XIX asrining 70-yillarigacha bo’lgan davrda Buyuk Britaniya




Sanoatning rivojlanishi

Bu davrda Buyuk Britaniyada sanoat gurkirab rivojlandi. Sanoatda to‘qimachilik, metallurgiya, mashinasozlik va konchilik yetakchi o‘rinni egalladi. Mashinalashgan ishlab chiqarish oqibatida 1816-yilda Buyuk Britaniyada mashinalar 150 ming odamning qo‘l mehnatiga teng ishni bajardi. Vaholanki, bu davrda Buyuk Britaniya aholisi 12 ming kishini tashkil etardi.

XIX asr o‘rtalarida mashinasozlikda turli xil dastgoh (stanok)larning yaratilishi ishlab chiqarishda inqilobga teng ixtiro bo‘ldi. Stanoksozlikning rivojlanishi metallni qayta ishlash imkonini berdi. Endilikda bir mashina yordamida boshqa bir mashina yaratiladigan bo‘ldi.

Sanoat taraqqiyoti transportning yangi turi paydo bo‘lishini zaruratga aylantirib qo‘ydi. Buning natijasi o‘laroq, 1825-yilda Buyuk Britaniyada dunyodagi birinchi temiryo‘l qurildi.

To‘qimachilik fabrikasi

Bu hodisa mamlakatning turli mintaqalarini bir-biri bilan tutashtirilishini hamda yuk tashishning arzonlashuvini ta’minladi. Ayni paytda ichki bozor kengaydi. Oqibatda zavod va fabrika egalari mumkin qadar ko‘proq mahsulot ishlab chiqara boshladi.

Temiryo‘l qurilishining boshlanishi, o‘z navbatida, cho‘yan, temir va po‘latga bo‘lgan ehtiyojni oshirib yubordi. Sanoatning yangi tarmog‘i – parovozsozlik paydo bo‘ldi. Bu esa qudratli savdo va harbiy dengiz floti tuzishga imkon berdi.

XIX asr insoniyat tarixiga bug‘ mashinalari asri bo‘lib kirgan. Mamlakat hayotidagi bu o‘zgarishlar Buyuk Britaniyaning “dengizlar hukmroni” mavqeyini yanada mustahkamladi. XIX asrning 40-yillariga kelib qishloq xo‘jaligida ham mashinalar va kimyoviy o‘g‘itlardan foydalanish boshlandi. Katta-katta sanoat korxonalarini qurish davom etdi. Temiryo‘llar va yirik sanoat korxonalari qurilishi katta mablag‘ talab etardi. Bu esa tijorat banklarining qudratini yanada orttirdi. Ular endi xalqaro miqyosda ham faoliyat ko‘rsata boshladi.

Mamlakatda sanoat ishlab chiqarishning konsentratsiyalashuvi ro‘y berdi.
Jahon tarixida birinchi marta mamlakat iqtisodiyotida yetakchilik qishloq xo‘jaligidan sanoatga o‘tdi. Buyuk Britaniya dunyoning birinchi industrial davlati bo‘lib qoldi.


Sanoat to‘ntarishining tugallanishi

XIX asrning 40-yillariga kelib sanoatning gurkirab rivojlanishi va ilm-fan taraqqiyoti yangi bir hodisa – sanoat to‘ntarishining tugallanishiga olib keldi. Sanoat to‘ntarishi — bir mashina yordamida boshqa mashinaning yaratilishi boshlangani. Buyuk Britaniyada esa bu hodisa XIX asrning 40-yillarida yuz berdi. Sanoatda bug‘ mashinasi asosiy kuch bo‘lib qoldi. Toshko‘mir yoqilg‘ining eng muhim turiga aylandi.


Parlament islohoti

1825-yilda Buyuk Britaniya parlamenti ish tashlashni taqiqlovchi qonun qabul qildi. Bu qonun ishchilar o‘rtasida keskin norozilik keltirib chiqardi. Natijada parlament islohoti o‘tkazish masalasi zaruratga aylandi. Bu jamiyatda yetilgan muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga imkon berardi. Oxir-oqibatda 1832-yilda parlament islohoti o‘tkazilib, saylov tartibi o‘zgartirildi.

Unga ko‘ra, yirik sanoat markazlariga parlamentdan 144 o‘rin ajratib berildi. Shu tariqa sanoat burjuaziyasi endi siyosiy jihatdan ham o‘z hukmronligini mustahkamladi. Islohot natijasida parlament quyi palatasining mamlakat siyosiy hayotidagi o‘rni mustahkamlandi. U davlat budjetini nazorat qilish huquqini saqlab qoldi.

