Osiyo mamlakatlarining madaniyati



Islom madaniyati va O‘rta Osiyo

Arab xalifaligi tomonidan istilo etilgan mamlakatlarda yangi – arab sivilizatsiyasi vujudga keldi. Uning paydo bo‘lishida islom dinining ahamiyati nihoyatda katta.
G‘arbiy Osiyoning qadimgi yuksak madaniyatli o‘lkalariga kelgan arablar dastlab yunonlar, yahudiylar, suriyaliklar, forslar, sug‘diylarga nisbatan qoloq edi. Ammo ushbu xalqlar madaniyatini o‘zlarida singdirib, yanada yuksakroq madaniyatning vujudga kelishiga sharoit yaratdi. Xususan, xalifa Horun ar-Rashid saroyida IX asr boshlarida «Bayt ul-hikma» – «Donishmandlik uyi» tashkil etiladi.

«Bayt ul-hikma».

Bu davrda aniq fanlar – matematika, astronomiya, geografiyaning taraqqiyoti kuzatilib, bu jarayon hunarmandchilik va savdoning yuksalishiga olib keladi.
Zamonlar o‘tib xalifalikda ixtiro qilingan globus va usturlob (astrolyabiya)dan barcha mamlakatlarda foydalana boshlanadi. Yevropa tibbiyoti esa XVII asrning o‘rtalariga qadar bilim va amaliy tavsiyalarni O‘rta Osiyoda yetishib chiqqan allomalar – Abu Ali ibn Sino va abu Bakr ar-Roziy asarlaridan olgan. Vatandoshimiz Muhammad Xorazmiy (IX asr) matematika tarixida birinchi bo‘lib algebra faniga asos soladi. Matematikada foydalana boshlangan hind raqamlari keyinchalik Yevropaga arab raqamlari nomi bilan tarqaladi. Bag‘dod va Damashqda rasadxonalar barpo etilib, ularda murakkab o‘lchovlardan foydalangan astronomlar yer sharining meridianini hisoblab chiqadi. Arab sayyohlari yevropaliklardan bir necha asr avval Hindiston va Xitoyda, Afrika va Sharqiy Yevropaning eng chekka hududlarida bo‘lib qaytadi. Al-Ma’sudiy, Ibn Dast, Ibn Fadlan, Ibn Battuta ushbu o‘lkalar haqida qiziqarli asarlar yozib, xaritalarini tuzadi.


Adabiyot

Musulmon adabiyoti dastlab arab tilida yaratiladi. Keyinchalik X asrga kelib u fors tiliga tarjima qilina boshlaydi. Musulmon she’riyati yuksak darajaga erishib, uning ko‘plab turlari shakllanadi. Savdogar va sayyohlar uzoq o‘lkalardan faqat g‘aroyib buyumlarnigina emas, ajoyib sarguzashtlar haqida hikoyalar, o‘zga xalqlar afsonalari, ertaklarini ham olib kelgan. Ular bu haqda xalifa saroyida, zodagonlar bazmlarida, bozor va ko‘cha-ko‘ylarda so‘zlab yurgan. Ushbu sarguzashtlar, afsona va ertaklar asosida arab adabiyotining ajoyib durdonasi «Ming bir kecha» yaratiladi.

Kordova masjidining naqshindor shifti (gumbazi).

Qohira. Hasan masjidi.


Me’morchilik

Xalifalikda san’atning barcha sohalariga nisbatan me’morchilik yuksak taraqqiy etgan. Xalifalik tarkibidagi mamlakatlarda muhtasham saroylar, masjid-u madrasalar, qal’alar bunyod etilgan. Granada (Ispaniya)dagi al-Hamro saroyi, Kordova (Ispaniya)dagi masjid, Qohiradagi Hasan masjidi, Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasi – arablar davri me’morchiligi durdonalari hisoblanadi.

