Fransiyada ikkinchi imperiyaning o’rnatilishi




Iyul monarxiyasi

1815-yilda hokimiyati qayta tiklangan Burbonlar sulolasining vakili Lyudovik XVIII Napoleon tarafdorlaridan o‘ch ola boshladi. Ko‘plab harbiylar otib tashlandi. Butun hokimiyat eski o‘rta asr feodal tuzumi tarafdorlari qo‘lida to‘plandi. Aholining atigi bir foizga yaqini saylov huquqiga ega bo‘ldi. Burjuaziya, hunarmandlar, ishchi va dehqonlarga saylov huquqi berilmadi.

1824-yilda Lyudovik XVIII vafot etdi. Taxtni ukasi Karl X egalladi. U o‘z hokimiyatini yanada mustahkamlashga urinib, 1830-yilda mamlakat parlamentini tarqatib yubordi. Ayni paytda yangi parlamentga o‘tkaziladigan saylovda saylov huquqining yanada cheklanishini ma’lum qildi. Bu esa Parij shahrida inqilob boshlanishiga olib keldi. Uning harakatlantiruvchi kuchlari burjuaziya, ishchilar, hunarmand va talabalar bo‘ldi. Inqilobning maqsadi Fransiyada respublika tuzumini o‘rnatish edi.

Fransiya qiroli Karl X inqilobdan qo‘rqqanidan chet elga qochib ketdi. Hokimiyat yirik burjuaziya – bankirlar, yirik sanoatchilar va katta yer egalari qo‘liga o‘tdi. Ular monarxiyani saqlab qolishga urindi. Buning asosida monarxiya va respublika tarafdorlarining bir-biriga yon berib, o‘zaro murosada yashashlariga erishish maqsadi yotardi. Shu maqsadda taxtga Burbonlarning qarindoshi orleanlik Lui Filipp o‘tqazildi. Shu yo‘l bilan monarxiya saqlab qolindi. Bu hodisa iyul oyida ro‘y bergani tufayli tarixga Iyul monarxiyasi nomi bilan kirdi. Uning davrida mamlakat yangi Konstitutsiya qabul qildi. Yangi konstitutsiyada so‘z, matbuot va yig‘inlar o‘tkazish erkinliklari e’lon qilindi. Saylovchilar uchun yosh va mulk senzlari kamaytirildi.
Konstitutsiya qirol hokimiyatini chekladi, ayni paytda, parlamentning rolini oshirishni ko‘zda tutuvchi moddalar kiritdi.


Iyul monarxiyasi inqirozi

Yangi qirol va konstitutsiya xalq ommasining ahvolini yengillashtira olmadi.
Aksincha, davom etayotgan sanoat to‘ntarishi aholining qashshoqlanishini yanada kuchaytirdi. Ishchilarning ish vaqti 12–16 soat davom etardi. Ishchini korxona egasi istagan paytda ko‘chaga haydashi mumkin edi. Ayniqsa, to‘qimachilik sanoati ishchilarining ahvoli og‘ir edi. Birgina Lion shahrining o‘zida o‘ttiz mingga yaqin to‘quvchi qashshoqlikda yashardi. Korxona egalari ularning ish haqini oshirish haqidagi talabini rad etishi 1831-yilda qo‘zg‘olon ko‘tarilishiga olib keldi.

Qo‘zg‘olonchilar bayroqlariga “Ishlab yashaylik yoki jang qilib o‘laylik” deb yozib olgandi.

Lion ishchilar qo‘zg‘oloni.

Qo‘zg‘olonchilar Lion shahrini egallab oldi. Biroq poytaxt Parijdan Lionga yuborilgan qo‘shin qo‘zg‘olonni shafqatsizlik bilan bostirdi. Hukumat to‘qimachilar qo‘zg‘olonidan tegishli xulosa chiqarib olmadi. Aksincha, ta’qib etish siyosati bilan ishchilarni itoatda tutishga urindi.

Oqibatda, 1834-yilda Lion to‘quvchilari yana qo‘zg‘olon ko‘tardi. Bu safar qo‘zg‘olonchilar faqat ish haqini oshirish to‘g’risidagi talab bilan cheklanib qolmadi. Ular endi respublika tuzumi o‘rnatilishini ham talab qildi. Biroq bu qo‘zg‘olon ham shafqatsizlik bilan bostirildi.


