XIX asrning 70-yillarigacha bo’lgan davrda Afrika xalqlari




Qit’adagi holat

Aholining katta qismi negroid irqiga mansub bo‘lgani uchun Afrika qit’asini qora qit’a deb ham atashadi.

Afrika xalqlari XIX asrda ham ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning turli bosqichlarida yashagan. Chunonchi, Efiopiya, Misr, Tunis, Marokash, Sudan va Madagaskar kabi davlatlarda feodal monarxiyalari qaror topgan bo‘lsa, ba’zilarida hamon ibtidoiy jamoa tuzumi saqlanib qolgan. Qabilalarning turmush tarziga ko‘chmanchilik xos edi. Ularning kichik-kichik guruhlari o‘zlari uchun qat’iy belgilangan hudud chegarasidagina ovchilik va termachilik bilan hayot kechirgan. Ular qishloq xo‘jaligini, metallga ishlov berishni va metall ish qurollaridan foydalanishni bilmagan.

G‘arbiy Afrikadagi Gana va Mali eng qadimgi davlatlar hisoblanardi. Afrikada qishloq xo‘jaligi taraqqiy etgan xalqlar ham yashardi. Ular asosan qahva, yeryong‘oq va kakao yetishtirardi.


Afrikaning bo‘lib olinishi

Bitmas-tuganmas boyliklarga ega bo‘lgan Afrika Yevropaning kuchli davlatlari e’tiborini tortmay qolmagan. Yevropa davlatlarining bosqinchiligi Afrika xalqlari hayotini keskin o‘zgartirib yubordi. An’anaviy savdo aloqalari uzildi. Mahalliy ishlab chiqarish vayron bo‘ldi. Afrikaliklarni qullikka sotish XIX asrning o‘rtalarigacha davom etdi. Buning natijasi o‘laroq qit’adan millionlab kishilar sotib yuborildi. Portugaliya mustamlakalari bo‘lgan Angola va Mozambik eng muhim qul savdosi bazalari edi.

XIX asrning 70-yillaridan boshlab qit’aning ichkari qismini ham mustamlakaga aylantirish boshlandi. XIX asr oxiriga kelib qit’a hududining 90 foizi mustamlakachilar qo‘liga o‘tdi. Faqat ikki davlat – Liberiya va Efiopiyagina o‘z mustaqilligini saqlab qola oldi, xolos.


Liberiya

Xo‘sh, Afrikada mustaqil Liberiya davlati qay tariqa tashkil topgan edi? Uning tashkil topishi AQSHda qulchilikka qarshi kurash bilan bog‘liqdir. 1816-yilda AQSHda erkinlikka erishgan qora tanli qullarni Afrikaga joylashtirish harakati boshlandi. Natijada 1821-yilda Gvineya qirg‘oqlarida 13 ming km² yer maydoni sotib olindi. U yerda Monroviya (AQSH Prezidenti Monro nomidan olingan) manzilgohi tashkil etildi va Amerikaning sobiq qora tanli qullaridan bir qismi bu yerga joylashtirildi. Joylashib olgan bu sobiq qullar manzilgoh hududini tobora kengaytirib bordi. 1847-yilda esa Liberiya ozod davlati tuzilganini e’lon qildi.

O‘z davlatlarida G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikadagi ilg‘or tartib-qoidalarni joriy etdi. Liberiya Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasidagi raqobatdan ustalik bilan foydalanib, o‘z mustaqilligini saqlab qola oldi.


Efiopiya

XIX asrda ham Efiopiyada o‘rta asr munosabatlari hukm surardi. U bir necha knyazliklar birikmasidan iborat davlat edi. Ularning har biri o‘z qo‘shiniga ega edi. Bu knyazliklar nomigagina markaziy hokimiyatni tan olardi. Yevropa davlatlari ana shu omildan foydalanishga urindi. Mamlakatni chet ellik dushmanlar bosib olish xavfi tobora kuchayib bordi.