Xalifalik madaniyati asosiy sohalaridan yana biri xattotlik – husnixat san’ati bo‘lgan. Xattotlar yozish uchun zarur bo‘lgan matn mazmuniga monand yozuvning turli uslublarini ixtiro qilgan. Qur’oni karimdan olingan oyatlar islom me’morchiligi durdonalari bo‘lgan binolarning ichki va tashqi tomonlarini bezashda keng qo‘llanilgan.

Sharq madaniyati Yevropa madaniyatining keyingi taraqqiyotiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatgan. Keyingi asrlarda yevropalik olimlar osiyo mamlakatlarining matematika, tibbiyot, astronomiya, kartografiya sohalaridagi yutuqlarini o‘zlashtirishgan.


San’at

Ma’lumki, islom dinida tirik jonzotlarni tasvirlash taqiqlangani haqidagi aqida keng tarqalgan. (Aslida esa xudoni tasvirlash, shuningdek, tasvirlangan narsalarga sig‘inish taqiqlangan). Musulmon tasviriy san’ati kitoblarni bezash sohasida o‘zining yuksak cho‘qqisiga erishadi. Kitoblarga ko‘p sonli odamlar va hayvonlarni tasvirlagan bezaklar tayyorlangan. Matn murakkab naqshlar bilan o‘rab olingan.
Lekin musulmonlar san’atining asosi tasvir emas, xattotlik, ya’ni chiroyli yozish san’ati bo‘lgan. Arab yozuvi Suriyada oromiylar yoki arab xristianlari ixtiro qilgan oromiy alifbosi asosida yaratilgan. U 28 ta harfdan iborat bo‘lib, arab yozuvi chapdan o‘ngga emas, o‘ngdan chapga tomon bitilgan. Agar xristianlar uchun eng muqaddas tasvir xochdagi xudo siymosi bo‘lsa, musulmonlar uni xudoning so‘zida tasvirlagan. So‘zni muqaddas deb bilishgan. Musulmonlarning xattotlikdagi muvaffaqiyatlari hayratlanarli. Xattotlar ko‘plab yozish usullarini ixtiro qilib, ulardan yozilayotgan matn mazmuniga qarab foydalanishgan. Xattotlik san’atining yuksalishiga Eron, Xuroson, Movarounnahr hududlarida yashagan aholi vakillarining qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lgan. Chunki ularning barchasi qaysi tilda so‘zlashmasin, arab yozuvidan foydalangan.


Turmush tarzi

Musulmonlar turmush madaniyati o‘zining nafisligi, yuksak didliligi bilan ajralib turgan. Ularning ayrim jihatlari keyinchalik yevropaliklar tomonidan qabul qilingan. Masalan, turli fasllarda mavsumga qarab kiyinish tartibi, bazmlarda taomlardan dastlab suyuq sho‘rvalar, so‘ng go‘shtli taomlar, undan keyin qush go‘shti va eng oxirida – shirinliklarni tortish tartibi joriy etilgan.

Rim va Vizantiya davridan Yaqin Sharqda aholining hammomlarda yuvinishga havasi katta bo‘lgan. Musulmonlar bu odatni o‘zlashtirib, o‘z hukmronliklarini o‘rnatgan barcha o‘lkalarga tarqatgan. Yirik shaharlarda yuzlab hammomlar qurilgan. Ular marmardan ishlangan, devorlari mozaika va naqshlar bilan bezatilgan. Musulmonlar tozalik va pokizalikka katta e’tibor qaratgan.


Hind madaniyati

Hind olimlari matematika, astronomiya, tibbiyot sohalarida katta yutuqlarga erishgan. Ayrim hind shaharlarida osmon jismlarini kuzatish uchun rasadxonalar qurilgan. Hind astronomlari tadqiqotlari ularga Yerning aylana shaklda ekanligi va o‘z o‘qi atrofida aylanishi faraziga kelish imkonini bergan. Tabiblar murakkab jarrohlik asboblari va og‘riqni bosadigan dori-darmonlar ko‘magida jarrohlik muolajalarini o‘tkazgan. Davolashda maxsus tayyorlangan suyuq va quyuq dorilardan foydalanilgan.

