Niderlandiya inqilobi




Niderlandiya haqida.

XVI asrda Niderlandiya hozirgi Belgiya, Lyuksemburg, Gollandiya hududlari hamda Fransiyaning bir qismidan iborat bo‘lgan. Antverpen shahri (hozirgi Belgiyada) Niderlandiyaning iqtisodiy va savdo markazi, shuningdek, jahon savdosining markazi ham edi. Antverpen Niderlandiyani daryo orqali Germaniya va Fransiya, dengiz orqali esa Angliya hamda Skandinaviya mamlakatlari bilan bog‘lar edi. Antverpen ko‘chalaridan har kuni kamida 2 mingta savdo furgonlari (aravalar) o‘tgan. Turli mamlakatlardan yuzlab kemalar shahar portiga kirib kelgan. Bir so‘z bilan aytganda, Niderlandiya sanoati, savdosi, qishloq xo‘jaligi rivojlangan boy mamlakat edi. Biroq davlat mustaqil emas edi. Ispaniya uni o‘z mulkiga aylantirgan edi.


Ispaniya zulmiga qarshi qo‘zg‘olon.

Ispaniya qiroli Flipp II ning shafqatsiz siyosati niderland xalqining kuchayib borayotgan noroziligini to‘xtata olmadi. Aksincha, xalqning ispan zulmiga qarshi norozilik harakati tobora kuchaydi. Bu harakatda aholining keng qatlamlari – burjuaziya, hunarmandlar, dehqonlar, savdogarlar va hatto zodagonlarning bir qismi qatnashdi. Burjuaziya qatlami qo‘zg‘olonga rahbarlik qildi. 1566-yilda Ispaniya zulmiga qarshi kurash qo‘zg‘olonga aylandi. Qo‘zg‘olonchilar qisqa vaqt ichida Ispaniya zulmining tayanchi bo‘lgan cherkov va monastirlarni vayron qildi. Katolik ruhoniylar va ispan amaldorlari quvib yuborildi.


Terror tartibining o‘rnatilishi.

Qo‘zg‘olonni bostirish uchun Ispaniya qiroli Flipp II gersog Alba boshchiligida saralangan qo‘shin yubordi. Qo‘zg‘olon bostirilgandan so‘ng Alba Niderlandiya hukmdori etib tayinlandi. U boshqaruv ishida terrorni, jallod qilichi va inkvizitsiyani qo‘lladi.

Biroq Albaning dahshatli jazo choralari ham ozodlik harakatini to‘xtata olmadi. Niderlandiya xalqining qo‘zg‘oloni mamlakat shimoliy qismining mustaqillikka erishishi bilan yakunlandi.

Burjuaziya 1572-yilda Flipp II ga muxolafatda bo‘lgan Niderlandiyaning eng boy va obro‘li katta yer egasi, shahzoda Vilgelm van Oran’yeni shimoliy hududlar hukmdori deb e’lon qildi. Ispaniyaning Niderlandiyadagi mavqeyi tobora zaiflashib bordi. Natijada Alba Niderlandiyani tark etishga majbur bo‘ldi. Flipp II faqat janubiy Niderlandiyani qo‘lida saqlab qola oldi.

Flipp II


Gollandiya Respublikasining tashkil topishi.

Ispaniya istalgan vaqtda shimolga qarshi yana hujum qilishi mumkin edi.
Bunga qarshi tura olish uchun mamlakat shimolidagi viloyatlar 1579-yilda ittifoq tuzadi. Bu ittifoq “Utrext uniyasi” deb ataldi. Uniya a’zolari xuddi yagona viloyat kabi abadiy birlashishga va Ispaniyaga qarshi birgalikda ozodlik uchun kurashishga va’da beradi.

Alba

Mustaqillikka erishgan shimol uning nomi bilan Gollandiya Respublikasi deb atala boshlandi.

Gollandiya Respublikasi o‘z mustaqilligini Ispaniya tan olishi uchun uzoq vaqt kurash olib borishga majbur bo‘ldi va faqat 1609-yildagina ozodlikka erishdi.

Vilgelm van Oran’ye

Inqilob (arabcha) – jamiyat hayotida ro‘y beradigan sifat o‘zgarishi, eski jamiyatning ag‘darilishi.
Burjuaziya inqilobi – kapitalistik jamiyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan feodal tuzumning kuch bilan ag‘darilishi yoki qoldiqlarining tugatilishi. Mamlakatda burjuzaiya hokimiyatining o‘rnatilishi.