Xitoy (IV-V asrlarda)




Xitoyning birlashishi

Xan quldorlik imperiyasi III asrda inqirozga uchrab, uning o‘rnida 3 ta mustaqil: Vey, Shu va U davlatlari vujudga keladi. Shu paytdan xitoyda yerga egalik munosabatlari shakllana boshlaydi.

VI asrning ikkinchi yarmida Turk xoqonligining hujumi xavfi xitoyning birlashuviga turtki bo‘lgan. Mamlakatni cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘lgan Suy sulolasi (589–618) vakili boshqargan. Uning ixtiyorida kuchli qo‘shindan tashqari ko‘p sonli sodiq amaldorlari ham bor edi. Mamlakatning markazlashuvi to‘rt asr davom etgan o‘zaro urushlarga chek qo‘yib, iqtisod va madaniyatning rivojlanishiga olib kelgan. Ekin maydonlari kengayib, aholi soni ko‘paygan, savdo-sotiq jonlanib, shaharlar yuksala boshlagan. Yangi hokimiyat soliqlarni tartiblashtirib, pul islohoti o‘tkazgan.

III asrda Xitoyda yer egaligi munosabatlari shakllana boshlaydi. Suy sulolasi (589–618) davrida Xitoyda markazlashuv nihoyasiga yetdi.

Mamlakat viloyatlari orasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, Xuanxe va Yanszi daryolari oralig‘idagi hududlarni savdo-sotiq munosabatlariga tortish maqsadida – Buyuk kanal quriladi. Bu tadbir mamlakat miqyosida yagona suv yo‘lining barpo etilishidan tashqari, sharqiy viloyatlarning dengizga chiqishiga sharoit yaratadi. Lekin Suy sulolasining boshqaruvi uzoq davom etmaydi.

Xitoyning shimoli-g‘arbidagi mahalliy hokimlardan biri Li Yuan 618-yilda taxtni egallab, Tan sulolasiga (618–907) asos soladi.


Yer egaligi munosabatlari

Tan imperiyasi boshqaruvi davrida Xitoydagi barcha yerlar davlatniki deb e’lon qilinadi. Mamlakatning barcha hududlarida dehqonlarga kichik-kichik yer maydonlari ijaraga beriladi. 624-yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, har bir xo‘jalik uy-hovlisi o‘rnidan tashqari 80 mugacha (1 mu – 6 sotix) haydaladigan yerni ijaraga olish huquqiga ega bo‘ladi.

Imperator Li Yuan.

Har bir xonadonga o‘z bog‘ida mevali daraxtlardan tashqari tut o‘stirish majburiy etib qo‘yiladi. Yangi qonunga binoan, dehqon o‘z hovlisi va tomorqasini sotishi, garovga qo‘yishi mumkin edi. Ammo davlat tomonidan ajratilgan yerni sotish taqiqlangan. Davlatdan olingan yer hisobiga dehqon turli soliqlar to‘lashdan tashqari, mehnat majburiyatini ham o‘tab bergan. Xususan, manbalarda Loyan Buyuk kanali qurilishiga 2 million, Buyuk Xitoy devorini qurish va ta’mirlashga 1 milliondan ortiq kishi jalb etilgani haqida yozilgan.

Imperator o‘z a’yonlari, lashkarboshilari, amaldorlari va zodagonlarga yirik yer maydonlarini taqdim etgan. Jumladan, ayrim a’yonlar mavqelari: unvon va lavozimlariga qarab 500 dan 10 ming mugacha yer bilan taqdirlangan. Manbalarda alohida xizmatlari uchun harbiy yoki amaldorga 300 dan 6 ming mugacha yer berilgani qayd etilgan. Imperator taqdim etgan yerlar soliqlardan ozod qilingan.


Shaharlar, hunarmandchilik va savdo

Xitoyda VI asrdanoq shaharlar birmuncha yuksaladi. Chegara hududlarida yangi shahar-qal’alar bunyod etila boshlaydi. Dengiz va daryo portlarida, xomashyo serob joylarda, savdohunarmandchilik yuksalib, yangi shaharlar vujudga keladi. Buyuk kanal hamda dengiz sohillari bo‘ylab, VII asrda Xanchjou, Kayfin, Yanchjou shaharlarining yuksalishi ham savdo-sotiq va hunarmandchilikning rivojlanishi bilan bog‘liq edi. Ushbu jarayon qonunlarni kuchaytirishni taqozo etib, Tan imperatorlari shaharlarda kechasi ko‘chaga chiqishni taqiqlaydi. Kechasi shahar darvozalari yopib qo‘yilgan; shahar devoridan oshib o‘tganlar 70 darra kaltaklanishi joriy etilgan.
Albatta, bu tadbirlar shaharlarda tinchlik-osoyishtalikni, mol-mulk daxlsizligini saqlashga qaratilgan edi.

VII-VIII asrlarda xitoyda tog‘-konchilik sohasi, chinni va sopol buyumlar ishlab chiqarish ham yuksalgan. Shahar hunarmandlari kasb uyushmalari (sexlar)ni tuzib, ma’lum kasbdagi hunarmandlar alohida ko‘cha va mavzelarda joylasha boshlagan.

Xitoyning markazlashuvi va iqtisodiy taraqqiyoti savdo-sotiqning ham yuksalishini ta’minlagan. Eng yirik bozor Yanchjouda bo‘lib, bu shahar suv va quruqlik savdo yo‘llari kesishgan joyda joylashgan edi. Ushbu davrda vujudga kelgan yarmarkalar ham ichki savdoning kengayishiga xizmat qilgan. Xitoyda VII asrdan yagona pul – syanning joriy etilishi ham iqtisodiy yuksalishga xizmat qilgan. Zarb qilingan tangalarning o‘rtasida to‘rtburchak teshigi bo‘lib, u pulni ipga tizishga mo‘ljallangan edi.

Tan sulolasi davridagi tanga.


Tashqi siyosat

Tan sulolasi hukmronligi davrida xitoy Turk xoqonligiga qarshi urushlar olib boradi. Imperator qo‘shinlari 640-yilda Buyuk Ipak yo‘li ustida joylashgan Gaochan davlatini mag‘lub etadi. Shundan so‘ng uyg‘urlarga qarshi uzoq yillar davom etgan urushlar boshlanadi. G‘arbiy Turk xoqonligiga qarshi 20 yildan ko‘proq davom etgan urushlar ham Xitoy qo‘shinlari g‘alabasi bilan tugaydi. Koreyaga qarshi 668-yilda boshlangan urush, uning poytaxti Pxenyanning olinishi bilan yakunlanadi.

VII-VIII asrlarda xitoy faol tashqi siyosat olib borib, Turk xoqonligi, arab xalifaligi, Vizantiya, Yaponiya va Hindiston bilan savdo diplomatik aloqalar o‘rnatadi.
Yangi Sun sulolasi davrida (960–1279) Xitoyning xalqaro aloqalari yanada kengayadi. O‘rta Osiyo, Hindiston, Hindixitoy, dengiz orqali Yaponiya va Indoneziya bilan savdo-sotiq qilina boshlaydi. Ilk o‘rta asrlarda Xitoyda Suy (589–618), Tan (618–907) sulolalari hukmronlik qilgan.