Hind me’morchiligi o‘zining rang-barangligi bilan ajralib turgan. O‘rta asrlarda qurilgan ko‘plab ibodatxonalar, saroylar hozirga qadar saqlanib qolgan. Hindistonda katta qoyatoshlar yoki g‘orlar ichida o‘yib ishlangan ibodatxonalar ham bo‘lgan. Ulardan eng mashhuri miloddan avvalgi II asrdan – milodiy VII asrga qadar g‘or ichida o‘yib ishlangan ajanta (Markaziy Hindiston) ibodatxonalari majmuasidir.

Ajanta ibodatxonasiga o‘yib ishlangan rasm.

Qadimgi me’morlar qoyalarga o‘yib ishlangan 29 ta xonadan iborat ibodatxonalarni turli haykallar, o‘yma naqshlar bilan bezashgan. Ibodatxonalarda ma’budlar, odamlar va hayvonlarning tosh va jezdan yasalgan ajoyib haykallari o‘rnatilgan.


Xitoy madaniyati

Eng qadimgi yozuvlardan birini ixtiro qilgan xitoyliklar, undan hozirga qadar foydalanib kelmoqda. Xitoyda tabiiy fanlar: matematika, astronomiyadan tashqari, geografiya, tarix fanlari yuksak rivojlangan. Xitoy imperatorlari saroyida VIII asrda olimlarning oliy yig‘inlari tashkil etilib, u keyinchalik Xanlin akademiyasi nomini olgan.

Xitoyliklar X asrda selitradan porox olishni kashf qilishgan. Dastlab mushakbozlikda ishlatilgan poroxdan keyinchalik harbiy maqsadlarda foydalana boshlangan.

Xitoyda tarixiy solnomalar tuzishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan Sun sulolasi davriga oid 500 jildlik solnomalar bizga qadar saqlanib qolgan.

Yirik shaharlarda maktablar tashkil etilib, ularda bo‘lajak amaldorlarni tayyorlashgan. O‘quvchilardan matematika, grammatikadan tashqari, falsafa va adabiyotni bilish talab etilgan. Xitoy me’morlari toshdan, yog‘ochdan, marmar va temirdan foydalanib, ajoyib saroylar, ibodatxonalar, minoralar va ko‘priklar bunyod etishgan. Xitoy rassomlari ipak, qog‘oz, yog‘och va toshda o‘zlarining ajoyib san’at asarlarini yaratgan. Rassomchilikning devoriy rasmlar chizish sohasi ayniqsa rivoj topgan. Pekinda VIII asrdan boshlab «Poytaxt axboroti» nomli gazeta chiqariladi. Unda imperator farmonlari va eng muhim voqealar yozilgan. Gazetani yog‘ochda o‘yib yozilgan matndan ko‘paytirishgan.

Tan sulolasi davrida tog‘da o‘yib ishlangan Budda haykali.

Xitoy tabiblari murakkab jarrohlik muolajalarini o‘tkazib, turli o‘simliklarning shifobaxsh xususiyatlarini aniqlab, ulardan dori-darmonlar tayyorlagan. Xitoyda dastlabki pantomima – imo teatri tashkil etilgan. Buddizmning tarqalishi nafaqat xitoyliklar hayotiga, balki ularning me’morchiligiga ham katta ta’sir ko‘rsatgan.
Musiqachi va qo‘shiqchi Ziryab IX asrda yashagan. U ko‘plab yangiliklar kiritgan.
Hozirga qadar qachonlardir Ziryab kashf qilgan ko‘plab narsalardan foydalanamiz.
U mavsumga qarab kiyim kiyishni joriy etgan. Yupqa shisha idish oltin va kumush idishga nisbatan qulay va nafis ekanini isbotlagan. Tantanalarda dasturxonga taom tortishning qat’iy tartibini belgilab bergan: dastlab suyuq taom (sho‘rva kabi), ortidan go‘shtli taom, so‘ng parranda go‘shti va nihoyasida shirinliklar tortilgan.