Yuz yillik urush va uning sabablari
Angliya va Fransiya o‘rtasida XIV asrning 30-yillarida boshlangan urushlar tanaffuslar bilan yuz yildan ortiq davom etib, tarixda «yuz yillik urush» nomini (1337–1453) olgan.
Filipp IV ning o‘limidan so‘ng taxtga da’vogar erkak zurriyod qolmaydi. X asrdan buyon davom etayotgan Kapetinglar vorisi deb Valualar oilasi tan olinadi. Ammo inglizlar qiroli Eduard III, Filipp IV ning qizidan nabirasi, o‘zini har qanday valualardan taxtga haqliroq deb e’lon qiladi.

Yuz yillik urush jangchilari.
Vorislik haqidagi bahs qurol yordamida yechila boshlanadi. Fransiya qiroli 1337-yilda inglizlarning mamlakat janubidagi akvitaniya yerlarini o‘z tasarrufiga olganini e’lon qiladi. Bunga javoban Eduard III Fransiyaga qarshi urush boshlaydi.
Urushning borishi
Angliya va Fransiya urushi tez orada umumyevropa mojarosiga aylanadi. Yevropaning barcha hududlaridan ritsarlar kelib yo inglizlar, yo fransuzlar xizmatiga o‘ta boshlaydi. Inglizlar Fransiya dengiz flotini 1340-yilda yengib, quruqlikda hujumga o‘tadi. Dastlabki yirik jang 1346-yilda Kresi yaqinida bo‘lib, unda fransiyaliklar qo‘shini mag‘lubiyatga uchraydi. Ingliz qo‘shinlarining intizomi, son jihatidan ustun bo‘lishi, puxta tayyorgarligi angliya ustunligini ta’minlaydi. Erkin dehqonlardan tuzilgan kamonchilar bo‘linmasi ham g‘alaba omillaridan biri bo‘ladi. Inglizlar qo‘shini qiroldan maosh olgan harbiy boshliqlar buyrug‘ini so‘zsiz bajargan. Fransiya qo‘shini alohida ritsarlik bo‘linmalaridan tashkil topgan bo‘lib, har bir ritsar mustaqil harakat qilgan. Qo‘shinda yagona boshqaruv va harbiy intizom bo‘lmagan.

Puate yaqinidagi jang.
1356-yilda Fransiyaning son jihatidan ikki baravar katta qo‘shini – Angliya shahzodasi Eduard bo‘linmasini ta’qib etib, unga Puate yaqinida yetib oladi.
Eduard, agar fransuzlar uni qo‘shini bilan o‘tkazib yuborishsa, barcha o‘lja va asirlarni, qo‘lga kiritgan qal’a va qasrlarini berishga tayyorligini bildiradi. Lekin Fransiya qiroli shahzodaning o‘z a’yonlari bilan asirlikka tushishga rozi bo‘lishini talab qiladi. Natijada Eduard jang qilishdan boshqa chora qolmaganiga ishonch hosil qiladi.
Jang davomida fransuzlarning birikmay harakat qilishi eng sara ritsarlar halokatiga sabab bo‘ladi. Fransiya qiroli Ioann Saxiy va o‘g‘li Filipp asirga tushadi.
Jakeriya qo‘zg‘oloni
Yuz yillik urush davomida soliqlardan ko‘proq dehqonlar aziyat chekkan. Ammo xo‘jayinlar «Sodda Jakning yelkasi keng, u hamma og‘irlikni ko‘taradi! deyishgan. Oddiy dehqonga nisbatan ish latiladigan laqab «Jak» keyinchalik qo‘zg‘olonning nomiga aylanadi.
Fransiyaning Bove okrugida 1358-yil may oyida boshlangan dehqonlar qo‘zg‘oloni tarixda «Jakeriya» nomini oladi. Qo‘shni viloyatlarga ham tarqalgan qo‘zg‘olonda yuz mingga yaqin kishi qatnashgan. Qo‘zg‘olonchilarning shiori «barcha zodagonlarni bitta ham qoldirmay qirib tashlash» edi. Bunga ularning dehqonlarga o‘tkazgan og‘ir zulmi sabab bo‘lgan. Qo‘zg‘olonchilar feodallar qal’alarini talab, soliq hujjatlarini, ro‘yxatlarini yondirib yuboradi. Ko‘p o‘tmay feodallar birlashib Gilom Kal boshchiligidagi qo‘zg‘olonni bostiradi. Qo‘zg‘olonning yana takrorlanishidan qo‘rqqan feodallar dehqonlarni to‘lov evaziga qaramlikdan ozod etishni tezlatadi.