Angliyaning dunyoda birinchi sanoat mamlakatiga aylanishi



Davlat tuzumi

XVIII asrda Angliya cheklangan monarxiya davlati edi. Davlat boshlig‘i qirol bo‘lib, hukumatni parlament saylovida g‘olib chiqqan ikki siyosiy partiyadan biri tuzar edi. Butun hokimiyat parlament qo‘lida edi. Parlamentning Jamoalar palatasida tori va vigilar partiyalari faoliyat ko‘rsatardi.

Torilar qirolning huquq va manfaatlarini himoya qilgan hamda mavjud tartiblar buzilmasligi uchun kurashgan.

Vigilar esa parlament huquqlarini himoya qilar edi. Mamlakatda muhim iqtisodiy va siyosiy islohotlar o‘tkazilishi tarafdori edi.

1707-yilda parlament Angliya va Shotlandiya o‘rtasidagi uniyani qonunlashtirdi. Endi mamlakat Buyuk Britaniya deb ataladigan bo‘ldi. 1716-yilda parlament vakolati 6 yil etib belgilandi. Shu tariqa mamlakatda professional, doimiy ishlaydigan parlamentga asos solindi.


Tashqi siyosat

Bu davrda Buyuk Britaniya tashqi siyosatini ikki asosiy yo‘nalish belgilab bergan. Ularning birinchisi – Yevropa qit’asida hech qaysi davlatning kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Ikkinchisi – yangi-yangi mustamlakalar egallash edi.

XVIII asrda Buyuk Britaniyaning asosiy raqibi Fransiya bo‘ldi. Ikki davlat o‘rtasida ispan taxti tufayli kelib chiqqan urush (1701–1714) Buyuk Britaniya uchun foydali sulh tuzilishi bilan yakunlandi. Unga ko‘ra, Gibraltar Buyuk Britaniyaga o‘tdi.

XVII–XVIII asrlarda Shimoliy Amerikada 13 ta mustamlaka shtatlari tuzildi va ular qirol tayinlagan gubernatorlar tomonidan boshqarildi.

1763-yilda Fransiya Kanadadan ham siqib chiqarildi. Ayni paytda Hindistonning bir qismi ham Buyuk Britaniyaning mustamlakasiga aylantirildi.


Qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlar

Buyuk Britaniya qishloq xo‘jaligida ham tub o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, barcha yerlar yirik mulkdorlar qo‘lida to‘plandi. Qishloq xo‘jaligida faqat yollanma mehnat qo‘llaniladigan bo‘ldi. Dehqonlar sinf sifatida butunlay barham topdi. Yer egalari (lendlordlar) yerlarini yirik tadbirkor (fermer)larga ijaraga berardi. Butun xo‘jalikni ular yuritgan. Yerga ishlov berish uchun yollanma ishchilardan foydalangan.


Sanoat

Sanoat – mamlakat xo‘jaligini mashina texnikasi asosida xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va yerosti boyliklarini qazib olish bilan shug‘ullanuvchi tarmog‘i. Shu tarmoqni tashkil etuvchi korxona (zavod, fabrika, elektrostansiya, shaxta, kon)lar yig‘indisidir. Sanoat industriya deb ham ataladi.

Sanoat og‘ir va yengil sanoatga bo‘linadi. Og‘ir sanoat deganda, sanoatning ishlab chiqarish qurollari va vositalarini ishlab chiqaradigan tarmog‘i tushuniladi. Bunga sanoatning mashinasozlik, metallurgiya, energetika, kimyo, neft kabi turli tarmoqlarini misol qilib keltirish mumkin.

Yengil sanoat esa sanoatning keng iste’mol buyumlari ishlab chiqaradigan tarmog‘idir. Masalan, oziq-ovqat, kiyim-kechak, gazlama mahsulotlari ishlab chiqarish bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Sanoat bugungi kunda shunday ko‘rinishga ega. U XVIII asrda qanday edi? Sanoat to‘ntarishi qay tariqa ro‘y berdi va uning oqibatlari nimalarga olib keldi?


Sanoat to‘ntarishi uchun shart-sharoitning yetilishi

Sanoat to‘ntarishi – qo‘l mehnatiga asoslangan manufaktura ishlab chiqarishidan mashinalar keng qo‘llaniladigan fabrika-zavod ishlab chiqarishiga o‘tish. XVIII asr o‘rtalarida Buyuk Britaniyada sanoat to‘ntarishi yuz berishi uchun barcha shart-sharoitlar mavjud edi.

Birinchidan, qishloq xo‘jaligi sohasida o‘tkazilgan islohot ortiqcha ishchi kuchini vujudga keltirdi. O‘z navbatida, ortiqcha ishchi kuchi shaharlarga ketib sanoatda yollanib ishlashga tayyor edi.

Ikkinchidan, tovar sotish bozori shakllandi. Qolaversa, mamlakat aholisi va shaharlar soni tobora ortib bordi.

