Mutlaq monarxiya.
Mutlaq monarxiya (absolutizm) – davlat hokimiyatining huquqi hech qanday qonun bilan cheklanmagan yagona bir shaxs – monarx qo‘lida to‘planishidir.
Boshqaruvning mutlaq monarxiya shakli siyosiy tarqoq mamlakatni yagona markaziy hokimiyat qo‘l ostida birlashtirish natijasida vujudga keldi. Mutlaq monarxiya mamlakat tarqoqligiga barham berdi. Chunonchi, qirol Genrix VIII Tyudor (1509–1547) hali ham mustaqilligini saqlab qolgan ayrim shimoliy grafliklar va Uelsga yurish qilib, butun mamlakatni birlashtirdi.
Aynan mutlaq monarxiya feodallarning o‘zaro ichki kurashlariga barham berdi. Tyudor feodallar qo‘shinlarini tarqatib yubordi.
Bo‘ysunishni istamagan feodallarning qo‘rg‘onlari yer bilan yakson qilindi.
Isyonchilarning yerlari tortib olindi va qirollik mulkiga qo‘shib yuborildi.
Shaharning huquqlari cheklab qo‘yildi. Toifaviy-vakillik organi bo‘lmish parlament butunlay bo‘lmasa-da, o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Yangi soliqlar joriy etish masalasidagina parlament roziligining shartligi belgilab qo‘yildi.
Angliya qirollari veto huquqiga ega edi. Bu huquq ularga parlamentning har qanday qarorini taqiqlay olish imkonini berardi. Mamlakat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishini parlament emas, tarkibini qirol tuzadigan Maxfiy Kengash belgilar edi.
XVI asrning Angliya tarixidagi o‘rni.
XVI asr Tyudorlar sulolasi asri bo‘ldi. Bu yuz yillik Angliya tarixida chuqur iz qoldirgan uch yirik tarixiy hodisa bilan ajralib turardi. Bular – Reformatsiya, mutlaq monarxiyaning kuchayishi va dengizda Angliyaning Yevropadagi eng qudratli davlatlardan biriga aylanganidir.
Angliyada Reformatsiya qirol Genrix VIII hukmronligi davriga to‘g‘ri keldi va xalqning talabi bilan emas, balki qirolning xohish va irodasi bilan amalga oshirildi.
Genrix VIII qirol hokimiyatini yanada mustahkamlash uchun cherkovni yer va boshqa mol-mulklardan mahrum etish haqida farmon chiqardi. Ularga qarashli bo‘lgan yerlarning 2/3 qismi sotib yuborildi. Angliyada protestantlik ta’limotiga amal qiluvchi cherkov anglikan chekovi deb ataldi. Qirol cherkov boshlig‘i deb e’lon qilindi. Rim Papasi hokimiyati inkor etildi.
Kontrreformatsiya.
Genrix VIII ning qizi Mariya hukmronligi davrida (1553–1558) kontrereformatsiya o‘tkazishga urindi. U cherkov boshlig‘i ekanidan foydalanib, protestantlikni shakkoklik deb e’lon qildi va katolik cherkovini tiklashga kirishdi.
Mariya parlamentning Angliyada Rim Papasi hokimiyatini qayta tiklash haqidagi qaror chiqarishiga erishdi. Ayni paytda shakkoklikka qarshi o‘rta asrlar qonunlari qayta tiklandi. Mamlakatda qatag‘on boshlandi, katolik cherkovi dushmanlari olovda yondirildi. Shunday sharoitda ko‘pchilik protestantlar Germaniya va Shveytsariyaga qochib ketib jon saqladi.
Mariyaning qatag‘on siyosati mamlakatda norozilikni kuchaytirib yubordi.
Hukmron tabaqalar endi Genrix VIII ning boshqa qizi Yelizavetani qirollik taxtiga o‘tqazishga qaror qiladi.
Angliya Yelizaveta hukmronligi davrida (1558–1603).
Yangi qirolicha ajoyib shaxsiy sifatlar, kuchli iroda va qobiliyatga ega edi.
Yelizaveta I protestantlikni davlat dini deb e’lon qildi. Qirolichaning o‘zi “Cherkov va dunyoviy ishlarning oliy hukmdori” unvonini oldi.
Cherkov ibodatlari endi xalqning katta qismiga tushunarsiz bo‘lgan lotin tilida emas, balki ingliz tilida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Yelizaveta I ning asosiy vazifalaridan biri mamlakat yaxlitligini mustahkamlash edi.

Qirolicha Yelizaveta I
Dengiz hukmronligi uchun kurash.
Angliyaning bu davrdagi ashaddiy dushmani katolik Ispaniyasi edi.
Ispaniya qiroli Flipp II “shakkok” Angliya qirolichasi Yelizaveta I ga nafrat bilan qarardi. Gollandiyada Ispaniya zulmiga qarshi harakat boshlanganda Yelizaveta I bu jarayonni qo‘llab-quvvatladi. Natijada bu ikki davlat o‘rtasida 1588-yilda urush kelib chiqdi va unda Angliya g‘alaba qozondi.
789Bu mag‘lubiyatdan so‘ng Ispaniya o‘zini qayta o‘nglay olmadi. Angliya esa Yevropaning qudratli dengiz davlatlaridan biriga aylandi. Angliya uchun XVI asr ana shunday tarzda yakunlandi. Reformatsiya nihoyasiga yetdi. Yelizavetaning vafoti bilan Tyudorlar sulolasining hukmronligi ham barham topdi. Taxtga Syudorlar sulolasiga qarindosh, Shotlandiya qiroli Yakov Styuart Yakov I nomi bilan o‘tqazildi. Shu tariqa Angliyada Styuartlar sulolasi hukmronligi boshlandi.
Veto (lotincha – taqiqlayman) – davlat boshlig‘ining biror qonun yoki qarorni kuchga kirishidan to‘xtatib qolish huquqi.
Kontrreformatsiya – XVI–XVII asr o‘rtalarida Yevropada Rim Papasi rahnamoligida Reformatsiyaga qarshi qaratilgan diniy-siyosiy harakat.
Monarxiya (yunoncha – yakkahokimlik) – cheklanmagan huquqqa ega bo‘lgan yagona shaxs boshqaradigan davlat.