XVII asr Rossiya iqtisodiyotining o‘ziga xos xususiyati
XVII asrdan Rossiya iqtisodiyotida yangi alomatlar paydo bo‘la boshladi. Bu, avvalo, tovar ishlab chiqarishning, ya’ni bozorda sotish uchun mahsulot tayyorlashning rivojlanishida namoyon bo‘ldi.
Shahar hunarmandchiligi yoppasiga mayda tovar ishlab chiqarishga aylana boshladi. Mamlakat ehtiyoji uchun zarur mehnat qurollarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan manufakturalar vujudga keldi.
Endi hunarmandlar buyurtmaga ishlashdan bozor uchun ishlashga o‘tdi. Ayni paytda o‘zlari ham bozordan xomashyo sotib oladigan bo‘ldi. Bu jarayondan qishloq xo‘jaligi ham chetda qolmadi. Tirikchilik uchun eng zarur narsa – g‘alla hamma yerda tovarga aylandi. Ayrim pomeshchik (feodal)lar qishloq xo‘jalik mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullana boshladi.
Krepostnoylardan endi obrok mahsulot bilan emas, balki pul bilan ham olina boshlandi. Yuqorida qayd etilgan omillar natural xo‘jalik negizlariga zarba bera bordi.
Rossiya tarixida XVII asr shaharlarning rivojlanishi boshlangani bilan belgilanadi. Shaharlar tobora mamlakatning savdo-sanoat markazlariga aylana bordi. Ular orasida Novgorod, Yaroslavl, Pskov, Qozon, Nijniy Novgorod va boshqalar ajralib turardi. Eng katta shahar Moskva bo‘lib, unda hunarmandchilikning ko‘plab turlari bilan shug‘ullanilar edi.
Hunarmandchilikning rivojlanishi mamlakatning taraqqiyotiga va bu, o‘z navbatida, turli viloyatlar o‘rtasida xo‘jalik aloqalarining kengayishiga sabab bo‘ldi. Hunarmandlarning bozorga qaramligini oshirdi hamda ichki savdoning rivojlanishini ta’minladi. Ichki savdoning rivojlanishi oxir-oqibatda Rossiya yagona ichki bozorining tarkib topishiga olib keldi.
Manufaktura ishlab chiqarishi mehnat unumdorligining o‘sishini ta’minladi. Shu tariqa Rossiya iqtisodiyotida ham asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da yangi – kapitalistik munosabatlar shakllana bordi. Biroq Rossiya iqtisodiy taraqqiyotda G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridan orqada edi. Bunga krepostnoylik tartiblarining tobora mustahkamlanishi asosiy sabab bo‘ldi.
“Sobor nizomi”. 1649-yilda Zemstvo sobori yangi “Sobor nizomi” (“Qonunlar to‘plami”)ni qabul qildi. Nizomga ko‘ra, dvoryanlar o‘zlari egalik qilayotgan yer-mulklarni otameros mulkka (votchina) aylantirish huquqiga ega bo‘ldi. Dehqonlar dvoryanlarga uzil-kesil biriktirib qo‘yildi. Ularning bir xo‘jayindan ikkinchisiga o‘tishi taqiqlandi. Krepostnoylar o‘z egalarining mulkiga aylantirildi. Shu tariqa Rossiyada krepostnoylik huquqi uzil-kesil qaror topdi.
Mutlaq monarxiyaning qaror topishi
Rossiyada mutlaq monarxiyaning to‘la qaror topishi Aleksey Mixaylovichning o‘g‘li Pyotr I nomi bilan bog‘liq. U 1689-yilda taxtga o‘tirdi. Pyotr I tashqi siyosatining asosiy maqsadlaridan biri Rossiyani kuchli harbiy-dengiz flotiga ega davlatga aylantirish edi. U bu vazifani muvaffaqiyat bilan amalga oshirdi.
Pyotr I Polsha va Daniya bilan Shvetsiyaga qarshi kurash uchun ittifoq tuzishga erishdi. Shundan so‘ng Pyotr I Boltiq dengiziga chiqish uchun Shvetsiyaga qarshi urush boshlashga qaror qildi.
