Angliyada burjua inqilobining boshlanishi




Angliya inqilob arafasida

XVI asr Angliya uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Angliyaning qudratli dengiz davlatiga aylangani chet el mamlakatlari bilan savdo-sotiq ishlarini tobora kengaytirib yubordi. London tashqi savdoda monopol huquqni qo‘lga kiritdi.
Natijada shaharda badavlat savdogarlar guruhi vujudga keldi. Ichki savdo ham rivojlandi. 1600-yilda Londonda birja ochildi. Qishloq xo‘jaligida ham bozor munosabatlarining qaror topishi tezlashdi. Bu omillarning barchasi katta mavqega ega bo‘lgan o‘rta tabaqaning shakllanishiga olib keldi. O‘rta tabaqa vakillari qirol hokimiyatini inkor etmagan. Aksincha, uning parlament bilan hisoblashishi tarafdori bo‘lgan. Burjuacha hayot tarzi – tejamkorlik, mehnatsevarlik va izlanuvchanlik jihatlari tobora chuqur ildiz otib bordi.


Inqilobning sabablari

Angliya qiroli mamlakat parlamenti va puritanlarga qarshi kurash boshladi.
Oqibatda vujudga kelgan qarama-qarshilik inqilobning asosiy sababiga aylandi. Qirol Yakov I ning maqsadi parlament mavqeyini yo‘qqa chiqarish va eski feodal tartiblarni saqlab qolish edi. Qirol mahsulot sifati yomonlashadi degan bahona bilan yangi ixtirolarni qo‘llashni taqiqlab qo‘ydi. Bu esa manufaktura ishlab chiqarishi rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Hukmdor tabaqa, davlat amaldorlari o‘rtasida mamlakat xazinasini talon-toroj qilish kuchaydi.
Qirol hatto ba’zi tovarlarni ishlab chiqarish va sotish uchun ruxsatnomani tadbirkor va savdogarlarga xohlagan narxda sotar edi. Natijada savdogarlar xarajatlarni qoplash uchun narx-navoni oshirishga majbur bo‘ladi. Yakov I ning tashqi siyosatidan burjuaziyaning ham noroziligi kuchayib bordi. Bunga asosiy raqib – Ispaniya bilan murosasozlik qilinayotgani sabab bo‘ldi.

Karl I qirolligi davrida (1625–1649) ham vaziyat o‘zgarmadi. U jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlarni tushunish va ularni qabul qilishni istamadi. Aksincha, Karl I Fransiya monarxi kabi cheklanmagan huquqqa ega bo‘lishga intildi. Ayni paytda yangi kapitalistik jamiyat tarafdorlari ham qo‘l qovushtirib o‘tirmadi. Parlament amalda ularning qo‘lida edi. 1628-yilda parlament “Huquqlar to‘g‘risidagi bill” va “Huquqlar to‘g‘risidagi petitsiya”ni qabul qildi. Bu ikki hujjat qirolga parlament roziligisiz birorta yangi soliq joriy etmaslik va sudning ruxsatisiz qamoqqa olishlarni taqiqlash majburiyatini yukladi. Bunga javoban qirol parlamentni tarqatib yubordi. Shu tariqa mamlakatda qirolning yakka hokimiyati o‘rnatildi.

Burjuaziya vakillari, savdogarlar, yangi zodagonlar, hurfikr dindorlar ham davlat ishlaridan chetlatildi. Mamlakatda senzura kuchaydi. Mavjud siyosiy raqiblar sud ta’qibiga duchor bo‘ldi. Natijada ko‘plab fuqarolar boshqa davlatlarga chiqib ketadi. Qirol o‘z tarafdorlariga ichki va tashqi savdoda katta huquqlar berdi. Bu siyosat narx-navoning ko‘tarilishiga olib keldi.

Bundan savdogarlar, yangi zodagonlar, hunarmandlar va barcha oddiy kishilar jabr ko‘radi. Buning ustiga, shu orada Shotlandiya Angliyaga hujum qildi. Bu voqea esa vaziyatni yanada og‘irlashtirib yubordi. Yuqorida qayd etilgan barcha omillar Angliyada inqilob yuz berishini muqarrar qilib qo‘ydi.


Inqilobning boshlanishi

Shunday sharoitda qirol muxolafatning talabi bilan parlamentni chaqirishga majbur bo‘ldi. 1640-yilning noyabrida parlament ish boshladi. Bu sana Angliya burjua inqilobining boshlanish kuni bo‘ldi. Parlament “Jamoalar palatasi” a’zolarining katta qismini eski tuzumga qarshi tabaqa vakillari tashkil etdi. Parlament birinchi navbatda favqulodda sudlarni tarqatib yubordi. Cherkov sudi ruhoniy bo‘lmagan shaxslarni sud qilish huquqidan mahrum etildi. Qirol huzuridagi “Maxfiy kengash”ning Oliy sudni amalga oshirish vakolati bekor qilindi. Siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarildi.
Matbuot erkinligi bekor qilindi. Qonunsiz to‘lov va jarimalar bekor qilindi.
Qirol parlamentning “Jamoalar palatasi” a’zolari roziligisiz tarqatmaslik to‘g‘risidagi qonunni imzolashga majbur bo‘ldi.

Karl I o‘zi istamagan holda rozilik berishga majbur bo‘ldi, biroq u qulay fursat poylardi.

Nihoyat 1642-yilda Karl I bilan parlament o‘rtasida uzil-kesil ajralish ro‘y berdi. Bu voqeaga qirolning isyonkor parlamentni jazolash va muxolafat rahbarlarini hibsga olish haqidagi qarori sabab bo‘ldi.

Shunday sharoitda Londonning yuz ming aholisi parlamentni himoya qilib ko‘chaga chiqdi. Yangi zodagonlarning 5 ming kishilik qurollangan guruhi Londonga yuborildi. Bu omillar qirolni chekinish va Londondan qochib ketishga majbur qildi. Shu tariqa Angliya ikki dushman lagerlarga bo‘lindi.

Bill (inglizcha) — Qonun loyihasi, Konstitutsiyaga tenglashtirilgan hujjatlarning nomi.

Birja (nemischa – hamyon) — tovar va qimmatbaho qog‘ozlarning ulgurji savdosi bozori.

Muxolafat (arabcha – kelishmovchilik, munosabatlarning teskarilashuvi) — amaldagi hukumatning siyosati bilan kelishmay boshqacha faoliyat yuritish tarafdorlari.

Petitsiya (lotincha) — oliy davlat yoki hukumat boshlig‘iga ko‘pchilik tomonidan birgalikda beriladigan rasmiy ariza, iltimosnoma.

Siyosiy mahbus — mavjud tuzum yoki hukmdorga qarshiligi uchun qamoqqa tashlangan shaxs.

Favqulodda sud — alohida voqealar, hodisalar yoki sharoit talabi bilan joriy etiladigan sud.

Senzura (lotincha – ro‘yxatga olaman) — mavjud hokimiyat siyosatiga zid bo‘lgan g‘oya va ta’limotlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va uni cheklash maqsadida matbuot ustidan o‘rnatiladigan davlat nazorati.

Puritanlar — Angliyada protestant anglikan cherkovi deb atalgan. Cherkovni katolik qoldiqlaridan tozalash uchun kurashganlar esa puritanlar deyilgan.
Puritanlar Xudoga emas, qirolga xizmat qilayotgan cherkovga qarshi bo‘lgan. Shuningdek, qirol parlament bilan hisoblashishi lozim degan fikrda bo‘lgan.