Shimoliy Amerika
Buyuk Britaniyaning mustamlakasi bo‘lgan Shimoliy Amerikada XVIII asrning o‘rtalaridan boshlab yagona ichki bozor shakllana boshladi, savdo aloqalari rivojlandi. Ayni paytda Amerikaga yevropaliklarning ko‘chib kelishi boshlangan davrdan keyingi ikki asr davomida kelganlarning yagona tarixiy taqdiri ham yuzaga keldi. Chunonchi, ingliz tili umumiy tilga aylandi. Yevropadan ko‘chib kelganlar endi o‘zlarini “amerikalik” deb atay boshlaydi.
Amerikaliklarning o‘ziga xos turmush tarzi ham shakllandi. Hududning umumiyligi, mustamlakalarning iqtisodiy va xo‘jalik manfaatlari, til va dinning yagonaligi yangi xalq – amerika xalqining shaklanishiga olib keldi.
Mustaqillik uchun kurash
Ayni paytda Buyuk Britaniya qirollik hukumati mustamlakalardan olinadigan daromadni yanada ko‘paytirishga urindi. Bu esa Buyuk Britaniya bilan mustamlaka shtatlar o‘rtasidagi nizoni tobora kuchaytira boshladi. 1763-yilda qirol mustamlakalardagi yevropaliklarning Amerika g‘arbiga siljishini taqiqlovchi qaror chiqardi. Bu qaror mahalliy hindular bilan urush kelib chiqishining oldini olishi kerak edi. Mamlakat g‘arbida juda ko‘p yerlar bo‘sh yotardi. Ko‘chib borgan yevropaliklar qirol hukumatining taqiqlov qarorini o‘zlarining haq-huquqlarini nazar-pisand qilmaslik, deb qabul qiladi.
1765-yilda amerikalik inglizlar Buyuk Britaniyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashish maqsadida “Ozodlik farzandlari” deb ataluvchi tashkilot tuzadi.
Bu tashkilot Buyuk Britaniyadan olib kelinayotgan ingliz tovarlarini boykot qilish harakatini boshqarib turdi. Bunga javoban Buyuk Britaniya hukumati mustamlakalar savdo portlarini yopib qo‘ydi. Bu hol mustamlaka shtatlar iqtisodiy ahvolining yomonlashishiga olib keldi.
Mustaqillik uchun urushning boshlanishi
1774-yilda 13 shtat vakillari Filadelfiya shahrida I Kontinental Kongressga yig‘ilishdi. Kongress Buyuk Britaniyaning majbur etuvchi qonunlariga itoat etish majburiy emasligi haqida qaror qabul qildi. Qirol hukumati mustamlakalar bilan kelishuv yo‘lini izlash o‘rniga ularni taslim etish siyosatini yuritdi. 1775-yilda qirol qo‘shinlari mustamlakalarga qarshi urush harakatlarini boshladi. Shunday sharoitda Filadelfiya shahrida II Kontinental Kongress chaqirildi. Kongress qatnashchilari urush boshlashga ovoz berdi. Virginiyalik polkovnik Jorj Vashington (1732–1799) Amerika Qurolli Kuchlarining Bosh qo‘mondoni etib tayinlandi. Shu tariqa amerikaliklar uchun mustaqillik kurashi boshlanadi.

Jorj Vashington
Mustaqillik Deklaratsiyasi
1776-yilda Kongress Buyuk Britaniyadan ajralishga va mustaqil davlat tuzishga chaqiruvchi qaror qabul qildi. Bu qarorni rasman e’lon qiluvchi Bayonotnoma ham tayyorlandi. 1776-yilning 4-iyulida e’lon qilingan bu hujjat “Mustaqillik Deklaratsiyasi” deb ataldi.
Uning muallifi Amerika mustaqillik kurashining mashhur arboblaridan biri Tomas Jefferson edi. Deklaratsiya yangi davlat – Amerika Qo‘shma Shtatlarining tuzilganini butun dunyoga ma’lum qildi. 1776-yil 4-iyul Amerika Qo‘shma Shtatlarining Mustaqillik kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.
Amerika inqilobining xarakteri va o‘ziga xos xususiyatlari
Mustaqillik kurashi bir paytda burjua inqilobi ham edi. Bu inqilob, birinchidan, milliy mustaqillikni ta’minladi. Ikkinchidan, bozor munosabatlarining rivojlanishiga g‘ov bo‘layotgan mustamlakachilik to‘siqlarini olib tashladi. Inqilobga burjuaziya va plantator – quldorlar boshchilik qildi. Xalq ommasi esa uning harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi. Amerika burjua inqilobining o‘ziga xos xususiyati milliy-ozodlik kurashi shaklida o‘tganida edi.
