Fransiyada mutloq monarxiya




Fransiyada mutlaq monarxiyaning o‘ziga xos xususiyatlari.

XVI–XVIII asrlarda Fransiyada mavjud bo‘lgan qirol hokimiyatining mazmuni quyidagi iborada o‘z ifodasini topgan edi: “Xudoning irodasi shuki, har qanday qaram bo‘lib tug‘ilgan o‘ylab o‘tirmasdan bo‘ysunmog‘i lozim”.
Fransiyada mutlaq monarxiya qaror topishi bilan General shtatlar o‘zining avvalgi ahamiyatini yo‘qotdi.

Qirollarning o‘ziga qolsa, vakillik organlarini butunlay yo‘q qilar edi. Biroq buning ilojisi yo‘q edi. Shu sababdan qirollar vakillik organlarining mamlakat siyosiy hayotiga ta’sirini kamaytirishga urinar edi. Bunga ma’lum darajada erishilgan ham.

Fransiyada Angliya parlamentidan farqli o‘laroq, General shtatlarning davlat hayotiga ta’siri zaif edi. Keyinchalik parlament juda kamdan kam hollarda, faqat kuchli zarurat tug‘ilgan paytdagina chaqiriladigan bo‘ldi.

1614-yildan boshlab butun XVII asr davomida esa biror marta ham chaqirilmadi. Binobarin, Angliyadan ko‘ra Fransiyada qirol hokimiyati kuchli bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, parlament butunlay tugatilmadi. Fransiyada har bir viloyatning o‘z parlamenti mavjud edi. Mamlakat fuqarolariga bu parlamentlarga viloyatlar sudi hukmi ustidan shikoyat qilish huquqi berilgan.

Lyudovik XIV

Ayniqsa, Parij parlamenti katta ta’sirga ega bo‘lgan. Uning vakolati mamlakat hududining 1/3 qismida amal qilgan. Parij parlamenti taxt vorisi yosh bo‘lsa, regent tayinlash huquqiga ham ega edi. Saroy hayotining asosiy mazmunini qirol shaxsini ilohiy deb hisoblovchi tushuncha tashkil etardi. Fransiya qiroli Lyudovik XIV bekorga “Davlat – bu men!” demagan edi.


Fransiyada protestantlikning tarqalishi.

Fransiya qirolligida har ikki – katolik va protestant cherkovlari faoliyat ko‘rsatardi.

XVI asr boshlarida M.Lyuter ta’limotiga mos g‘oya tarqaldi. Mamlakatda Injilning fransuzcha tarjimalari paydo bo‘ldi. Cherkovlarda ibodat ona tilida o‘qila boshlandi. Shu tariqa vaqt o‘tishi bilan Fransiya ikki dushman tarafga – katolik va protestantlar lageriga bo‘linib qoldi. Fransiyada protestantlikka e’tiqod qiluvchilar gugenotlar deb ataldi.


Diniy urushning yuz berishi.

Katolik cherkovi protestantlikning tarqalishini dushmanlik bilan qarshi oldi.
1562-yilda qirolning qarindoshi, katoliklar rahnamosi gersog Fransua Giz o‘zining ko‘p sonli qo‘riqchilari bilan ibodat qilayotgan protestantlarga hujum qildi. Oqibatda 20 dan ortiq protestant o‘ldirildi, 100 dan oshig‘i esa yarador qilindi. Bu voqea Fransiyada 36 yil davom etgan Diniy urushning boshlanishiga turtki bo‘ldi. Bu Diniy urush mamlakat boshiga katta kulfat keltirdi. Mamlakatda yovuzlik, jaholat kuchaydi.

Gugenotlarga juda katta talafot yetkazildi. Shunday bo‘lsa-da, ular qirolni yon berishga majbur qildi. Urushning oldini olish uchun qirol Karl IX gugenotlar yetakchisi Genrix Burbonga o‘z singlisi Margaritani turmushga berishga qaror qiladi. To‘y marosimi 1572-yilning avgustiga belgilandi.
Biroq katolik mutaassiblari vaziyatdan foydalanib, gugenotlarning barcha rahbarlarini qirib tashlashni zimdan rejalashtiradi.

1572-yili 24-avgust kechasi Parijda gugenotlar qirg‘ini uyushtirildi. Natijada 2 mingdan ortiq gugenot qurbon bo‘ldi. Bu voqea xristianlarning Avliyo Varfolomeyga bag‘ishlab o‘tkaziladigan diniy bayrami kuni arafasida yuz bergani sababli Fransiya tarixiga “Varfolomey tuni” nomi bilan kirdi. Yuqoridagi voqealardan keyin Fransiyada protestantlik taqiqlandi.


Urushning davom etishi.

“Varfolomey tuni”dagi qirg‘in mamlakatdagi Diniy urushga chek qo‘ymadi. Urushning davom etishi muqarrar edi. Chunki gugenotlar taqdirga tan bermaydi. Ular Fransiyani bo‘lib tashlashga qaror qiladi va mamlakat janubida o‘z davlatini tuzadi. Bu davlatni qirol xonadonining qarindoshi, gugenotlar yetakchisi Genrix Burbon (u Genrix Navarralik deb ham atalardi) boshqardi. Gugenotlar yaxshi qurollangan qo‘shin tuzdi.

Fransua Gizning o‘g‘li Genrix Giz esa qattiq harbiy intizom o‘rnatilgan katolik liga tuzdi. Katoliklar fitna tayyorlay boshladi. Unga ko‘ra, qirol Genrix III olib qochilar va majburan monax qilinardi. Taxtni esa Genrix Giz egallashi lozim edi. Biroq qirol Genrix III ashaddiy mutaassib Genrix Gizni o‘ldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Katolik cherkovi Genrix III ning bu ishini kechira olmas edi. O‘ldirilganlar “Shahid bo‘lgan avliyolar” deb e’lon qilindi. Katolik cherkovi dindorlarga qirol sog‘lig‘i uchun duo o‘qishni taqiqladi. Ayni paytda barcha fuqarolarning Genrix III ga sodiqlik haqidagi qasamyodidan ozod qilinganini e’lon qildi.

1589-yilda Genrix III katoliklar tomonidan o‘ldirilgach, qirol xonadonining qarindoshi, gugenotlar rahbari Genrix Burbon Genrix IV nomi bilan taxtni egalladi. U katolik dinini qabul qilmasdan Parijga borib taxtga o‘tira olmasligini yaxshi bilardi. Shuning uchun ham u protestantlikdan chiqib katolik dinini qabul qildi. Genrix IV o‘zining kuchi, qobiliyati va ta’siridan har ikki cherkov qavmlarini murosaga keltirish yo‘lida foydalandi. U katolik amaldorlarni ehsonga ko‘mib tashladi. Diniy urushlari to‘xtatish va mamlakat yaxlitligiga erishish uchun 1598-yilda “Nant edikti”ni imzoladi.

Ediktda katoliklik davlat dini deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, gugenotlar quvg‘in qilinmaydigan bo‘ldi. Mamlakatda diniy murosasozlikka erishildi.

Jaholat (arabcha) – ilm-ma’rifatdan mahrumlik, qoloqlik.
Fanat (lotincha) – diniy e’tiqodiga yoki biror ta’limotga qattiq yopishib oluvchi.
Edikt – qirolning alohida muhim farmoni.