Yakobinchilarning hokimiyat tepasiga kelishi
Lyudovik XVI qatl etilgach, Prussiya, Ispaniya, Angliya va Avstriya monarxlarining bosqinchilik hujumi kuchaydi. Jirondachilar mamlakat mudofaasini yetarli darajada tashkil eta olmadi. Buning ustiga, mamlakat janubida yerlarning shahar burjuaziyasiga sotilayotganidan norozi bo‘lgan dehqonlar isyoni boshlandi. Isyonchilar qirolning qatl etilishini jinoyat deb hisoblardi. Yakobinchilar mamlakatdagi bu og‘ir vaziyat uchun jirondachilarni aybladi. Ular Parij aholisini qo‘zg‘olonga chaqirdi. Boshlangan qo‘zg‘olon 1793-yilning 2-iyun kuni jirondachilar hokimiyatining ag‘darilishi bilan yakunlandi.
Hokimiyat yakobinchilar qo‘liga o‘tdi. M.Robespyer boshchiligida yangi hukumat tuzildi.
Yakobinchilarning ichki siyosati
1793-yilda Fransiyada yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Feodal to‘lovlar butunlay bekor qilindi. Dehqonlar endilikda o‘z yerlarining ozod egalariga aylandi.
Feodallarning huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar yoqib yuborildi. Chet ellarga qochib ketgan zodagonlarning yerlari mayda bo‘laklarga bo‘lib sotildi. Cherkov davlatdan ajratildi. Birinchi iste’mol buyumlariga qat’iy narxlar o‘rnatildi. Biroq bu tadbir kutilmaganda aks-sado berdi. Savdogarlar hukumat belgilagan narxda tovarlarini sotmay qo‘ydi. Endi ular yashirincha savdo qilishga o‘tdi. Oqibatda narx-navo ko‘tarilib ketdi. Hukumat ish haqining eng yuqori darajasini ham belgilab qo‘ydi. Biroq bu tadbir yaxshilikka olib kelmadi. Natijada ishchilarning ish tashlashi boshlandi. Hukumat esa uni shafqatsizlik bilan bostirdi. Chet el bosqinchilarining hujumi va mamlakat ichkarisida isyon xavfining mavjudligi diktatura o‘rnatishga majbur etdi.
Konvent “Shubhali kishilar to‘g‘risida” qonun qabul qildi. Bu qonun, yakobinchilar fikricha, “shubhali” deb hisoblangan barcha kishilarni to tinchlik o‘rnatilgunicha qamoqda saqlashni ko‘zda tutar edi. Aslida esa yakobinchilar o‘z raqiblaridan terror yo‘li bilan qutulmoqchi edi. Buning tasdig‘i o‘laroq, Konventdagi barcha jirondachi-deputatlar qamoqqa olindi va qatl qilindi.
Mamlakat ichkarisidagi isyonlar o‘ta rahmsizlik bilan bostirildi. Yakobinchilarning shafqatsizligi chegarasiz, ayovsiz va ma’nosiz edi. Yakobinchilar ayni paytda qo‘shinni mustahkamlash choralarini ko‘rdi.
Bu tez orada o‘z samarasini berdi. 1794-yilda chet el bosqinchilari mamlakat hududidan surib chiqarildi. Bu ozodlik urushlarida yosh zobit Napoleon Bonapart shuhrat qozondi.
Yakobinchilar partiyasidagi ichki kurash
Yakobinchilar orasida ichki siyosat borasida yagona birlik yo‘q edi.
Ular aslida turli guruhlarga bo‘linib ketgan edi. Yakobinchilarni birlashtirib turgan omil – bu chet el bosqinchilariga qarshi kurash va mamlakat ichkarisidagi isyonlari bostirish zarurati edi, xolos.
Bu ikki xavf bartaraf etilgach, guruhlar o‘rtasida kurash boshlanib ketdi. Eber va Shomett rahbarligida yakobinchilar “hech kim boy ham, hech kim o‘ta kambag‘al ham bo‘lmaydigan, hamma barcha narsaga yetarlicha ega bo‘lishini ta’minlaydigan” jamiyat tarafdori edi.
M.Robespyer tarafdorlari ularni qamoqqa oldi va o‘lim jazosiga mahkum qildi.
