Markazlashish omillari
Mo‘g‘ullar istilosi natijasida rus yerlari og‘ir talafot ko‘rgan bo‘lsa-da, iqtisodiy rivojlanish butunlay to‘xtab qolmaydi. Rus shaharlarida hunarmandchilik va savdo-sotiqning jonlanishi, turli viloyatlar orasidagi aloqalarning kuchayishi, qishloq xo‘jaligidagi siljishlar Rus yerlarining birlashishiga yordam beradi. Mamlakatning birlashishiga tashqi dushmanlarga, jumladan, Oltin O‘rda xonlariga qarshi kurash ham ta’sir etadi.
Rus yerlarining birlashuvi
XIV asrning boshlarida Vladimir knyazligining Tver va Moskva shaharlari rus yerlarining yangi markazlari sifatida yuksala boshlaydi. Oltin O‘rda xoni yorlig‘iga binoan Rus yerlaridan soliq yig‘ish masalasida Tver va Moskva knyazlari o‘rtasida jiddiy kurash ketadi va oqibatda, knyazlardan bir nechtasi mo‘g‘ullar qo‘lida o‘lim topadi. Bu kurash faqat knyaz Ivan Kalita (1325–1340) davrida uzil-kesil Moskva foydasiga hal bo‘ladi. Moskva knyazlari XIV asrning o‘rtalariga kelib ancha kuch to‘playdi. Bu kuch bilan Oltin O‘rdaga qarshi kurashish ham mumkin edi.
Rus knyazi Dmitriy Donskoy.
XIV asrning o‘rtasidan Oltin O‘rda ham siyosiy nizolar davriga kirib, u 20 yil davom etadi. Mo‘g‘ullarga qarshi kurashda Moskva knyazi Dmitriy Ivanovich 1378-yilda Voje daryosi bo‘yida dastlabki g‘alabaga erishadi. Don daryosi sohilidagi Kulikovo maydonida knyaz Dmitriy qo‘shinlari 1380-yilning sentyabrida Oltin O‘rda tumanboshisi Mamay boshchiligidagi qo‘shin ustidan yana bir g‘alaba qozonadi.
Bu g‘alaba sharafiga Moskva knyazi Donskoy faxriy nomini oladi. Ammo oradan ikki yil o‘tib To‘xtamishxon yana Moskva ustidan hukmronligini o‘rnatadi.
Sohibqiron Amir Temurning Otin O‘rda ustidan 1391-yilda Qunduzcha, 1395-yilda Tarak daryosi bo‘yida boʻlib oʻtgan janglardagi g‘alabalari rus yerlari va Sharqiy Yevropa xalqlarining mo‘g‘ullar zulmidan ozod etilishida hal qiluvchi omillardan bo‘ladi.
Knyaz Ivan III davrida 1480-yilda Moskva Oltin O‘rdaga boj-yasoq to‘lashdan bosh tortadi. Shu tariqa rus yerlarida uzoq vaqt davom etgan mo‘g‘ullar hukmronligi nihoyasiga yetadi.
Amir Temur haykali.