Angliyada fuqarolar urushi va uning oqibatlari




Fuqarolar urushining boshlanishi

Angliyada 1642-yilning yozida fuqarolar urushi boshlandi. Urush burjuaziya boshchiligidagi yangi tuzum tarafdorlari bilan qirol va katta yer-mulk egalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Burjuaziya qo‘lida bo‘lgan parlament bilan Shotlandiya o‘rtasida ittifoq tuzildi. Ikki tomonning birlashgan kuchi qirol qo‘shini ustidan g‘alaba qozondi. G‘alabada parlament qo‘shinining rahbari Oliver Kromvelning qo‘mondonlik mahorati katta rol o‘ynadi.

Ayni paytda parlament o‘z qo‘shinini mustahkamlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qaror natijasida parlament intizomli va yaxshi harbiy tayyorgarlik ko‘rgan qo‘shinga ega bo‘ldi. 1645-yilning 14-iyunida Neybzi qishlog‘i yaqinidagi hal qiluvchi jangda qirol qo‘shini tor-mor etildi. Qirolning o‘zi esa qochib ketdi. 1646-yilda qirol yashiringan Oksfordning taslim bo‘lishi bilan fuqarolar urushi tugadi. Bu urushda parlament to‘la g‘alaba qozondi. Parlament hokimiyatni qo‘lga olgach, qator islohotlar o‘tkazdi. Jumladan, yangi zodagonlar feodal to‘lovlardan ozod etildi. Ularning qo‘lidagi yer-mulklar o‘zlariga xususiy mulk qilib berildi. Savdogarlar savdo ishlarini ruxsatnomasiz yuritadigan bo‘ldi. Qirol va uning tarafdorlari va yepiskoplarning yerlari musodara qilindi. Cherkov parlamentga bo‘ysundirildi.

Oliver Kromvel


Respublikaning tashkil etilishi

1649-yilda parlament qirollik hokimiyatini “keraksiz, xalq farovonligi uchun zararli va xavfli” deb hisoblab, bekor qiladi. Lordlar palatasi ham tarqatib yuborildi. 1649-yil 19-may kuni esa Angliya Respublika deb e’lon qilindi.
Barcha hokimiyat to‘laligicha o‘zini “Ingliz ozodligining asrovchisi” deb hisoblovchi bir palatali parlament qo‘liga o‘tdi. Ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi Kengash tuzildi. Oliver Kromvel Kengash rahbari etib tayinlandi.
Kromvel Angliya hududini kengaytirish siyosatini yuritdi. Shu maqsadda 1649-yilda Irlandiyani, biroz fursatdan so‘ng Shotlandiyani bosib oldi. Ularning mustaqilligi tugatildi.


Harbiy diktaturaning o‘rnatilishi

Inqilobdan so‘ng parlament mamlakatda fuqarolar totuvligini ta’minlay olmadi. Bunga aholining quyi tabaqalari manfaatlarini hisobga olmaslik hamda narx-navoning o‘sishi va ommaviy ishsizlik sabab bo‘ldi. Parlament o‘z obro‘sini yo‘qota boshladi. Shunday sharoitda hukmron tabaqalar mamlakatdagi tartibsizliklarga barham bera oladigan kuchli shaxsning yakka hokimiyati o‘rnatilishi zarur, degan qarorga keladi. Hukmron tabaqa fikricha, Kromvel ana shunday shaxs edi.

1653-yilda hukmron tabaqaning xohish-istagi bilan Kromvel “Ozod davlat Angliya, Shotlandiya va Irlandiyaning Lord-protektori” deb e’lon qilindi. Bu mamlakatda amalda Kromvelning harbiy diktaturasi o‘rnatilganini anglatar edi. Ayni paytda u parlamentning yangi zodagonlar va burjuaziya manfaatlarini himoya qiluvchi barcha qarorlarini o‘z kuchida qoldirdi. Kromvel vijdon erkinligini ham e’lon qildi. Bu uning eng katta xizmatlaridan biri edi.

Kromvelning tashqi siyosati ham hukmron tabaqalar manfaatlariga to‘la mos kelardi. Chunonchi, 1654-yilda dengiz savdosidagi asosiy raqib – Gollandiyaning mag‘lubiyatga uchratilishi, keyinchalik Ispaniya ustidan g‘alaba qozonishi buning yorqin dalillari bo‘ldi. Bu g‘alabalardan so‘ng Kromvel haqida manbalarda: “Qit’aning kalitlari uning belida osig‘liq”, degan jumlalar ham qayd etildi.