Pyotr I
1700-yilda Rossiya–Shvetsiya urushi boshlandi. Bu jang tarixga “Shimoliy urush” nomi bilan kirdi. Urushgacha Rossiya kuchli harbiy-dengiz floti yaratishga muvaffaq bo‘lgan edi. Urush taqdirini Poltava (hozirgi Ukraina hududidagi shahar) jangi hal etdi. 1709-yilda bo‘lib o‘tgan bu jangda Rossiya g‘alaba qozondi. Bu g‘alaba Shvetsiya qudratiga o‘nglanmas putur yetkazdi.
U endi buyuk davlat maqomini yo‘qotdi. Nihoyat, 1721-yilda Shimoliy urush Rossiyaning g‘alabasi bilan tugadi. Shu yili Finlandiyaning Nishtadt shahrida Rossiya–Shvetsiya tinchlik shartnomasi imzolandi.
Urush yakuni Pyotr I ga o‘z orzusini amalga oshirish imkonini berdi. Rossiya Boltiq dengiziga chiqish imkoniga ega bo‘ldi. Ayni paytda Rossiya Yevropaning qudratli davlatlaridan biriga aylandi. 1721-yilda Pyotr I imperator deb e’lon qilindi. Rossiya imperiyaga aylandi va mamlakatda mutlaq monarxiya to‘la qaror topdi.
Pyotr I islohotlari.
Rossiya ma’muriy boshqaruv jihatidan guberniyalarga bo‘lindi. Ular imperator tayinlaydigan gubernatorlar tomonidan boshqariladigan bo‘ldi. Podsho huzuridagi Boyarlar dumasi tugatildi. Uning o‘rniga Senat tuzildi. Senatga qonunlar loyihasi tayyorlash va davlat muassasalari faoliyatini nazorat qilish vakolatlari yuklatildi. Bundan tashqari, turli kollegiyalar (vazirliklar deyish mumkin) ham tuzildi va ular Senatga bo‘ysundirildi. Pyotr I zamonaviy qo‘shin ham tuzdi. Qo‘shinda harbiy xizmat umrbod o‘taladigan bo‘ldi. Qo‘shin rekrutlikka olish yo‘li bilan shakllantirildi va zamon ruhiga mos ravishda qurollantirildi.
Pyotr I islohotlari Rossiyaning taqdirida muhim rol o‘ynadi. Pyotr I vafotidan so‘ng XVIII asr oxirigacha (1725–1800) yana 8 nafar Romanovlar sulolasi vakillari imperatorlik qilishdi. Bu o‘tgan 75 yillik davr islohotlarning mustahkamlanish davri bo‘ldi. Ayniqsa, Yekaterina II hukmronligi davri (1762–1796) Rossiya tarixida alohida iz qoldirdi. Biroq Rossiyada krepostnoy tuzum hukmron bo‘lib qolaverdi. Dehqonlar og‘ir hayot kechirardi. Oxir-oqibatda ular bir necha marta qo‘zg‘olon ko‘tarishga majbur bo‘ldi. Ularning ichida eng mashhuri – Y.Pugachov boshchiligidagi qo‘zg‘olon edi (1773–1775). Qo‘zg‘olon Yekaterina II tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilib, Y.Pugachov qatl etildi.
Yekaterina II
Rossiyaning tashqi siyosati.
Yekaterina II davrida Rossiya tashqi siyosatda qator yirik muvaffaqiyatlarga erishdi. Chunonchi, Turkiya bilan urushda qozongan g‘alabasi tufayli 1774-yilda uni Rossiyaga qulay Kuchukqaynarji shartnomasini imzolashga majbur etdi. Unga ko‘ra, Rossiya Qora dengiz bo‘yida harbiy flot qurish huquqini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Rossiya savdo kemalari O‘rta Yer dengiziga olib chiquvchi Qora dengiz bo‘g‘ozlaridan hech qanday to‘siqsiz o‘ta olish huquqiga ega bo‘ldi. 1783-yilda Qrim xonligi qo‘shini tor-mor etildi va Rossiya tarkibiga qo‘shib olindi. 1791–1795-yillarda Rech Pospolita (Polsha qirolligi bilan Buyuk Litva knyazligining ittifoqi asosida tashkil topgan davlat)ning bir qismi ham Rossiyaga o‘tib ketdi
Rekrut — soni oldindan belgilab qo‘yilgan dehqonlar va posad xonadonlaridan bittadan kishini askarlikka olish.
Chakana savdo — tovarlarni donalab yoki maydalab tortib sotish va sotib olish.