Fransiyada birinchi imperiya va uning halokati




Fransiyada Birinchi imperiya

1799-yilgi davlat to‘ntarishidan so‘ng Fransiyaning Birinchi konsuliga aylangan Napoleon Bonapart endi yakkahokimlikka intila boshladi. Shuning uchun dastlab o‘zining umrbod konsul deb e’lon qilinishiga erishdi. 1804-yilda esa Senat uni “Fransuzlar imperatori Napoleon” deb e’lon qildi. Shu tariqa Fransiyada monarxiya qayta tiklandi. Biroq bu hukumat zodagonlarga emas, yirik burjuaziya, qo‘shin va davlat amaldorlariga tayanuvchi harbiy monarxiya edi.


Istilochilik urushlari

Napoleon katta istilochilik urushlari olib bordi. Chunonchi, qisqa muddat ichida dastlab Avstriya poytaxti Vena va Prussiya poytaxti Berlin shaharlarini egalladi. O‘z g‘alabalaridan ruhlangan Napoleon endi Buyuk Britaniyaga nisbatan qit’a qamali e’lon qilingani haqidagi dekretni imzoladi. Unga ko‘ra, Napoleonga qaram barcha davlatlarning Buyuk Britaniya bilan savdo-sotiq qilishi taqiqlandi. Napoleonning maqsadi shu yo‘l bilan Buyuk Britaniyani bo‘g‘ib tashlash edi. Qit’a qamali Fransiyani Yevropa va jahon hukmronligi uchun tinkani quritadigan urushga duchor etdi. Rossiya Fransiyaning Yevropadagi barcha g‘alabalarini tan olishga va 1807-yilda Napoleon bilan tinchlik hamda ittifoq to‘g‘risida shartnoma imzolashga majbur bo‘ldi. Bu shartnoma tarixga “Tilzit shartnomasi” nomi bilan kirdi. Shartnomaga ko‘ra, Rossiya Buyuk Britaniya bilan aloqani uzish va qit’a qamaliga qo‘shilish majburiyatini oldi.


Imperiyaning zaiflashuvi

Deyarli butun Yevropani bo‘ysundirgan Napoleon Buyuk Britaniya va Rossiyani taslim eta olmadi. Buyuk Britaniya harbiy flotining g‘oyatda qudratli ekani Napoleonga qit’a qamali siyosatidan ko‘zlangan maqsadiga erishish imkonini bermadi. Rossiya o‘z mustaqilligini saqlab qoldi. Qit’a qamali siyosatiga qo‘shilgan bo‘lsa-da, amalda shartnomani bajarmadi.

Napoleon I Bonapart

AQSH kemalarida o‘z tovarlarini Buyuk Britaniyaga yuborishni davom ettirdi.
Fransiya aholisi ham uzluksiz urushlardan charchadi. Ming-minglab navqiron yigitlarning halok bo‘lishi, soliqlarning oshishi, qit’a qamalidan ko‘rilayotgan iqtisodiy zarar Napoleon siyosatidan norozilikni kuchaytirib yubordi. Ayni paytda bosib olingan mamlakatlarda mustamlakachilarga qarshi milliy ozodlik harakati kuchaydi. Napoleonga bunday norozilikni bostirish uchun katta bir g‘olibona urush kerak edi. Shuning uchun ham Rossiyaga qarshi urush boshlash va unda g‘alaba qozonishni rejalashtirdi. Busiz butun Yevropani itoat ettirishdan iborat bo‘lgan maqsadi ham amalga oshmas edi.


Fransiya va Rossiya o‘rtasidagi 1812-yilgi urush

1812-yilning 24-iyunida Napoleon armiyasi Rossiyaga hujum boshladi. Bu Rossiya uchun milliy mustaqillik urushi edi. Urush Rossiya tarixiga “Vatan urushi” nomi bilan kirgan. 1812-yilning 7-sentabrida ikki davlat qo‘shini o‘rtasidagi hal qiluvchi jang Moskva yaqinidagi Borodino qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi. Urushda ikki tomon ham ko‘plab qurbonlar berdi. Avvalo, M.J.Kutuzov bosh qo‘mondonligidagi rus qo‘shinining matonati, qolaversa, qahraton qish va ochlik tufayli bosqinchi qo‘shinning halokati aniq bo‘lib qoldi. Oqibatda Napoleonning “Buyuk armiyasi” bu talafotdan so‘ng o‘zini qayta tiklab ololmadi. Endi Napoleon imperiyasining halokati muqarrar bo‘lib qoldi.

M.J.Kutuzov


Imperiyaning qulashi

Rossiya, Buyuk Britaniya, Prussiya, Avstriya va boshqa mamlakat qo‘shinlaridan iborat Yevropaning qurolli kuchlari hamda Napoleon armiyasi o‘rtasidagi hal qiluvchi jang 1813-yilda Leypsig ostonasida bo‘lib o‘tdi. Bu jang tarixga “Xalqlar jangi” nomi bilan kirdi. Leypsig jangida Napoleonning qo‘shini tor-mor etildi.

1814-yilda ittifoqchi davlatlar armiyasi Parij shahriga kirib keldi. Napoleon taxtdan voz kechishga majbur bo‘ldi. Ittifoqchilar uni Elba oroliga surgun qildi. Shu tariqa imperiya quladi.


