Buyuk Fransuz burjua inqilobi va monarxiyaning tugatilishi




Inqilobning sabablari

XVIII asr oxirlarida ham Fransiyada hamon o‘rta asr feodal tartiblari hukm surardi. U qishloq xo‘jaligi mamlakati edi. Dehqonlar garchand erkin bo‘lsa-da, ular yashayotgan va mehnat qilayotgan yerlar feodallarning mulki sanalardi. Dehqonlar ijaraga yer olib kun kechirar edi. Soliqlarning soni tobora ko‘payib borgan. Buning ustiga, cherkovga ham soliq to‘lash davom etardi. Oqibatda qishloqlar kambag‘allashib, dehqonlarning esa tilanchi va daydilarga aylanishi tobora kuchayib bordi. Bu hol tez-tez “non isyonlari”ni keltirib chiqarardi. O‘rta asr feodal tartiblari sanoat va savdoning rivojiga ham to‘siq bo‘layotgan edi. Fransiya manufaktura ishlab chiqarishda Buyuk Britaniyaga tenglasha olmasdi.

Dehqonlarning xo‘rlanishi shunday tasvirlangan edi.

XVIII asr oxirida ham Fransiyada hali sanoat to‘ntarishi ro‘y bermagan edi. Manufaktura ishchilariga faqat yakshanba kuni korxona tashqarisiga chiqishga ruxsat berilardi, xolos. Ichki savdo bojxona chegara siquvi va har bir viloyatning o‘zi o‘rnatgan yo‘l solig‘idan aziyat chekkan.
Buning ustiga, burjuaziya qanchalik boy bo‘lmasin, siyosiy huquqqa ega emas edi. Davlatni boshqarish amalda mamlakat aholisining atigi 4 foizini tashkil etuvchi ruhoniy va zodagonlar qo‘lida edi. Ular soliq to‘lashdan ozod edi.

Mamlakat qurolli kuchlarida zobitlik lavozimini faqat zodagonlar egallagan.
Butun mamlakatni boqayotgan uchinchi toifaga kiruvchi burjuaziya ham mamlakatni boshqarish ishiga yaqinlashtirilmagan. Mamlakatda mutlaq monarxiya hukm surardi. “Inson huquqlari” tushunchasi qirollar uchun hech qanday ahamiyatga ega emas edi. Bundan tashqari, Fransiya XVIII asr oxirlarida tashqi siyosatda ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bu esa uning xalqaro obro‘sini tushirib yubordi. Bu hodisa mamlakat sarmoyasining katta qismi ulkan qo‘shin va flotni saqlab turishga sarflanayotgan bir davrda yuz berdi. Urush va soliqlardan qiynalib ketgan xalqning ahvoli tobora og‘irlashib bordi. Yuqorida qayd etilgan omillar Fransiyada inqilob ro‘y berishini muqarrar qilib qo‘ydi.


Inqilobning boshlanishi

Qirol Lyudovik XVI 1789-yilda General shtatlarni chaqirdi. U General shtatlarda bo‘shab qolgan davlat xazinasini to‘ldirishga imkon beruvchi yangi soliqlar joriy etish lozimligini ma’lum qildi.

Biroq uchinchi toifa deputatlari qirolning taklifini rad etdi va yuqori toifalarning mol-mulkini soliqqa tortish talabini qo‘ydi. Oqibatda General shtatlarda bo‘linish yuz berdi.

Lyudovik XVI

Parij aholisi uchinchi toifa deputatlarining talabini qo‘llab-quvvatladi.
Uchinchi toifa deputatlari o‘zlarini butun millat vakillari deb e’lon qildi va yangi parlament – Milliy Kengash tuzdi. Ayni paytda ular mamlakat konstitutsiyasini ishlab chiqishga qaror qildi. Konstitutsiya qabul qilish uchun Milliy Kengash 9-iyulda Ta’sis Majlisi deb e’lon qilindi. Bunday sharoitda qirol murosa yo‘lini qidirish o‘rniga Ta’sis Majlisini tarqatib yuborishni rejalashtirdi. Bu reja oshkor bo‘lib qolgach, g‘azablangan xalq ommasi qo‘zg‘olon ko‘tardi.

14-iyul kuni esa Fransiya mutlaq monarxiyasining tayanchi Bastiliya (davlat qamoqxonasi) egallandi. Bastiliyaning egallanishi inqilobning boshlanishi bo‘ldi. Qattiq qo‘rqib ketgan Lyudovik XVI yon berishga majbur bo‘ldi. U Ta’sis Majlisining qonuniyligini tan oldi. Poytaxtda hokimiyat inqilobchilar vakillaridan tuzilgan Parij kommunasi (Parij Kengashi) qo‘liga o‘tdi. Shu tariqa Fransiyada mutlaq monarxiya quladi. Hokimiyat tepasiga yirik burjuaziya – savdo-sanoat burjuaziyasi keldi. Bu burjuaziya Buyuk Britaniyadagidek cheklangan monarxiya tarafdori edi.

Bastiliyaning ishg‘ol etilishi.


Feodal tartiblarning bekor qilinishi

Mutlaq monarxiyaning qulashi mamlakatda tinchlik o‘rnatilishiga olib kelmadi.
Aksincha, butun mamlakatni dehqonlar qo‘zg‘oloni qamrab oldi. Ular feodal majburiyatlarni bajarishdan bosh tortdi. Oziq-ovqat omborlarini egallab oldi. Feodallarning qo‘rg‘onlariga o‘t qo‘yib, yoqib yubordi. Natijada Ta’sis Majlisi “Imtiyozlarni tugatish haqida dekret” chiqarishga majbur bo‘ldi. Unga ko‘ra, feodal tartiblar bekor qilindi.