Uchinchidan, boyib qolgan burjuaziya fabrikalar qurish va ularda texnikani qo‘llash imkoniga ega bo‘ldi. Chunki burjuaziya mamlakatda yer oldi-sotdisi va mustamlakalardan kelayotgan boylik hisobiga katta sarmoya to‘plab olgan edi. Shu tariqa mashinalar ixtiro qilish hayotiy zaruratga aylandi.

1761-yilda “San’at va sanoatni rivojlantirish jamiyati”ning yigiruv mashinasini ixtiro qilgan kishiga katta mukofot va’da qilgani bejiz emas edi.


Sanoat to‘ntarishining boshlanishi

Sanoat to‘ntarishi XVIII asrning ikkinchi yarmida dastlab to‘qimachilik sohasida boshlandi. Bunga sex ishlab chiqarishining barham topgani va sifatli matolarga talabning tobora ortib borishi sabab bo‘ldi. Bu talabni faqat mashinalar yordamidagina qondirish mumkin edi. 1733-yilda mexanik va to‘quvchi Jon Keyning to‘quv dastgohini ixtiro qilishi bu talabning birinchi aks-sadosi bo‘ldi. Ungacha to‘quvchi g‘altak iplari orasidan o‘rmakni o‘zi o‘tkazib turishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, endi bu ish oyoq qurilmasini bosib turish orqali bajariladigan bo‘ldi. Ixtiro mehnat unumdorligini ikki marta orttirishga imkon berdi.

“Jenni” mexanik ip yigirish mashinasi.

Jamiyatda endi yigirilgan ip tanqisligi ham yuzaga keldi. Bu muammoni 1765-yilda Jeyms Xargrivs hal etdi. U biryo‘la 15–18 yigirgich ishlaydigan mexanik urchuq ixtiro qildi. Bu ixtironi qizining nomi bilan “Jenni” deb atadi. Ixtiro arzon va ishlatilishi juda oson bo‘lgani uchun tezda shuhrat topdi. 1767-yilda duradgor Xeys tomonidan charxpalak bilan harakatga keltiriladigan yigiruv mashinasi yaratildi. Yigiruvdagi yutuqlar mexanik to‘quv dastgohi yaratilishiga turki bo‘ldi. Edmund Katrayt tez orada bunday dastgohni yaratishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu dastgoh mehnat unumdorligining 40 marta oshishiga imkon berdi. Shu tariqa mashinali ishlab chiqarishning butun bir tizimi – fabrikalar paydo bo‘ldi.

1774-yilda Jon Uilkinson cho‘yan bo‘lagi markazidan o‘q chiqadigan teshik ochishga imkon beruvchi tokarlik dastgohi ixtiro qildi. Bu ixtiro zamonaviy to‘p yasashga ham xizmat qildi.

1775-yilda Jeyms Uatt tomonidan bug‘ mashinasining yaratilishi fabrika ishlab chiqarishining yanada rivojlanishiga olib keldi.

1779-yilda dunyoda birinchi cho‘yan ko‘prik qurildi. Ko‘prikning qismlari bir-biriga birinchi marta boltlar bilan ulandi. Bunday ko‘priklar daryolar ustiga qurila boshlandi.

1784-yilda T.Modslining tokarlik dastgohini ixtiro qilishi nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Tez orada cho‘yan olishning va uni quyishning yangi usullari yaratildi. Bu ixtiro Abraxam Darbining toshko‘mirdan koks olishni ixtiro qilishi bilan bevosita bog‘liq edi. A.Darbi pechga tashlangan toshko‘mir uyumini toki u mayda, yaltiroq, qattiq zarrachaga aylanmagunicha sekinlik bilan qizdirgan. Natijada mayda uyumlar sekin yonib, bir-biriga yopishib koksga aylangan. So‘ng Darbi pechga yuboriladigan havo hajmini oshirgan va pechda yuqori harorat – issiqlik hosil bo‘lgan. Unda cho‘yan bemalol suyultirilgan va turli shakldagi buyumlar quyilgan.

Sanoat to‘ntarishi oqibatida manufaktura o‘rnini fabrika-zavod ishlab chiqarishi egallay bordi. Mehnat unumdorligi tez sur’atlar bilan o‘sa boshladi.
Ayni paytda aholi tarkibida yangi qatlamlar – yollanma ishchilar va sanoat burjuaziyasi shakllandi. XVIII asr oxiriga kelib Buyuk Britaniya dunyoning birinchi sanoat mamlakatiga aylandi. Buyuk Britaniyada kapitalistik jamiyat shiddat bilan rivojlana bordi.

Professional parlament – deputatlari doimiy ishlaydigan, asosiy vazifasi qonun yaratishdan iborat bo‘lgan parlament.

Siyosiy partiya – davlat hokimiyatini boshqarish huquqini saylov yo‘li bilan qo‘lga kiritish uchun kurashuvchi yoki bu sinf va qatlamning ilg‘or, ongli, uyushgan qismini birlashtirgan tashkilot.

Uniya – yagona birlik.