M.Robespyer tarafdorlari yakobinchilarning Danton boshchiligidagi “shafqatlilar” guruhini ham xavfli deb hisoblardi. Danton mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan turli guruhlarning o‘zaro murosa qilishi tarafdori edi. U barcha partiyalardagi yaxshi niyatli kishilarning ittifoqini tuzish yo‘li bilan o‘zaro ziddiyatlarni bartaraf qilishni taklif etdi. Danton inqilobiy diktaturani to‘xtatishni, konstitutsiyaviy tartibga qaytishni, terrordan voz kechishni talab qila boshladi. M.Robespyer guruhi Danton talablarini rad etdi. Danton hamda uning tarafdorlari qamoqqa olindi va qatl etildi.
M.Robespyer
Mamlakatda o‘rnatilgan terror siyosati dahshatlari hammaning tinka-madorini quritdi. Bu esa Robespyerning obro‘sini tushirib yubordi. M.Robespyer siyosiy kurashda qonli usul orqali raqiblarini yo‘qotish bilan o‘z shaxsiy halokatini ham tayyorlab bordi. Xalq qonli boshqaruvga asoslangan respublikani yomon ko‘rib qoldi. M.Robespyerning barcha dushmanlari yagona ittifoqqa birlashdi.
Yakobinchilar diktaturasining ag‘darilishi
Konventda M.Robespyer va uning tarafdorlariga qarshi fitna tayyorlandi. 1794-yilning 27-iyulida Konvent unga qarshi ayblov e’lon qildi va M.Robespyerni qamoqqa oldi. Shuningdek, Konvent uni qonundan tashqari deb ham e’lon qildi. Bu – sudsiz qatl etish degani edi. Hammasi bo‘lib yuzga yaqin kishi qatl etildi. Shu tariqa yakobinchilar diktaturasi quladi. Bu inqilobning yakunlanishi ham edi. Hokimiyat tepasiga inqilob yillarida boyib ketgan yangi boylar deb ataluvchi yirik burjuaziya keldi. Ular mulk va erkinlikni, tadbirkorlikni himoya qiladigan Respublika tarafdori edi.
1795-yilda Konvent yangi Konstitutsiya qabul qildi. U mamlakatda respublika tuzumini mustahkamladi. Inqilobning feodal tartiblarni tugatish haqidagi barcha qarorlarini tasdiqladi. Mamlakatda ikki palatali parlament joriy etildi.
O‘z imtiyozlaridan to‘la mahrum bo‘lgan monarxiya tarafdorlari bunga javoban 1799-yilda isyon ko‘tardi. Ularning maqsadi monarxiyani qayta tiklash edi.
Biroq general Napoleon Bonapart Konventning xaloskori bo‘ldi. U isyonchilar kuchini tor-mor etdi. Bu xaloskorlik unga yorqin kelajak sari yo‘l ochdi.
1799-yil 9-noyabrdagi davlat to‘ntarishi
Endi hukmron doiralar Fransiyada Napoleondek qattiqqo‘l kishining hokimiyatini o‘rnatish kerak, degan xulosaga keldi va davlat to‘ntarishi tayyorladi. Napoleon Bonapart bunga rozilik berdi. Ular 1799-yil 9-noyabrda Konventni Konsullik deb ataluvchi hukumat tuzishga majbur etdi. Uning tarkibi 3 kishidan iborat edi va ularning har biri “Fransiya Respublikasining konsuli” unvoniga ega bo‘ldi. Uch konsuldan biri Napoleon Bonapart edi. Aslida butun hokimiyat uning qo‘lida to‘plandi.
Buyuk fransuz burjua inqilobining tarixiy ahamiyati
Gap fransuz burjua inqilobi haqida ketganida, unga nisbatan “Buyuk” so‘zi qo‘shib qo‘llaniladi. Chunki bu inqilob o‘rta asr feodal tartiblarini to‘la bekor qildi. Kishining kishiga shaxsan qaramligi tugatildi. Monarxiyaning hech qanday ko‘rinishi bilan murosa qilmadi.
Fransiyada respublika tuzumi qaror topdi. Angliya burjua inqilobi burjuaziya va zodagonlar kelishuvi bilan yakunlangan bo‘lsa, Fransiyada burjuaziya zodagonlarni yengdi. Eski jamiyat va davlat tuzumini to‘la buzib tashladi. Sanoat to‘ntarishi uchun sharoit hozirladi.
Davlat to‘ntarishi — davlat hokimiyatini qonunda ko‘zda tutilmagan usullar bilan egallab olish.
Konsul (lotincha – maslahatchi).