Ilm-fan taraqqiyoti




Tabiiy fanlar sohasidagi buyuk o‘zgarishlar

XVI–XVII asrlarda ilm-fan taraqqiyotida katta yutuqlarga erishildi. Bu davrda fizika va astronomiya fanlari taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk olimlar Nikolay Kopernik (1473–1543), Jordano Bruno (1548–1600) va Galileo Galiley (1564–1642)lar yashab ijod qildi.

N.Kopernik ish ustida.

Nikolay Kopernik o‘z davri uchun har tomonlama chuqur bilim oldi. Krakov (Polsha) va Italiya universitetlarida o‘qidi. Tasviriy san’at, matematika, falsafa, huquqshunoslik va tibbiyot kabi fanlarni o‘zlashtirdi. Maxsus moslamalar yordamida 30 yil davomida osmon jismlarini kuzatdi.

N.Kopernik o‘z tadqiqotlariga suyanib, ming yillardan beri davom etib kelayotgan Yerning harakatsizligi haqidagi ta’limotdan voz kechdi. Yerning Quyosh va o‘z o‘qi atrofida aylanishini isbotlab berdi. Bu xulosa o‘sha davr fanidagi haqiqiy buyuk kashfiyot edi. Ayni paytda u cherkov aqidalariga mutlaqo zid xulosa ham edi.

Kopernik o‘z xulosalarini 1543-yilda chop etilgan “Osmon jismlarining aylanishi haqida” nomli kitobida bayon etdi. N.Kopernikning xulosalari cherkovni g‘azablantirdi. Kitob chop etilgan davrda u o‘lim to‘shagida yotardi.
Faqat o‘limgina uni inkvizitsiyadan asrab qoldi. Keyinchalik cherkov Kopernik ta’limotini rasman taqiqladi.


Jordano Bruno

1600-yil 17-fevral kuni Rim shahrida erkinlik va hurfikrlik dushmani – inkvizitsiya hukmi bilan italiyalik faylasuf, astronom va shoir Jordano Bruno o‘limga hukm qilindi. Chunki Jordano Bruno dunyoqarashiga ko‘ra panteizm tarafdori edi. Yoshligidan xristian dini asoslari bilan birgalikda N.Kopernik ta’limotini o‘rgandi. U turli ta’limotlar bo‘yicha o‘zining mustaqil fikriga ega shaxs bo‘lib voyaga yetdi. Shu tufayli u har qanday ta’limotga tanqidiy ko‘z bilan qarardi. Uning qarashlari xristian cherkovi aqidalarini shubha ostiga qoʻya boshladi.

Jordano Bruno

J.Bruno oʻz qarashlarini “Nola falsafasi” deb atadi. Unda olamning cheksizligi toʻgʻrisidagi ta’limot ilgari surildi. U bunday deb yozgan edi: “Olam cheksiz, uning oxiri yoʻq. Olam markazga ega emas. Yer ham, Quyosh ham olamning markazi emas. Olam – son-sanoqsiz yulduzlardir va har bir yulduz yiroqdagi bir quyoshdir. Ularning har biri atrofida oʻz yoʻldoshlari aylanadi. Olam abadiy mavjud va u yoʻq boʻlmaydi”.

Inkvizitsiya Jordanoni oʻlimga hukm qildi. Keyinchalik J.Bruno ta’limoti tan olingandan soʻng u qatl etilgan joyda haykal oʻrnatildi. Haykal ostiga esa “U barcha xalqlar uchun fikr erkinligi deya oʻz ovozini koʻtardi va ana shu erk qoʻlida oʻlimga bordi”, deb yozib qoʻyildi.


Galileo Galiley

G.Galiley ham italiyalik (1564–1642) buyuk astronom edi. U osmon jismlarini kuzatuvchi asbob – teleskopni yaratdi. Shu tariqa Galiley teleskop bilan osmonni kuzatgan Yevropaning birinchi olimiga aylandi. Uning tadqiqot ishlari Kopernikning ta’limotini tasdiqladi.

Bundan tashqari, G.Galiley Oyda ham Yerdagi kabi togʻlar borligini va hatto Quyoshda dogʻlar mavjudligini qayd etdi.

G.Galiley

G.Galiley oʻz qarashlarini “Yulduzlar axboroti” kitobida bayon etdi. Cherkov bu kitobni taqiqlangan adabiyotlar roʻyxatiga kiritdi. Inkvizitsiya esa uning kashfiyotlarini qoraladi. Keksa, kasalmand Galiley besh oy davomida tergov qilindi. Tergov uning tinka-madorini quritdi. Oxir-oqibatda inkvizitsiya uni oʻz gʻoyalaridan voz kechishga majbur etdi.


BUNI OʻQING

“Nikolay Kopernik hamda keyinchalik uning izidan borib, johil va aqidaparast ruhoniylar tomonidan oʻtga tashlangan Jordano Bruno qanchadan qancha ta’na va malomatlarga giriftor etilgan Galileo Galiley kabi allomalarning jasoratida haqiqatga sadoqat, e’tiqod uchun kurashning yorqin namunasi yaqqol namoyon boʻlganini koʻramiz”. I.Karimov. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”. — T.: “Ma’naviyat”, 2008-y., 161-bet.


“Yashash, erkinlik va mulkka egalik huquqi”

Bu davrda falsafa fani ham rivojlandi. Bu borada Angliyada katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Ayniqsa XVII asrda ijod qilgan Jon Lokk ilgari surgan gʻoyalar keyingi asr faylasuflariga kuchli ta’sir koʻrsatdi. Uning asosiy xizmati insonning yashash, erkinlik va mulkka egalik qilish huquqlari haqidagi ta’limotni yaratgani bilan belgilanadi.

Lokk, shuningdek, davlat hokimiyatini boʻlish, ya’ni ijro etuvchi hokimiyatni qonun chiqaruvchi hokimiyatdan ajratish haqidagi gʻoyani ham ilgari surdi. Siz Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini oʻrganish jarayonida bunday boʻlinish nima ekanini bilib olasiz.


Yangi ixtirolar

XVI–XVII asrlar yangi ixtirolar davri ham boʻldi. Odamlar uchun energiyaning yangi manbalari juda zarur edi. Busiz ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishning imkoni yoʻq edi.

XVI asrdan boshlab odamlar suv va shamoldan energiyaning manbayi sifatida yanada kengroq foydalana boshlaydi. Shuningdek, tokarlik dastgohining ixtiro qilinishi katta ahamiyatga ega boʻldi. Ixtirolarning asosiy qismini togʻ-kon sanoati sohasidagi yangiliklar tashkil etdi. Chunki shaxta konlari chuqurligi 200 metrdan 800 metrgacha yetgan edi. Bu esa shaxtalardagi suvni chiqarib tashlash ishini dolzarb muammoga aylantirib qoʻydi. Inson zakovati bu muammoni oʻsha davr sharoitida hal etishning yoʻlini topdi. Chunonchi, shaxtalardagi suvni tortib oladigan nasos ixtiro qilindi. Bu ixtiro shaxtadan suvni qoʻl kuchi bilan chiqarishga jalb etilayotgan 600 kishining oʻrnini bosdi.

XVII asrda radiy portlatish yoʻli bilan olina boshladi. Togʻ-kon sanoati va metallurgiya rivojlangan hududlarda oʻrmonlar maydoni tobora qisqarib bordi. Bu omil toshkoʻmirdan foydalanishning oʻylab topilishiga olib keldi.
Angliya koʻmir qazib chiqarish markaziga aylandi.