Burbonlar sulolasi hokimiyatining tiklanishi

Ittifoqchi davlatlar Fransiyada Burbonlar sulolasi hokimiyatini tiklashga qaror qildi. Inqilob yillari qatl etilgan qirol Lyudovik XVI ning ukasi Lyudovik XVIII Senatning qarori bilan taxtga o‘tqazildi. Ittifoqchilar Fransiya bilan sulh shartnomasini imzoladi. Unga ko‘ra, Fransiya Napoleon davrida bosib olingan barcha hududlardan mahrum etildi.


Vaterloo jangi

Ayni paytda mamlakatda ichki vaziyat murakkablashib bordi. Bunga eski feodal tartiblar tarafdorlarining mutlaq monarxiyani tiklashni, shuningdek, qo‘llaridan ketgan mol-mulklarni qaytarib berishni talab qilishlari sabab bo‘ldi.

Bu, o‘z navbatida, burjuaziya va dehqonlarni tashvishga solib qo‘ydi. Bundan tashqari, Napoleon davrida xizmat qilgan zobitlar hamda davlat xizmatchilarining ishdan bo‘shatilishi qo‘shin va butun mamlakatda norozilik keltirib chiqardi. Vaziyatdan surgundagi Napoleon foydalanib qolishga qaror qildi. Eski gvardiya va o‘zi tug‘ilib o‘sgan korsikaliklardan tuzilgan harbiy qism hamon uning tarafida edi. Napoleon 1815-yilning mart oyida Elbadan Fransiyaning janubiga yetib keldi. Qirol Lyudovik XVIII ning Napoleonga qarshi yuborgan 30 ming kishilik qo‘shini ham Napoleon tomoniga o‘tib ketdi.
Napoleon 20-mart kuni Parij shahrini egallab, yana imperatorlik taxtiga o‘tirdi. Biroq u bu safar hokimiyatni atigi 100 kun egallab turdi, xolos.

Ittifoqchi davlatlar (Buyuk Britaniya va Prussiya) juda katta armiyani Napoleonga qarshi qo‘ydi. Ikki o‘rtada 1815-yilning 18-iyunida Vaterloo qishlog‘ida (hozirgi Belgiya davlati hududida) hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tdi.
Shu tufayli bu jang tarixga “Vaterloo jangi” nomi bilan kirgan. Jangda Napoleon qo‘shini butunlay tor-mor etildi. Ikkinchi bor taxtdan voz kechgan Napoleon endi uzoq Muqaddas Yelena oroliga surgun qilindi va shu yerda 1821-yilda vafot etdi. Fransiyada Burbonlar hokimiyati yana qayta tiklandi.


Vena Kongressi

G‘olib davlatlar Kongress chaqirdi. Bu Kongress 1814-yilda Avstriyaning poytaxti Vena shahrida bo‘lib o‘tdi. Kongressning asosiy maqsadi – Yevropani g‘oliblar manfaati yo‘lida qayta taqsimlash edi.

Yevropaning 8 ta davlati: Buyuk Britaniya, Avstriya, Prussiya, Rossiya,
Ispaniya, Shvetsiya, Portugaliya va Fransiya Kongressning yakunlovchi hujjatini imzoladi. Buyuk Britaniyaning asosiy maqsadi — Fransiyaning zaiflashuviga erishish, o‘zining dengizdagi va mustamlakalar bosib olishdagi ustunligini saqlab qolish edi. U bunga erishdi. Ayni paytda Malta, Seylon orollariga, Afrikaning janubidagi Kap yerlariga ega bo‘lib oldi. Rossiya esa Polshaning katta qismini egalladi. 200 dan ortiq mayda davlatlarga bo‘linib ketgan Germaniya o‘rnida 39 ta davlatdan iborat Germaniya ittifoqi tuzildi. Bu ittifoqda Avstriyaning yetakchi roli e’tirof etildi. Reyn viloyati va Vestfaliya Prussiyaga qo‘shib berildi. Polshaning g‘arbiy yerlari ham Prussiya mulki deb tan olindi.

Vena Kongressi.

Avstriya Shimoliy Italiyada mustahkamlanib oldi. Belgiya Gollandiyaga qo‘shib berildi. Shveytsariyaning mustaqilligi tiklandi va abadiy betaraf davlat maqomiga ega bo‘ldi. Fransiya hududi o‘zining 1792-yilgi chegarasigacha qisqartirildi. Unga 700 ming frank oltin hisobida kontributsiya to‘lash majburiyati yuklandi. Fransiya bu kontributsiyani to‘lagunga qadar davlatning shimoliy qismi ittifoqchilar qo‘shini tomonidan ishg‘ol qilinadigan bo‘ldi. Fransiya ikkinchi darajali davlat maqomiga tushib qoldi. Shu tariqa Vena Kongressi Yevropa siyosiy xaritasini kuch bilan o‘zgartirib tashladi. Ayni paytda Vena Kongressi qora tanli qullar savdosini taqiqlovchi deklaratsiya ham qabul qildi.


“Muqaddas Ittifoq”

Yevropada kelgusida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan inqiloblarga qarshi birgalikda kurashish maqsadida uch davlat – Rossiya, Avstriya va Prussiya monarxlari ittifoq tuzdi. U bu tarixga “Muqaddas Ittifoq” nomi bilan kirdi.

Kontributsiya (lotincha) — urushda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash uchun mag‘lub davlat tomonidan to‘lanadigan to‘lov.