Buyuk Britaniya hukumatining faqat quyi palata oldida javobgarligi belgilab qo‘yildi. Quyi palata hukumatga ishonchsizlik bildirgan taqdirda hukumat iste’foga chiqishga majbur bo‘ladigan tartib o‘rnatildi.

Islohotdan so‘ng saylangan yangi parlament 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 8 soatlik ish vaqti belgiladi. 9 yoshgacha bo‘lgan bolalarning mehnat qilishi taqiqlandi.

Parlament islohoti mamlakatda saylov huquqi uchun kurashni batamom to‘xtata olmadi. 1836-yilda London shahrida ishchilarning “Umumiy saylov huquqi uchun kurash ishchi assotsiatsiyasi” tuzildi. U saylov huquqini kengaytirish masalasida 12 yil davomida parlamentga uch marta xartiya (chartiya) – yorliq topshirdi. Barcha erkaklarga umumiy saylov huquqi berilishi uchun boshlangan harakat tarixga chartistlar harakati nomi bilan kirdi.

Bu harakat garchand yengilgan bo‘lsa-da, keyingi parlament islohotlariga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.

Chartistlar parlamentga xartiya olib bormoqda.

1867-yilda ikkinchi parlament islohoti o‘tkazildi. Unga ko‘ra, shaharlarda o‘z uyiga ega bo‘lgan hamda alohida xonadonda turadigan barcha erkaklarga saylov huquqi berildi.


Tashqi siyosat

XIX asrning 50-yillarida Buyuk Britaniya sanoatning rivojlanish darajasi, savdoning ko‘lami va dengizdagi qudrati jihatidan dunyoda o‘z ustunligining cho‘qqisiga erishdi.

Bu qudrat unga mustamlakalari ustidan hukmronlikni yanada mustahkamlash va ularni kengaytirish imkonini berdi. Ingliz hukumati yer yuzining strategik jihatdan muhim mintaqalarida qudratli harbiy-dengiz bazalari qurishga va tayanch hududlarni qo‘lga kiritishga alohida e’tibor berdi.

Buyuk Britaniya XVIII asr va XIX asrning birinchi yarmi mobaynida dengiz hamda okeanlar orqali o‘tadigan jahon yo‘llaridagi tayanch punktlarni: Gibraltar (O‘rta Yer dengizidan Atlantika okeaniga chiqish ustidan nazorat), Adan (Qizil dengizdan Hind okeaniga chiqish), Keyptaun (Yaxshi Umid burunida – Afrikaning janubiy qismi), Singapur (Hindiston bo‘sag‘asi), Gonkong (Xitoy bo‘sag‘asi)ni bosib oldi. Ana shu harbiy bazalar va flotning juda katta ustunliklariga tayanib, Buyuk Britaniya XIX asrning o‘rtalarida eng yirik mustamlakachi davlatga aylandi. Mustamlakalari ichida eng yirigi bo‘lgan Hindistonda Buyuk Britaniyadagiga nisbatan taxminan 10 baravar ko‘p aholi yashar edi. Buyuk Britaniya tashqi siyosatda “nifoq solib, hukmronlik qil” qoidasini ustalik bilan qo‘llardi.


“Oq koloniyalar”

Buyuk Britaniya mustamlakachilik siyosatida “Oq koloniyalar”ga katta e’tibor berdi. Amerika, Afrika va Avstraliyaga Buyuk Britaniya va qisman Yevropadagi ingliz tojiga bo‘ysunuvchi boshqa mamlakatlardan ko‘chib borgan kishilar o‘zlashtirgan hududlar “Oq koloniyalar” deb atalardi.

Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya ana shunday mustamlakalar edi. Ayni paytda bu mustamlakalar o‘zini-o‘zi boshqarish uchun kurash olib bordi. Bu kurash Kanadada shiddatli tus oldi. Natijada Buyuk Britaniya 1867-yilda Kanadaga dominion maqomini berishga majbur bo‘ldi.

Iste’fo (arabcha – vazifadan chekinish) — mansab vazifasidan ketmoq.
Konsentratsiya (lotincha – birga, markaz) — biror narsaning muayyan bir joyda to‘planishi.
Dominion — o‘zini-o‘zi boshqaradigan qaram yer, o‘lka.