Me’morchilik
Dastlab bino va hatto qasrlar yog‘ochlardan qurilgan. XI asrga kelib G‘arbiy Yevropada qurilish sohasi ham taraqqiy eta boshlaydi. Qurilishda toshdan keng foydalanishga o‘tiladi. Undan dastlabki ibodatxona va monastirlar barpo etiladi.
Qurilish toshlari bo‘lmagan Angliya va Polshada saroylar, ibodatxonalar pishiq g‘ishtdan qurila boshlaydi. Fransiya, Italiya va Germaniya me’morchiligida dastlab roman uslubi hukmron edi.
Roman ibodatxonasi tashqi tomondan qal’ani eslatadi.
Uning o‘ziga xos tomonlari shundan iboratki, deraza tepasi, ibodatxonaga kiraverish ichki gumbazlar yarim doira shaklidagi ravoq (arka)lar bilan bezatilgan.
Germaniyadagi Laax monastiridagi cherkov (XI asr) roman uslubining yorqin namunasidir.
An’anaga ko‘ra, ko‘rkam va ulug‘vor bosh cherkov binosi shahar markazida qurilgan. Bu maydon atrofidagi binolar gotika uslubida bunyod etilib, u me’morchilikdagi roman uslubini surib chiqaradi. Bu uslubda qurilgan imoratlar balandligi bilan farq qiladi.

Germaniya. Laax monastiri. XI asr (33-id- 98 p 117).
Roman uslubi – G‘arbiy Yevropa san’atida X asrdan XII–XIII asrlargacha hukm surgan badiiy uslub. Unda Qadimgi Rim me’morchiligi uslub va unsurlaridan keng foydalanilgan. Gotika uslubi – Gotika XII asr o‘rtalarida Shimoliy Fransiyada yuzaga keldi. XIII asr 1-yarmida yuksak darajada rivojlandi. O‘rta asrlarda Vizantiya va Arab me’morchiligi ham o‘zidan ajoyib inshootlar qoldirgan. Venetsiyadagi avliyo Mark ibodatxonasi va Dojlar saroyi Vizantiya uslubida bunyod etilgan. Ispaniyaning Sevilya shahrida masjid va al-Qasar qasri, Granadadagi al-Hamro saroylari arab me’morchiligi durdonalari hisoblanadi.
Haykaltaroshlik
Uning rivojlanishi bevosita me’morchilik bilan bog‘liq bo‘lgan. Cherkov va monastirlar binolari xudo, avliyolar va qirollar haykallari bilan bezatilgan. Haykallarning asosiy buyurtmachilari cherkov bo‘lgani sababli ularda diniy mavzu yuqori turgan. Eng ko‘p uchraydigan Bibi Maryam haykallari (Yevropada «Madonna» deb nomlanadi) o‘zida onaning farzandga mehr-muhabbatini ifodalagan.
Fransiya

Reyms ibodatxonasidagi Bibi Maryam haykali.(33-id- 99 p 118).
Tasviriy san’at
Roman uslubida qurilgan ibodatxonalar devorlari va shiplarini diniy mavzudagi suratlar bezab turgan. Gotika me’morchiligidagi cherkovlarda derazalar orasida rasmlar chizish uchun joy ham bo‘lgan. Shu sababli derazalarga oddiy oynalar o‘rniga vitrajlar – tiniq rangli shishalardan yasalgan surat yoki alohida bezaklar solingan. Parij. Shartr ibodatxonasi. Vitraj. Bibi Maryam chaqalog‘i bilan.

XII asr.
Kitoblarni bezash uchun tasviriy san’atning yangi yo‘nalishi – miniatyuralar ixtiro qilinadi. Ularda o‘rta asr kishilari hayotining turli manzaralari tasvirlangan. Vitrajlar va miniaturalarda dehqonlar va hunarmandlarning mehnat jarayonlari, jang manzaralari va boshqalar aks ettirilgan.
Miniatyura (fransuzcha, miniature; lotincha, minium – qizil bo‘yoq) – badiiy usullari o‘ta nafis bo‘lgan kichik hajmli tasviriy san’at asarlari. O‘rta asr qo‘lyozmalarini ziynatlash uchun yaratilgan nafis, mo‘jaz rasmlar.
Tabiat va insonga qiziqishning paydo bo‘lishi
Yangi madaniyat arboblari insonni o‘rganishni o‘zlarining asosiy vazifalari deb bilgan. Shu sababdan ularni gumanistlar deb atashadi. Yangi Uyg‘onish yoki Gumanizm madaniyati namoyandalari inson va uning yaratuvchilik dahosini tan olishga chaqirdi. Uyg‘onish atamasi esa (fransuzcha «Renessans») yangi madaniyatning antik davr bilan aloqadorligini ko‘rsatadi. Sharqqa salib yurishlari va undan keyingi Levant bilan savdo-madaniyat borasidagi doimiy aloqalar italiyaliklarning qadimgi yunon qo‘lyozmalari, antik san’at va me’morchilik yodgorliklari bilan tanishishiga imkon beradi.
Uyg‘onish madaniyati markazlari
Bu davrda Italiyada Florensiya alohida o‘rin tutadi. Savdodan kelgan daromad uni Yevropaning eng boy shaharlaridan biriga aylantiradi. Shahar hokimlari to‘plangan boyliklar hisobidan me’morchilik obidalarini bunyod ettirib, haykaltaroshlik va rassomchilikni yuksaltirgan. Eng mashhur rassomlar, haykaltaroshlar, me’morlar Florensiyadan bo‘lib, shahar-respublika hokimlari ularning barakali ijodi uchun sharoit yaratib bergan.

Florensiya.
Madaniyat markazlaridan yana biri Venetsiya edi. Shaharda kitob chop etish yuksalgan. Venetsiyada nashr qilingan antik davr mualliflari va gumanistlar asarlari butun Yevropada keng tarqalgan.
Ilk gumanizm
Ilk uyg‘onish va gumanizmning Yevropadagi dastlabki vakili shoir Franchesko Petrarka (1304–1374) bo‘lgan. O‘zining lirik she’riy to‘plamlari: «Qo‘shiqlar kitobi» va «She’riy maktublar»i bilan shoir yangi Yevropa madaniyati yaratilishi asoschilaridan biriga aylangan. Uning do‘stlari va davomchilari Bokachcho va Salyutatilar ijodi XV asr boshlarida Italiyada ilk gumanizm davrini yakunladi.

Franchesko Petrarka.
Kolyuchcho Salyutati (1331–1406) Florensiyada yashab yuqori davlat lavozimida ishlagan. O‘zining ko‘p sonli xatlari va nutqlarida Petrarka va Bokachchoning gumanistik g‘oyalarini yanada rivojlantirgan. Salyutati yuksak g‘oyali, o‘qimishli kishini tarbiyalashda ijtimoiy fanlar: filologiya, ritorika, tarix, pedagogika, etikaning o‘ta muhim ekanini ta’kidlagan.