Shunday bir sharoitda Efiopiya siyosat maydoniga kichik yer egasining o‘g‘li Kasa chiqdi. Kasa Efiopiyani yagona davlatga birlashtirdi va 1855-yilda o‘zini imperator deb e’lon qildi. U yaxshi harbiy tayyorgarlik ko‘rgan qo‘shin tuza oldi. Yirik feodallarni o‘z qo‘shiniga ega bo‘lish huquqidan mahrum etdi. Mamlakatda iqtisodiyotni ko‘tarishga qaratilgan qator islohotlar o‘tkazdi.
Imperator har bir fuqaroni o‘zlari oldin shug‘ullangan mehnat faoliyatini davom ettirishga chaqirdi.

Biroq uning islohotlari yirik feodallar va cherkovning qarshiligiga uchradi.
Buyuk Britaniyaning aralashuvi bilan 1867-yilda Kasa hokimiyati ag‘darildi.
Biroq Buyuk Britaniya Efiopiyada mustahkam o‘rnasha olmadi. Efiopiya xalqining o‘zgalarga qaram bo‘lmaslik yo‘lidagi irodasi Buyuk Britaniyaning harakatlarini yo‘qqa chiqardi. Shu tariqa Efiopiya ham o‘z mustaqilligini saqlab qoldi.


Janubiy Afrikaning mustamlakaga aylantirilishi

XIX asr boshlarida Buyuk Britaniya Janubiy Afrikadagi gollandlarga qarashli Kap koloniyasini bosib oldi. Koloniya aholisi burlar deb atalardi.

Burlar – Janubiy Afrikadagi golland, fransuz va nemis mustamlakachilarining avlodi edi. Burlar endi u yerdan ko‘chishga majbur bo‘ldi. Ular yangi joyda ikkita davlat tuzdi. Ulardan biri Erkin Oranj Respublikasi, ikkinchisi esa Transvaal deb ataldi. Burlar mahalliy aholiga nisbatan o‘ta shafqatsiz munosabatda bo‘ldi.


Fransiya mustamlakalari

Misrda XVIII–XIX asrlar chegarasida mamluk jangchilar (asosan qullikka tushirilgan Gruziya va Shimoliy Kavkaz aholisi) va mahalliy aholi mamlakatga bostirib kirgan Napoleon Bonapart boshchiligidagi fransuz qo‘shiniga qarshi kurashda qatnashdi. Fransuz qo‘shinlarining qolgan-qutgani taslim bo‘lganidan keyin misrliklar Buyuk Britaniya qo‘shinini haydab chiqarish uchun kurashdi.

Rasman Misr Usmoniylar imperiyasining oliy hokimiyati ostida bo‘lsa-da, amalda deyarli to‘la mustaqillikni saqlab qolgan edi.

Fransiya 1830-yilda Jazoirni bosib oldi. Jazoir aholisi fransuz mustamlakachilariga shiddatli qarshilik ko‘rsatdi. Istilochilarga qarshi milliy-ozodlik kurashini olib bordi. Bu kurashda jazoirliklar yo‘lboshchisi Abdulqodir alohida rol o‘ynadi.

1847-yilda Abdulqodir qo‘shini qurshab olindi va tor-mor etildi. Abdulqodirning o‘zi halok bo‘ldi. Biroq milliy-ozodlik kurashi to‘xtab qolmadi.
Jazoirliklar uzoq yillar davomida istilochilarga qarshi milliy-ozodlik kurashi olib bordi.

Marokash aholisi mamlakat ichkarisiga kirib borgan portugal, ispan va fransuz mustamlakachilariga muvaffaqiyatli ravishda qarshilik ko‘rsatdi. Hind okeanida Fransiya Madagaskar orolini bosib olishga bir necha bor urinib ko‘rdi, lekin muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Mustamlakachilar Afrikaning harbiy-texnik jihatdan qoloqligidan, xalqlari tarqoq ekanidan, qabilalar o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlardan ustalik bilan foydalandi. XIX asrning 70-yillarida Afrikaning ichkarisidagi katta maydonlar hali yevropaliklarga deyarli noma’lum edi. Bu hududlarning Yevropa davlatlari o‘rtasida mustamlaka sifatida taqsimlanishi XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida tugallandi.