1848-yil inqilobi

1845–1847-yillarda Fransiyada qurg‘oqchilik ro‘y berdi. Natijada, oziq-ovqat mahsulotlarining, birinchi navbatda, nonning narxi oshib ketdi. Bu ham yetmaganidek, 1847-yilda Yevropa davlatlari iqtisodiyotini inqiroz qamrab oldi.

Bu esa ishlab chiqarishning keskin kamayishiga, pulning qadrsizlanishiga olib keldi. Korxonalarning yopilishi va ishchi o‘rinlarining qisqartirilishi natijasida ishsizlik oshib bordi. Bularning barchasi inqilobning yuzaga kelishiga sharoit yaratdi.

Shunday vaziyatda burjuaziya inqilobning oldini olish uchun hukumat oldiga islohotlar o‘tkazish talabini qo‘ydi. Uning asosini saylov huquqini kengaytirish to‘g’risidagi masala tashkil etardi. Burjuaziya shu yo‘l bilan Iyul monarxiyasini yon berishga undamoqchi bo‘ldi. Ishchilar esa respublika tuzumining eng qat’iyatli tarafdori bo‘ldi. Mamlakatdagi ishsizlikni tugatadigan, barcha fuqarolar uchun mehnat qilish huquqini kafolatlovchi qonun qabul qiladigan, ish kunini qisqartiradigan va mehnat sharoitini yaxshilaydigan respublika tuzish talabini qo‘ydi. Bu talab yirik mulkdorlar tabaqasini cho‘chitib yubordi.

Iqtisodiy inqiroz tobora chuqurlashib bordi. Natijada ommaviy ishsizlik vujudga keldi. Ishchilarning ish haqi ikki barobardan ortiqqa kamaydi. Qashshoqlashgan ishchilar endi qurollana boshladi. Nihoyat, 1848-yilning 23-fevralida Fransiya tarixida yana bir inqilob yuz berdi.

Qisqa vaqt ichida Parij shahridagi barcha muhim joylar, muassasalar qo‘zg‘olonchilar qo‘liga o‘tdi. Shunday sharoitda Lui Filipp taxtdan voz kechishga va Buyuk Britaniyaga qochib ketishga majbur bo‘ldi. Qo‘zg‘olonchilar qirol saroyini egallab, taxtini yoqib yubordi.

Shu tariqa 1848-yil fevral inqilobi natijasida Iyul monarxiyasi quladi. 25-fevral kuni esa Fransiya Respublika deb e’lon qilindi. Bu Fransiya tarixidagi ikkinchi respublika edi. Fransiya parlamenti vaqtinchalik hukumat tuzdi. Yangi hukumat matbuot, namoyishlar o‘tkazish erkinligini e’lon qildi. Shuningdek, 21 yoshga to‘lgan barcha erkaklarga saylov huquqi berildi.


Ikkinchi imperiya

Mamlakatda tartib o‘rnatishga qodir hokimiyat zarur edi. Shu tufayli hukmron tabaqalar qirol hokimiyati o‘rniga katta vakolatlarga ega bo‘lgan prezidentlik lavozimini joriy etishga kirishdi. Unga hukumat tuzish va uni iste’foga chiqarish huquqi ham beriladigan bo‘ldi.

1848-yilning dekabr oyida Napoleon I Bonapartning jiyani Lui Napoleon Bonapart Fransiya Prezidenti etib saylandi. Uning asl maqsadi Fransiya imperiyasini qayta tiklash edi.

U o‘z niyatini amalga oshirishga zimdan tayyorgarlik ko‘rdi. Nihoyat, 1851-yil oxirida davlat to‘ntarishi o‘tkazdi va o‘zi uchun xavfli bo‘lgan kishilarning barchasini qamoqqa oldi. Endi u o‘zini imperator deb e’lon qilishi uchun barcha yo‘llar ochiq edi.

Napoleon III

Nihoyat, 1852-yilning 2-dekabrida u o‘zini Napoleon III nomi bilan Fransiya imperatori deb e’lon qildi. Shu tariqa Fransiyada Ikkinchi imperiya o‘rnatildi.

Student (lotincha – qunt bilan shug‘ullanuvchi) — oliy o‘quv yurti talabasi.
Senz (lotincha) — fuqarolarning saylov huquqidan foydalanishlarini cheklaydigan shartlar.