Slavyanlar va ularda davlatning tashkil topishi




Slavyanlar

Yozma manbalarda vizantiyalik tarixchilar tomonidan «slavyanlar» atamasi VI asrdan boshlab ishlatilgan. Lekin slavyan qabilalari yunon-rim tarixchilari asarlarida, germanlar bilan bir paytda, miloddan avvalgi II–I asrlarda tilga olinadi.

VI–VII asrlarga kelib, slavyanlar g‘arbda Elba daryosidan, sharqda Visla daryosiga qadar, shimolda Boltiq dengizidan, janubda Dunay daryosiga qadar cho‘zilgan hududlarda yashagan. Keyingi asrlarda ular uch guruhga: g‘arbiy, janubiy va sharqiy slavyanlarga bo‘lingan.

G‘arbiy slavyanlar – chexlar, polyaklar va slovaklar. Janubiy slavyanlar – bolgarlar, serblar, xorvatlar, slovenlar, chernogorlar, makedonlar va bosniyaliklar. Sharqiy slavyanlar – ruslar, ukrainlar, beloruslardan tashkil topgan.


Slavyanlarning mashg‘ulotlari

Slavyanlar qadimdan dehqonchilik bilan shug‘ullangan.

Sharqiy slavyanlar hayotidan.

Vizantiya tarixchisi Mavrikiyning yozishicha, dehqonlar boshoqli ekinlardan ko‘proq arpa va tariq ekishgan. Ular yig‘ilgan g‘allani alohida omborlarda saqlagan. Milodiy asr boshlaridan slavyanlar uy chorvachiligi va hunarmandchilik bilan ham shug‘ullana boshlagan. Visla, Dnepr, Dunay, Elba daryolari bo‘ylarida yashagan aholi xo‘jaligida baliqchilik ham muhim o‘rin tutgan.

Bulg‘orlar xoni Asparux.


Ijtimoiy tuzum va din

Slavyanlarning ijtimoiy tuzumi germanlarnikiga o‘xshash. Ular qabila va urug‘larga bo‘linib yashagan. Yozma manbalarda xalq yig‘inlari («veche»), knyazlar, harbiy drujinalari, slavyanlarning olib borgan urushlari haqida ma’lumotlar uchraydi.

Vizantiya tarixchilarining yozishicha, slavyanlar erksevar, jasur, jangovar bo‘lishi bilan birgalikda, tinchlikparvar, qo‘shnilariga nisbatan do‘stona munosabatga shay qabilalar bo‘lgan.

Knyaz Vatslav.

Slavyanlarning diniy tasavvurlari tabiat kuchlari va o‘z ajdodlari ruhlariga sig‘inish ko‘rinishida bo‘lgan. Aholi orasida jinlar, suv parilari va boshqa afsonaviy siymolarga e’tiqod ham saqlanib qolgan.


Slavyan davlatlarining tashkil topishi

Xalqlarning buyuk ko‘chishlari davrida Itil (Volga) daryosi havzasida yashagan turkiy bulg‘or qabilasi g‘arbga ko‘chib, hozirgi Bolqon yarimorolidagi Bolgariyaga borib joylashgan. Slavyanlar yashagan hududdagi ilk davlat Bolgariya podsholigidir. U Bolqon yarimorolida VII asrning oxirlarida tuzilgan. IX asr boshlariga kelib yirik davlatga aylanadi. Simeon davrida (893–927) u o‘z qudratining cho‘qqisiga erishadi. Shundan so‘ng, Bolgariya zaiflashib, keyinchalik qo‘shni Vizantiya tomonidan bosib olinadi.

Bolgariya podsholigi — Bolqon yarimorolida turkiyzabon bulg‘orlar xoni Asparux (643–701) tomonidan asos solingan davlat.


Chexiya davlati.

Mahalliy slavyan qabilalari Vltava daryosi havzasida yashagan chex qabilalariga bo‘ysungan (rivoyatlarga qaraganda, ularning qadimgi yo‘lboshchisini Chex deb nomlaganlar). Qabila ittifoqi tepasida Prjemislovichlar xonadonidan bo‘lgan knyazlar turgan. Ular tez-tez qo’llariga qurol olib o‘z yerlarini dushmanlardan himoya qilgan.

Knyaz Vatslav (920–935) yoshligidan xristian aqidalari bo‘yicha tarbiyalangan, keyinchalik bor kuchi bilan dinning Chexiyada yoyilishiga harakat qilgan. Lekin knyazning xristianlikka nisbatan bunday hurmat-ehtiromi ko‘pgina chexlarga xush kelmagan. Ayrim knyazlar fitnasi tufayli tug‘ishgan ukasi uni xoinona o‘ldirgan. Yillar o‘tib Vatslavni chexlarning milliy avliyosi, chex davlatining homiysi sifatida e’zozlay boshlashgan.

Chexiya davlati X asr boshlarida tashkil topdi.

Rim papasiga qarshi og‘ir kurashda unga yordam bergan chex knyaziga german imperatori XI asr oxirida qirol unvonini taqdim etgan. Chexiya qirollari german imperatorlari hokimiyatini rasman tan olsa-da, o‘z mamlakatlarida deyarli to‘la mustaqil bo‘lgan.


Polsha davlati

Gnezno atroflarida yashagan polyan slavyan qabilalari bo‘lajak Polsha davlatiga asos soladi. Keyinchalik ushbu qabilalar ittifoqi nomida vujudga kelgan knyazlik Polsha deb atalgan. Solnomachining yozishicha, knyazlikning afsonaviy asoschisi Piast ismli kambag‘al kishi bo‘lgan. Lekin hujjatlarda nomi qayd etilgan Piastlar sulolasining birinchi knyazi Meshko I dir. Knyaz Meshko X asr o‘rtalarida Visla daryosi havzasida polyak qabilalarini birlashtirib, Polsha davlatiga asos solgan.
U o‘z qoshini bilan xristianlikni qabul qilgan.

Meshko I.

Meshko I Polsha davlatiga X asrning o‘rtalarida asos solgan. Meshko I ning o‘g‘li Boleslav Jasur davrida polyak qabilalarini birlashtirish ishi tugallandi. U kuchli qo‘shin bilan Moraviya va Chexiyani bosib oladi. Qisqa muddatda Kiyevni ham egallaydi. Boleslav qo‘shinlari Polsha mustaqilligini saqlab qolish uchun german imperatorlariga qarshi kurash olib boradi. Boleslav Jasur bu urushda g‘olib chiqadi va o‘z mamlakati chegarasini kengaytirishga muvaffaq bo‘ladi.