Yevropa davlatlarining urushga munosabatlari
AQSH mustaqillik urushi davrida chet el davlatlari madadiga ham tayandi.
1776-yilda Benjamin Franklin Fransiyaga elchi sifatida jo‘natildi. Fransiyaning asosiy maqsadi o‘zining azaliy va xavfli dushmani bo‘lgan Buyuk Britaniyani zaiflashtirish edi. Shu tufayli Fransiya vaqtni boy bermay AQSHga yordam ko‘rsata boshladi. Hatto bu ikki davlat o‘rtasida “Do‘stlik va Tijorat bitimi”, keyinroq esa “Ittifoq Shartnomasi” imzolandi. Buyuk Britaniyaning zaiflashuvidan Ispaniya va Rossiya ham manfaatdor edi. Shuning uchun ham ular AQSHga nisbatan do‘stona yo‘l tutishdi. Bu esa AQSHga ham harbiy, ham moddiy, ham ma’naviy madad bo‘ldi.
Urushning tugallanishi
AQSH va Fransiya qo‘shinlari Buyuk Britaniya asosiy kuchlarini taslim etdi. Natijada Buyuk Britaniya muzokaralar boshlashga majbur bo‘ldi. Shu tariqa urush tugadi. Tinchlik muzokaralari Parij shahrida o‘tkazildi. Nihoyat 1783-yilda AQSH va Buyuk Britaniya o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, Buyuk Britaniya AQSH davlatining tuzilgani, mustaqilligi va suverenitetini tan oldi.
Davlat tuzumi
1787-yilda AQSH Konstitutsiyasi qabul qilindi. Konstitutsiya AQSHda respublika tuzumini o‘rnatdi. Ijro etuvchi hokimiyatni 4 yil muddatga saylanadigan Prezident boshqaradigan bo‘ldi.
Prezident keng vakolatlar (armiya va flotning Oliy bosh qo‘mondoni, xalqaro shartnomalar tuzish, barcha vazirlarni lavozimiga tayinlash hamda ozod qilish va hokazo)ga ega bo‘ldi. 1789-yilda Jorj Vashington AQSHning birinchi Prezidenti etib saylandi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatning ikki palatali Kongress tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Yuqori palata “Senat”, quyi palata esa “Vakillar palatasi” deb ataldi. Senatga har bir shtatdan ikki kishi, Vakillar palatasiga esa deputatlar shtatlar aholisining soniga mos ravishda saylanardi.
AQSH Oliy sudiga mamlakat qonunlari va Prezident farmonlarining Konstitutsiyaga mos kelishini nazorat qilib borish huquqi ham berildi.
Amerika inqilobining tarixiy ahamiyati
Bu inqilob tufayli yangi mustaqil davlat – Amerika Qo‘shma Shtatlari tashkil topdi.

AQSH Konstitutsiyasining qabul qilinishi.
Inqilob mamlakatda erkin raqobatga, iqtisodiy hayotda tashabbusga, faollik va ishbilarmonlikka keng yo‘l ochib berdi. Bu esa qisqa tarixiy davr ichida o‘rta tabaqaning shakllanishini muqarrar qilib qo‘ydi. Inson baxt-saodatining asoslaridan birini o‘z mulkidan erkin foydalanish huquqi tashkil etadi. AQSHda fuqarolar ana shunday huquqqa erishdi. Ayni paytda AQSHning janubiy shtatlarida plantatsiya qulchiligi tugatilmay qoldi. Shunga qaramay, Mustaqillik Deklaratsiyasi va AQSH Konstitutsiyasi Yevropa ilg‘or tafakkurining taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Boykot (inglizcha – chora) — biror-bir davlat yoki korxona tovarlarini xarid qilishdan voz kechish.
Kontinental Kongress (qit’a Kengashi) — AQSHda mustaqillik urushi davrida Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshirgan organ.
Davlat suvereniteti (fransuzcha – oliy hokimiyat) — hokimiyatning mamlakat ichida oliyligi va tashqi munosabatlarda to‘la mustaqilligi.
Yagona ichki bozor — bir xil o‘lchov (metr), og‘irlik (kg) va yagona pul birligining qaror topgani.