“Inson va fuqaro huquqlari Deklaratsiyasi”

1789-yilning 26-avgustida Ta’sis majlisi yana bir muhim hujjat – “Inson va fuqaro huquqlari Deklaratsiyasi”ni qabul qildi. U “Barcha odamlar ozod va teng huquqli bo‘lib tug‘iladi”, degan so‘zlar bilan boshlanardi. Deklaratsiya xalqni “hokimiyatning manbayi” deb e’lon qildi. Shuningdek, feodal va toifa imtiyozlarini bekor qildi. So‘z, matbuot erkinligi e’lon qilindi. Fuqarolarning qonun qabul qilishda ishtirok etish erkinligi hamda xususiy mulkning daxlsiz va muqaddasligi belgilab qo‘yildi. Ayni paytda qirol huquqlari cheklandi. Shu tariqa Deklaratsiya Fransiyada huquqiy davlat yaratilishiga asos soldi.


Konstitutsiyaning qabul qilinishi

1791-yilda Fransiya tarixida birinchi marta mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilindi. Shu tariqa Fransiyada cheklangan monarxiya qaror topdi. Binobarin, qirol hokimiyati ham saqlab qolindi. Konstitutsiyaga ko‘ra, parlament – Qonun chiqaruvchi Majlis tuzildi. Shu davrdan boshlab parlamentda siyosiy partiyalar faoliyat ko‘rsata boshladi. Ularning ichida yetakchilari “jirondachilar” va “yakobinchilar” partiyalari edi. Parlamentga o‘tkazilgan saylovdan so‘ng hokimiyat jirondachilar qo‘liga o‘tdi. Bu partiya inqilobdan oldin boyib ketgan savdo va sanoat burjuaziyasining manfaatlarini himoya qilar edi.

Partiyaning nomi mamlakatning Jironda departamenti (viloyati) nomidan olingan. Qonun chiqaruvchi Majlisda shu departamentdan saylangan deputatlar guruhi yetakchi ta’sirga ega bo‘lib olgani uchun ularga jirondachilar deb nom berilgan. Jirondachilar Fransiyani respublika deb e’lon qilish bilan cheklanish tarafdori bo‘lgan. Yakobinchilar partiyasi esa o‘z nomini Yakov monastiri nomidan olgan. Bunga yakobinchilar o‘z yig‘ilishlarini shu monastir kutubxonasida o‘tkazib turgani sabab bo‘lgan.

Yakobinchilar inqilobning eng keskin tarafdori edi. Ular o‘z oldiga monarxiyaning har qanday shaklini tugatish, feodal tartiblarni butunlay bekor qilish maqsadini qo‘ygan. Ular asosan mayda va o‘rta mulkdorlar manfaatini himoya qilardi.

Jirondachilar Fransiya inqilobiga dushman bo‘lgan davlatlarga qarshi g‘olibona urush orqali mavqeyini mustahkamlab olmoqchi bo‘ldi. Jirondachilar xohishi bilan qirol hamda Qonun chiqaruvchi Majlis Avstriyaga urush e’lon qildi. Biroq Fransiya qo‘shini mag‘lubiyatga uchray boshladi. Bu esa inqilob tufayli mamlakatda vujudga kelgan og‘ir ichki vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Qo‘shni monarxiya davlatlari Fransiyaga hujum uyushtiradi. Bular Avstriya, Prussiya va Buyuk Britaniya edi. 1792-yilda Qonun chiqaruvchi Majlis “Vatan xavf ostida” chaqirig‘i bilan xalqqa murojaat qildi. Jirondachilar mamlakat mudofaasini uyushtira olmadi. Ularning aybi bilan Fransiya qo‘shini kiyim-kechak va oziq-ovqatsiz qoldi. Bu esa mamlakatda keskin norozilik keltirib chiqardi.

1792-yil 10-avgust kuni esa Parijda qurolli qo‘zg‘olon boshlandi. Bunday sharoitda parlament qirolni hokimiyatdan mahrum etish va yangi parlament – Milliy Konventga saylov o‘tkazish haqida qaror qabul qilishga majbur bo‘ldi. Lyudovik XVI esa hibsga olindi.

Shu tariqa 1792-yilning 10-avgustida Fransiyada monarxiya ag‘darib tashlandi. Yakobinchilar qirolni darhol sud va qatl qilishni, Respublika deb e’lon qilishni, feodal qaramlikni butunlay tugatish va chet elllik bosqinchilarga qarshi inqilobiy urush olib borishni talab qildi. Yakobinchilarning ko‘zga ko‘ringan arboblari M.Robespyer, J.P.Marat, J.Danton, Eber va Shomettlar edi.

22-sentabrda Fransiya Respublika deb e’lon qilindi. Lyudovik XVI esa qatl etildi. Respublika tuzumi feodal-toifaviy tengsizlikni bekor qildi. 21 yoshga to‘lgan erkak fuqarolarga saylov huquqi berildi. Saylovda qatnashishi uchun talab etiladigan mulk senzi bekor qilindi. Mamlakat shiori erkinlik, tenglik, birodarlik bo‘lib qoldi.

Dekret (lotincha – farmon, qaror) — Oliy hokimiyat chiqargan qonun kuchiga teng qaror.

Kommuna (fransuzcha – umumiy) — shaharning o‘zini-o‘zi boshqarish organi.

Ta’sis Majlisi — mamlakat hayotiga oid biror-bir muhim masalani hal etish uchun vakolat berilgan va shu tufayli parlament vazifasini ham bajaruvchi majlis.