1688-yilgi saroy to‘ntarishi

1658-yilda Kromvel vafot etdi. Yangi zodagonlar va burjuaziya mamlakatda Respublika tuzumidan norozi katta yer egalari kayfiyatini ham hisobga olib monarxiyani qayta tiklashga qaror qildi. Bo‘lajak monarx oldiga inqilob natijasida yangi zodagonlar va burjuaziya qo‘lga kiritgan imtiyozlarni tan olish hamda parlament bilan kelishib ishlash shartini qo‘ydi. Shu tariqa o‘zaro kelishuvga ko‘ra 1660-yilda monarxiya qayta tiklandi. Taxtga qatl etilgan qirol Karl I ning o‘g‘li Karl II o‘tqazildi.

Biroq vaqt o‘tishi bilan u inqilob qatnashchilarini ta’qib etish, ularning yer-mulklarini tortib olish siyosatini yurita boshladi. Hatto parlamentni bir necha bor tarqatib ham yubordi. Bir so‘z bilan aytganda, u mamlakatda qirolning mutlaq hokimiyatini tiklashga urindi.

1685-yilda uning o‘rnini egallagan ukasi Yakov II esa mamlakatda katolik dinini tiklashga kirishdi. Bu esa aholi o‘rtasida keskin norozilikni vujudga keltirdi. Burjuaziya va yangi zodagonlar bunday sharoitda Yakov II ni taxtdan mahrum qilishdi va uning kuyovi – Gollandiya hukmdori Vilgelm III van Oran’yeni Angliya taxtiga o‘tqazishga qaror qiladi. Vilgel III protestant edi. Uning Angliya taxtiga o‘tirishi mamlakatda katolik dinining kuchayish xavfini butunlay bartaraf etardi.

1688-yilda Vilgelm III o‘z qo‘shini bilan Londonga kirib keldi va Angliya taxtiga o‘tqazildi. Yakov II esa Fransiyaga qochib ketdi. Shu tariqa Angliya tarixida “Sharafli inqilob” deb atalgan saroy to‘ntarishi amalga oshirildi. Bu to‘ntarish uzoq davom etgan qirol va parlament o‘rtasidagi o‘zaro kurashga chek qo‘ydi. Vilgelm III parlament shartlariga rozi bo‘lgani tufayligina taxtni egallay oldi. Parlament qirolga “Huquqlar deklaratsiyasi” deb nomlangan hujjatni taqdim etdi. Hujjatda parlament, qirol hamda hukumatning huquq va majburiyatlari yozilgan edi. Qirol bu hujjatni imzoladi. Unga ko‘ra, qirol qo‘shin, sud va mamlakat moliyasi ustidan bo‘lgan hukmronlikdan mahrum bo‘ldi. Shu tariqa parlamentning g‘alabasi bilan ikki tomon o‘rtasidagi kurashga chek qo‘yildi. Angliyada kuchli parlamentli cheklangan monarxiya tuzumi o‘rnatildi.


Angliya burjua inqilobining tarixiy ahamiyati

Inqilob mutlaq monarxiyani yo‘q qildi. Angliyada bozor munosabatlariga asoslangan yangi kapitalistik jamiyat to‘la qaror topishi uchun sharoit yaratildi. Natijada sanoat ishlab chiqarishining gurkirab rivojlanishiga to‘siq bo‘lib turgan hunarmandlarning sex birlashmalari yo‘q qilindi. Sanoat to‘ntarishi uchun qulay sharoit yuzaga keldi. Aholi tarkibida yangi qatlam – sanoat burjuaziyasi va yollanma ishchilar sinfining shakllanishiga yo‘l ochildi.
Inqilob qishloq xo‘jaligida ham bozor munosabatlarining tez rivojlanishini ta’minladi. Inqilob natijasida parlamentning yetakchi o‘rin egallashi lozimligi, qonun oldida barcha fuqarolarning tengligi g‘oyasi Yevropaning boshqa mamlakatlari aholisining ilg‘or qismini ham to‘lqinlantira boshladi. Vijdon erkinligi — har bir fuqaroning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqi.

Deklaratsiya (lotincha – ma’lum qilaman) — hukumatning, biror tashkilotning muhim bir hujjatni, qonunni, voqeani ko‘pchilik e’tiboriga yetkazuvchi bayonoti.

Diktatura (lotincha – cheklanmagan hokimiyat) — Hokimiyatning bir shaxs yoki shaxslar guruhi qo‘lida to‘planishi. Siyosatda zo‘ravonlik va terrorga tayanilishi.

Protektorat (lotincha – homiy, himoyachi) — mustamlaka qaramligi shakllaridan biri. Protektorlik qiluvchi davlat o‘ziga qaram davlatga ayrim ishlar bo‘yichagina mustaqillik beradi. Ichki ishlar bo‘yicha maslahatchi yoki rahbar tayinlaydi.