilar bobiylik ta’limoti tarafdori bo‘lgan. Bu ta’limotning asoschisi sayyid Ali Muhammad bo‘lib, o‘ziga Bob (“haqiqat va adolat yo‘liga olib chiquvchi eshik”) taxallusini qabul qilgan edi. Bobiylik atamasi shu taxallusdan kelib chiqqan. Bobiylik ta’limoti asosida ilohiy xaloskor (mahdiy)ning kelishi yaqinlashgani va Bob mahdiyning xohish-irodasi, ko‘rsatmalari, yo‘l-yo‘riqlarini xalqqa yetkazishga da’vat etilgani haqidagi g‘oya yotgan.

Bobiylar shaxsni himoya qilish, kambag‘allardan olinadigan soliqlarni bekor qilish, yirik yer egaligini tugatish, barcha mol-mulklarni odamlarga teng taqsimlash kabilarni talab qildi. Ayni paytda ular mavjud davlat tuzumini ag‘darib tashlash tarafdorlari ham edi.

Qo‘zg‘olon 1850-yilning o‘rtalarigacha davom etdi. Harbiy jihatdan ustun bo‘lgan shoh qo‘shini Bobiylar qo‘zg‘olonini bostirdi. Ali Muhammad esa qatl etildi.


Eron–Buyuk Britaniya urushi

Buyuk Britaniya Eronning kuchsizlanib qolganidan foydalanishga qaror qildi.
O‘rta Osiyodagi bosqinchilik maqsadlarida Hirot shahrining katta ahamiyatga ega ekanini unutmagan Buyuk Britaniya 1853-yilda Eronni rasman Hirotga da’vosidan voz kechishga majbur etdi. Biroq 1856-yilda Eron Hirot shahrini bosib oldi. Bunga javoban Buyuk Britaniya Eronga urush e’lon qildi. Bu urushda Eron mag‘lubiyatga uchradi.

1857-yilda Buyuk Britaniya va Eron o‘rtasida Parij Tinchlik shartnomasi imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, Eron Hirot va Afg‘onistonning boshqa hududlariga bo‘lgan da’vosidan butunlay voz kechdi.

Eron–Afg‘oniston o‘rtasida nizo kelib chiqqudek bo‘lsa, barcha muammolar Buyuk Britaniya vositachiligida hal etiladigan bo‘ldi. Parij Tinchlik shartnomasi Buyuk Britaniyaning Erondagi ta’siri sezilarli darajada o‘sishiga xizmat qildi.

Bob (arabcha) — eshik, darvoza.
Sadri a’zam — bosh vazir.
Amin ad-davla — moliya va ichki ishlar vaziri.
Hakimboshi — saroy bosh tabibi.